Boshlang`ich ta`lim yo`nalishi 2 kurs sirtqi bo`lim talabalari u
SB va so’z. So’z bir tushunchani ifodalaydi. Sbda esa birdan ortiq tushuncha munosabatga kirishgan holda nutqda voqelanadi. So’z asosida leksema va morfema hamda ularning birikuv qonuniyatlari yotsa, Sbga esa leksemalar hamda ularning birikuvlarini tartibga soluvchi LSQ asos bo’ladi. Aytilganidek, so’zda tushuncha, ma‘no keng va mavhum bo’ladi. So’z birikmasida esa bu kenglik va mavhumlik bir qadar barham topgan bo’ladi. Masalan: qiziq kitob birikmasida kitobning bir belgisi namoyon bo’lgan. Shu jihatdan u muayyanlik kasb etgan. Ammo bu muayyanlik nisbiy va biryoqlamadir. Chunki, masalan, uning badiiy yoki ilmiyligi hanuz mavhum va noaniqdir. Qiziq badiiy kitob birikmasida bu belgi ham muayyanlik kasb etadi. So’z birikmasida so’z boshqa so’zlarni o’ziga biriktirib kengayishi bilan ma‘noviy jihatdan torayib boradi. Demak, shakliy kengayish ma‘noviy torayishni keltirib chiqarsa (so’z birikmasida), shakliy torlik (so’zda) ma‘noviy kenglik bilan munosibdir.
SВdagi tushunchalar o’zaro munosabatga kirishar ekan, bunda ular yaxlitlanib, bir «vujud»ga aylanib ketmaydi. Ular bir-biriga qancha yaqinlashmasin, baribir o’z mustaqilliklarini saqlab qoladi. Masalan, toza havo birikmasida bir tushuncha ikkinchisiga muayyanlik kiritish uchungina xizmat qiladi, lekin, baribir, bunda ikki tushuncha mavjud. Ikki tushuncha orasidagi munosabat ma‘lum bir me‘yor chizig’idan o’tsa, ular yaxlit tushunchaga aylanadilar va bir butun holda yangi ma‘no anglatadilar. Masalan, belbog’ so’zi dastlab belning bog’i birikuvi shaklida bo’lib, bunda ikki tushuncha munosabati (hokim-tobeligi) mavjud. Biroq bu munosabat ularning yaxlitlanishi darajasiga yetmagan. (belbog’) so’zida esa munosabatning me‘yor chizig’idan keyingi holatiga duch kelamiz.
So’zlarning alohida ko’rinishi bo’lgan qo’shma so’zlar aslida so’z birikmalari uzvlarining yaxlitlanishi - so’z birikmasining ma‘noviy taraqqiyoti mahsulidir.
SB va ibora. SB a‘zolari tobe munosabatli mustaqil so’zlar bo’lsa, iboralar ham mustaqil so’zlar birikuvidan tashkil topsa-da, ular orasida sintaktik aloqa so’ngan, bu so’zlar o’zaro yaxlitlanib, o’zida tayyorlik, majburiylik, barqarorlik kabi belgilarni tashiydigan lisoniy birliklar qatoridan joy olgan. Iboralar tashkil etuvchilari (zohiriy) jihatidan SB ga o’xshasa-da, mohiyatan leksemalarga yaqinlashadi. Zero, tarvuzi qo’ltig’idan tushdi iborasi bilan bo’shashmoq so’zining ma‘noviy mohiyati yaqindir. Leksemalar ajdodlardan avlodlarga buzilmasdan yuborilganligi kabi iboralar ham yaxlit holda keyingi avlodga uzatiladi. So’z birikmasi esa vaqtinchalik va o’zgaruvchandir. So’z birikmasini tashkil etgan so’zlar nutqda o’z mustaqil ma‘nolari bilan qatnashgani holda iboralarning tarkibidagi so’zlar o’zlarining xos ma‘nolaridan judo bo’lgandir (tarvuzi qo’ltig’idan tushdi iborasida tarvuz, qo’ltiq, tushmoq so’zlari o’zlarining xos ma‘nolariga ega emas).