Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boj tarifi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Import boji xalqaro shartnomalarga muvofiq belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi savdo-iqtisodiy aloqalarda eng ko‘p qulaylik berish tartibini qo‘llayotgan mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar uchun undiriladigan import boji stavkalarining eng kam yoki eng ko‘p miqdori qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarda eng ko‘p qulaylik berish tartibi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoki qaysi mamlakatda ishlab chiqarilganligi aniqlanmagan tovarlar uchun undiriladigan import bojining stavkalari ikki baravar oshiriladi, ushbu Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tarif preferentsiyalari beriladigan hollar bundan mustasno.
Mavsumiy bojlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanib, tovarlar olib kirish va olib chiqishni tezkor tartibga solish uchun qo‘llaniladi. Bunda boj tarifida nazarda tutilgan boj stavkalari qo‘llanilmaydi.Mavsumiy bojlar ular belgilangan vaqtdan e’tiboran olti oydan ortiq amal qilishi mumkin emas.
Maxsus bojlar, basharti, o‘xshash yoki bevosita raqobat qiluvchi tovarlar bojxona hududiga O‘zbekiston Respublikasidagi tovar ishlab chiqaruvchilarga ziyon yetkazadigan yoki ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan miqdorda va shartlarda olib kirilayotgan bo‘lsa, himoya chorasi sifatida, shuningdek boshqa davlatlar tomonidan qilinayotgan O‘zbekiston Respublikasining huquqlarini cheklovchi va manfaatlarini kamsituvchi boshqa harakatlarga javob chorasi sifatida qo‘llaniladi.