1.2O’qish va yozuv darslarining turlari.
O’zbek tili yozuvi tovush yozuvi, ya’ni fonematik yozuvdir. Har bir tovush uchun, har bir fonema uchun maxsus grafik shakl (harf) olingan. O’qishda grafik ahakllar tovushga aylantirilsa, yozuvda aksincha, tovushlar harflarga aylantiriladi.
O’zbek tilining tovush tizimi va yozuvi. O’zbek tili yozuvi fonematik yozuv hisoblanadi. 1993 yildan boshlab o’zbek tili yozuvi uchun lotin grafikasi asos qilib olindi. Nutqning har bir tovushi uchun unga mos grafik shakl qabul qilindi.
O’qituvchi savod o’rgatish jarayonida o’quvchilarni tovush va harflar bilan tanishtirishda, ularni sintezlab o’qishga o’rgatishda o’zbek tilining fonetik xususiyatlarini hisobga olishi zarur.
Savod o’rgatish analitik-sintetik tovush metodiga asosan olib boriladi. So’z bo’g’inga bo’linadi, bo’g’indan kerakli o’rganilayotgan tovush ajratilib olinadi, rahlil qilinadi, o’rganiladigan harf bilan sintezlanadi, shu asosda harf va butun o’qish jarayoni o’zlashtiriladi. Bunda o’zbek tili grafik tizimi, tovushlarni yozuvda belgilash xususiyatlari hisobga olinadi. Savod o’rgatishda o’zbek tili grafik tizimining quyidagi xususiyatlarini hisobga olish muhim ahamiyatga ega.
Tutuq belgisi (’) unli tovushdan so’ng kelsa, uni cho’zib talaffuz qilishga, undosh tovushdan so’ng kelsa, undoshni unlidan ajratib talaffuz qilishga xizmat qilishi haqida ham tushunchalar berilib, asta-sekin uni qo’llashga doir ko’nikma va malakalar shakllantiriladi.
O’qishning dactlabki bosqichida orfografik o’qishdan foydalaniladi, asta-sekin
orfoepik o’qish ko’nikmalari shakllantiriladi. Talaffuzi yozilishiga mos kelmaydigan tovushlar ishtirok etgan so’zlar oldin orfografik, so’ngra orfoepik o’qib beriladi va ularning o’qilishi bilan yozilishi taqqoslanadi. O’quvchilar muayyan darajada tushunchaga ega bo’lganlaridan so’ng orfoepik o’qish mashq qilinadi.
O’qish va yozish jarayonining psixofiziologik tavsifi. O’qish ham, yozish ham murakkab nutq faoliyati hisoblanadi. Bu jarayonlar kichik yoshdagi o’quvchidan iroda, aql, hatto jismoniy harakatni ham talab qiladi.
Savod o’rgatish jarayonidagi darslar quyidagi belgilariga ko’ra farqlanadi:
Ta’limning predmetiga ko’ra:
“Alifbe” darsligi asosidagi o’qish darslari;
“Yozuv daftari” asosidagi yozuv darslari.
Ta’limning davri va bosqichlariga ko’ra:
Alifbogacha bo’lgan davrdagi darslar;
Alifboni o’rganish jarayonidagi darslar.
Darsda yangi mavzu o’tilishi va o’tilmasligiga ko’ra:
Yangi tovush-harf o’rganiladigan o’qish darslari;
Yangi harfni yozish darslari;
v) yangi tovush-harf o’rganilmaydigan darslar.
Bulardan tashqari, umumlashtiruvchi va takrorlash darslari hamda savod o’rgatish davrining oxirida “Alifbe” bayrami o’tkaziladi.
Savod o’rgatish davrida o’quvchilar bilimi dars jarayonida barcha ishlarga bog’lab aniqlanadi, bog’lanishli nutqni o’stirish ham o’qish va yozuv darslariga uzviy bog’lanib ketadi. O’quvchilarning sinfdan tashqari o’qishlariga rahbarlik qilishlariga haftada bir marta 20 daqiqa ajratiladi.
Savod o’rgatish darslarida ish turlarini almashtirib turish, vaqti-vaqti bilan dam
olish daqiqalari o’tkazish zarur. Bu o’quvchilar toliqishining oldini oladi.
Darslar tizimi deyilganda o’quv vaqtini mavzularga nazariy va amaliy jihatdan
rejali taqsimlangan, darslarning mantiqiyligi va istiqboli bir-biri bog’langan, dars turlari va unda o’qituvchi bilan o’quvchilar foydalanadigan asosiy metodik vositalar xilma-xil bo’lgan izchillik nazarda tutiladi.
Savod o’rgatish davridagi darslarda ham interfaol usullar qo’llaniladigan darslardan foydalanish katta ahamiyatga ega.
Oz komplektli maktablarda savod o’rgatishni tashkil etishda o’qituvchi bir vaqtning o’zida ikki yoki uch sinf bilan ishlaydi, ya’ni bir vaqtning o’zida bir necha sinf o’quvchilari bilan ish olib boradi. Bunday sinflarda dars jadvali integrallashtirilgan bo’lishi kerak va darslar 30 daqiqagacha qisqartirilishi mumkin.
Savod o’rgatish davridagi yozuv darslarini boshqa sinflarda olib boriladigan matematika, tabiatshunoslik va ba’zan o’qish darslari bilan birga olib borish maqsadga muvofiqdir.
