Taqsimot zichligi funktsiyasining maksimum nuqtasi 14% daromadlilikka to’g’ri kelishini va kutilgan qiymat (20%) bilan ustma-ust tushmasligini payqash qiyin emas. Bunday hollarda tahlil jarayonida faqat ikki parametrdan (o’rtacha va standart og’ish) foydalanish noto’g’ri xulosaga olib kelishi mumkin. Standart og’ish aralash taqsimotlarda riskni nomuvofiq tasviflaydi, chunki bunda o’zgaruvchanlikning salmoqli qismi kutilgan daromadlilikning «yaxshi» (o’ng) yoki «yomon» (chap) tomoniga to’g’ri kelishiga oid fakt inkor etiladi.
Asimmetrik taqsimot ko’pincha o’rtacha qiymat va standart og’ishdan tashqari boshqa qo’shimcha parametrlarni, xususan, asimmetriya koeffitsientini bilishni ham taqozo etadi.
Ayrim xulosalarni keltiramiz.
Risk odam uchun muhim ahamiyatga ega noaniqlikni o’zida aks ettiradi. Risklarni boshqarish – bu riskni kamaytirishdan foyda va buning uchun zarur sarfxarajatlar o’rtasida balansga erishishga yo’naltirilgan murosa yo’lini ishlab chiqish, shuningdek, buning uchun qanday choralar ko’rish lozimligi haqida qarorlarni ko’rib chiqish jarayonidir.
Odamlar duch keladigan risklarning barcha turlari ularning iste’molchi sifatidagi xatti-harakatlari tufayli yuzaga keladi; korporatsiyalar faoliyatiga muayyan tarzda ta’sir qiluvchi shaxslar; soliq to’lovchilar.
Aktivlar yoki moliyaviy bitimlarning risklilik darajasini boshqa omillar ta’siridan ajratilgan holda baholash mumkin emas, chunki u mutanosib tahlil doirasiga bog’liq bo’ladi. Ayrim hollarda muayyan aktivlar xaridi yoki sotuvi uning egasi riskka uchrash ehtimolini oshirib yuborsa, boshqa hollarda xuddi shunday harakatlar risk kamayishiga olib keladi.
Spekulyantlar – bu sa’y-harakatlari o’z kapitalini ko’paytirishga yo’naltirilgan investorlar bo’lib, bu jarayon riskning muayyan turlari bilan birga kechadi. Ularning aksi sifatida xejerlar o’z riskini kamaytirishga harakat qiladi. Ayni bir odam bir holatda spekulyant, boshqa holatda – xejer sifatida namoyon bo’lishi mumkin.
Sug’urtalar, investitsiyalar kabi turli resurslarni taqsimlash haqida ko’plab qarorlar va boshqa har xil turdagi moliyaviy qarorlar ko’pincha risk sharoitida qabul qilinadi, shuning uchun ularni ham riskni boshqarish sohasiga kiritsak bo’ladi.
Masalan, uy xo’jaligi a’zolari duch keladigan risk turlarini beshta asosiy toifaga ajratish mumkin: kasallik, mehnat qobiliyatini yo’qotish, o’lim; ishni yo’qotish; uzoq foydalanish uchun mo’ljallangan iste’mol tovarlari xaridi bilan bog’liq risk; fuqaroviy javobgarlik bilan bog’liq risk; moliyaviy aktivlarga investitsiyalar bilan bog’liq risk.
Kompaniyalar ham riskning bir qancha turlariga duch keladi: ishlab chiqarish bilan bog’liq risk; kompaniya mahsulotlari narxining o’zgarishi bilan bog’liq narx riski, xomashyo va butlovchi qismlar narxidagi o’zgarishlar bilan bog’liq narx riski.