Matnni hoshiyalash tillarini web sahifadagi yo`l harakati belgilariga o`xshatish mumkin. Ularni yana musiqachi uchun nota belgilari, deb qarash mumkin. Hoshiyalash tillari web sahifani ekranda qanday boshqarish va ekranda ko`rsatish farmoyishlari to`plamidir. Bu farmoyishlar teglar (tag – nishon, etiketka, degan ma'noni anglatadi) deb ataladi va matn ko`rinishida bo`lgan web sahifaga joylanadi.
Teglarda alohida fayllarda joylashgan grafik tasvirlarga murojaatlar ham bo`lishi mumkin. Bunday teglar web brauzerga shu tasvirlarni chaqirish va web sahifada aks ettirish kerakligini bildiradilar. Teglar yordamida web sahifaga gipermurojaatlar ham kiritiladi. Bu gipermurojaatlarni faollashtirganda, foydalanuvchi bu teglarda ko`rsatilgan yangi web sahifa va resurslarga o`tadilar yoki boshqa fayllarni web brauzerga yuklab oladilar. Shunday qilib, web sahifa hoshiyalash tilida tasvirlangan va har qanday web brauzer ekranda aks ettira oladigan teglar to`plamidir.
Web sahifada aks etishi kerak bo`lgan va boshqa matn muharrirlarida tayyorlangan xujjat tarkibida sarlavha, paragraflar, ro`yxatlar, turli shaklda formatlangan matn bo`ladi. Bu matnni web brauzer tushunmaydi, chunki u hali hoshiyalash tillari yordamida hoshiyalanmagan va shu sababli u web brauzerda bo`sh joy kabi aks etadi. Bu matnni web brauzer to`g`ri tasvirlashi uchun unga mos teglarni qo`yib chiqish kerak. Bu esa HTML tili yordamida amalga oshiriladi. HTML – butun olam to`rining ishchi tili. Uni barcha web brauzerlar tushunadi, uni barcha qurilmalar qo`llab quvvatlaydi, ya'ni u bilan ishlay oladi.
Hoshiyalash tillari dasturlash tillaridan tubdan farq qiladi. Dasturlash tillari yordamida murakkab ilovalar, masalan matn yoki rasm muharriri yaratish mumkin. Hoshiyalash tillari ularga nisbatan birmuncha sodda bo`lib, ma'lumotni qanday tasvirlash uchun ishlatadi. Masalan, hoshiyalash tili yordamida, matndagi belgilarni qalin yoki qiyshiq qilib aks ettirish mumkin. Hoshiyalash tillarida uning farmoyishlari, ya'ni teglari, xujjat ichida, u aks ettirishi kerak bo`lgan matn bilan birga joylashadi.