Web sahifa va web saytlarga xizmat ko`rsatish uchun mezbon kompyuterlar va serverlarda ishlatish uchun server dasturiy ta'minoti kerak bo`ladi. Web saytlar va bu saytlarni yaratish, boshqarish uchun mo`ljallangan dasturiy ta'minot mezbon kompyuterda joylashgan bo`ladi, mezbon kompyuterlar bog`lanish protokollarini boshqaradi. Mezbon kompyuterlar Unix, Windows yoki Macintosh kabi turli operatsion tizim ostida ishlaydilar. Bu operatsion tizimlarning hammasi tarkibiga TCP/IP protokolini qo`llab-quvvatlovchi dasturiy vositalar kiradi.
Server dasturiy ta'minoti serverlarda joylashgan bo`lib, klient kompyuteridagi web brauzer talablariga ko`ra so`ralgan web sahifalarga xizmat ko`rsatadi va boshqa amallarni bajaradi. Server dasturiy ta'minoti TCP/IP bog`lanishlar uchun javob bermaydi. Buni serverdagi operatsion tizim bajaradi. Lekin server dasturiy ta'minoti operatsion tizim yordamida HTTP bog`lanishlar va talablarini qo`lga kiritadi va ularni qayta ishlaydi.
Server dasturiy ta'minotining har xil turlari, masalan ma'lumotlar ombori serveri, FTP serveri, tarmoq serverlari mavjud. Xususan, web server HTTP serverining bir turi bo`lib, uning vazifasiga klient kompyuterlariga HTTP protokoli yordamida turli ma'lumotlarni jo`natish kiradi.
Odatda, klient kompyuteridagi web brauzer serverga HTML xujjatni jo`natish kabi talablarni qo`yadi. Server bunday talablarni olgach, unga javob beradi. Bu javobning boshida uzatish haqida ma'lumot, qolgan qismi HTML fayldan iborat bo`ladi.
Albatta, web serverlar sahifalarni web brauzerga uzatishdan boshqa ishlarni ham qiladi. U web sahifadagi CGI stsenariylarini mos CGI ilovalariga uzatadi. Bu stsenariylar tashqi mini-dasturlarni ishga tushiradi. Zarurat bo`lganda, bu dasturlar ishining natijalarini web server orqaga web brauzerga qaytaradi. Bulardan tashqari, web serverlar tarkibiga konfiguratsiya fayllari va utilitlar kiradi, ular web saytlarni turli usullarda himoya qilish va boshqarish imkonini beradilar.