Begona o‘tlar biologik guruhlarining tavsifi:
Parazit begona o‘tlar. Barcha begona o‘tlar oziqlanish usuli, yashash davrining uzun-qisqaligi va ko‘payish usullariga qarab guruhlarga bo‘linadi. Ular oziqlanish usuliga ko‘ra parazit va noparazit begona o‘tlarga ajratiladi. Parazit begona o‘tlarning ildizi ham, chin bargi ham bo‘lmaydi, shuning uchun ular boshqa o‘simliklarning poyasi va ildiziga chirmashib olib, ular hisobiga oziqlanadi. Ular, asosan urug‘dan ko‘payadi. Parazit begona o‘tlar o‘z navbatida haqiqiy va yarim parazitlarga bo‘linadi.
Haqiqiy parazit begona o‘tlar. MDH davlatlari xududida haqiqiy parazit begona o‘tlarning 38 ta turi uchraydi. Ularning barchasi bir yillik o‘simliklar bo‘lib, ular hamma o‘t o‘simliklar, chala butalar, butalar, daraxtsimon o‘simliklar poyasi va ildizida parazitlik qiladi. Parazit begona o‘tlarning bargi va ildizi bo‘lmaydi. Zarpechakda yaxshi rivojlanmagan tangacha shaklidagi barglar uchraydi. Bu guruhga kiradigan parazitlar deyarli hamma vaqt boshqa o‘simliklarning shirasi hisobiga yashaydi. Tanasida xlorofill bo‘lmaganligi uchun barcha parazit o‘simliklarda yashil rang bo‘lmaydi. O‘simliklarga yopishib yashashiga qarab, ular poya va ildiz parazitlarga bo‘linadi.
Poya parazitlari.Parazitlarning bu kichik guruhga pechakguldoshlar (Cuscutaceae) oilasiga kiradigan zarpechaklarning barcha turi kiradi. O‘zbekistonda madaniy ekinlar orasida zarpechakning 7 xil turi uchraydi. Ular karantin begona o‘tlar hisoblanib, o‘z navbatida ingichka poyali va yo‘g‘on poyali zarpechaklarga bo‘linadi.
Ildiz parazitlari.Ularga shumg‘iyalarning barcha turi kiradi. Shumg‘iyaning 140 ga yaqin turi subtropik va mo‘tadil iqlimli mintaqalarda tarqalgan bo‘lib, ulardan eng zararlisi quyidagilardir: shoxlagan nasha va tamaki shumg‘iyasi (Orobanche ramosa L.); kungaboqar shumg‘iyasi (O. Cumana Waeyer); misr shumg‘iyasi (O. aeyptica); mutel shumg‘iyasi (O. muteli); beda shumg‘iyasi, ya’ni sariq
shumg‘iya (O. lutea). O‘zbekistonda kungaboqar va misr shumg‘iyasi ko‘proq uchraydi.