Oz komplektli maktablarda o’quvchilarning mustaqil ishlariga alohida ahamiyat beriladi, chunki o’qituvchi ikki sinf yoki uch sinf bilan ishlaganda, bir sinf bilan
alohida ishlay olmaydi: u bir sinf bilan ishlashi uchun qolgan sinflarga mustaqil ish topshirib, ularni band qilishga majbur. Shuning uchun maxsus mustaqil ishlar tizimi shlab chiqilishi zarur. Oz komplektli maktablarda savod o’rgatish davrida mustaqil ishlarni muvaffaqiyatli uyushtirish uchun “Alifbe”ga qo’shimcha, ishni jonlantiradigan didaktik tarqatma materiallar muhim ahamiyatga ega. Mustaqil ish savod o’rgatish jarayonida o’qituvchining rahbarlik qilishini talab etadi: o’qituvchi aniq vazifa topshiradi, uni qanday bajarishni yaxshilab tushuntiradi, o’quvchi bajargan ishni sinfning o’zida tekshiradi. Boshqa sinflar bilan ishlash jarayonida ham u 1-sinf o’quvchilarining mustaqil ishni qanday bajarayotganini kuzatib boradi.
Savod o’rgatish jarayonida bajariladigan mustaqil ishlarga turli predmetlar shaklini chizish, bir xil oraliqni mo’ljallab nuqtalar qo’yish, yotiq to’g’ri chiziqlar chizish, ayrim harflar elementlarini yozish, rasmga qarab savollarga javob berishga tayyorlanish, rasmga qarab gap tuzish kabi mashqlarni kiritish mumkin.
Alifbo davrida esa harf terish kartoni va abak yordamida turli xil analitiksintetik ishlarni uyushtirish, rasm asosida suhbat, ovoz chiqarib yoki ichda o’qish, qayta hikoya qilishga tayyorlanish, berilgan bo’g’inlar yordamida so’zlar tuzish, gaplarni to’ldirish, o’qilgan matnga oid rasm chizish, namuna asosida yozish, tushirib qoldirilgan harf yoki so’zni o’rniga qo’yib yozish, berilgan predmetlarni ma’lum belgisiga ko’ra guruhlash va umumlashtirish kabi mashqlarni qo’llash, bu jarayonda texnika vositalaridan unumli foydalanish zarur. Mustaqil ish sifatida tarqatma materialda berilgan so’zni o’qish, unli va undosh harf tagiga chizish, so’zni bo’g’inlarga ajratish kabi mashqlarning berilishi o’qituvchiga juda qo’l keladi.
Oz komplektli maktablarda texnika vositalaridan foydalanish ham katta ahamiyat kasb etadi.
Komplekt sinflarni to’g’ri taqsimlash va birlashtirish, dars va mustaqil ishlarni mohirlik bilan uyushtirish va rejalashtirish, didaktik materiallardan, ko’rgazmali vositalardan unumli foydalanish yo’li bilan oz komplektli sinf o’quvchilarining bilimlarni puxta o’zlashtirishlariga erishish mumkin.
Maktabda o’qitish elementar o’qish va yozishga o’rgatishdan boshlanadi. “Alifbe”ga asoslangan holda qisqa vaqt ichida o’quvchilar o’qish va yozishga o’rgatiladi, ya’ni o’qish va yozish ko’nikmasini egallaydilar.
Savod o’rgatish davrida o’qish va yozish harakatini maqsadga muvofiq ravishda
bajara olish o’qish va yozish ko’nikmasi deyiladi. Bu ko’nikma bilimni talab qiladi, chunki har qanday ko’nikma bilimsiz shakllanmaydi. Bilim ko’nikmaga aylanmagan bo’lishi mumkin. Masalan, bola v harfining elementlarini, yozuv chiziqlari orasiga qanday joylashtirilishini bilib, uni daftarda yoza olmasligi yoki o’quvchi harflarni tanib, ularni o’qiy olmasligi mumkin. Yozish ko’nikmasini hosil qilish uchun boshqa faoliyat turlari, ya’ni yozish jarayonida partada to’g’ri o’tirish, barmoqlar orasida tutish, daftarni qiyalikda qo’yish kabilar ham o’rgatiladi.
O’qish va yozish ko’nikmasi takomillashtirila borib, malakaga aylantiriladi. malakaning shakllanishi uchun bir faoliyat bir necha bora takrorlanishi lozim. Yozish malakasida o’quvchi ruchkani qanday ushlash, qanday yurgizish haqida o’ylab o’tirmay, so’z va gaplarni yoza boshlaydi. Demak, o’qish va yozish malakasi harakatning o’ylab o’tirmay amalga oshirilish jarayonidir. Malaka o’qitishning keyingi bosqichlarida mustahkamlanib, avtomatlashish darajasiga yetkaziladi. O’qish va yozish malakasi biri ikkinchisining muvaffaqiyatli amalga oshuvini ta’minlaydi. Shuning uchun ham o’qishga o’rgatish bilan yozuvga o’rgatish parallel olib boriladi va bu faoliyat muntazam ravishda mashq qildiriladi. SHunday ekan, savod o’rgatish jarayonida bola juda ko’p o’qishi va yozishi zarur.
Dostları ilə paylaş: |