Kolorimetrlar. Kolorimetrlarning eng oddiysi to’kma kolorimetrdir. Bu kolorimetr bir xildagi darajalarga bo’lingan ikki tsilindrdan iborat bo’lib, maxsus shtativ va sut rang tusli shisha ekran ustiga joylashtiriladi. Tsilindrlarga jo’mraklar qilingan: jo’mrakni ochib, tsilindrdagi suyuqlikni to’kish mumkin. Tsilindrlardan biriga standart eritma, ikkinchisiga esa sinaladigan eritma solinadi; qaysi eritmaning rangi quyuqroq bo’lsa, uning bir qismi tsilindr jo’mragi tagiga qoyilgan quruq stakanga, ikala tsilindr tepasidan qarab turib, asta – sekin to’kib boriladi. Ikkala eritma ranglari birdek bo’lib ko’rinishi bilanoq, eritma to’kish to’xtatiladi. Bundan keyin tsilindr bo’linmalariga qarab, standart va sinaladigan eritmalarning balandliklari o’lchanadi; (4) formuladan foydalanib, sinaladigan eritma kontsentratsiyasi hisoblab topiladi. Kata aniqlik hosil qilish uchun tajriba bir necha marta takrorlanadi va har qaysi eritma uchun topilgan natijalardan o’rtacha qiymat olinadi. hst va hsin. larning anna shu tariqa topilgan o’rtacha qiymatlaridan foydalanib, Ssin. hisoblab chiqariladi.
Eng ko’p kolorimetr botirma kolorimetrdir.
Ko’zgu (1) ga tushgan yorug’lik tepaga qaytib, 2 va 2 a stakanchalardagi standart va sinaladigan eritmalardan o’tadi. So’ngra u yorug’lik yaxlit shisha (yoki ikki uchi suyuqlantirib berkitilgan ichi bo’sh shisha) tsilindrlar (3 va 3 a) ga keladi; 4 va 4 a prizmalarda yorug’lik ikki marta qaytib, linzalar (5) orqali kishi ko’ziga tushadi. Odam trubaning okulyari (6) orqali qaraganda diametr vositasida o’rtasidan ikki qismga bo’lingan aylanani ko’radi. Aylananing bir qismiga standart eritmadan o’tgan nurlar, ikkinchisiga esa sinaladigan eritmadan o’tgan nurlar tushadi. Kolorimetrda shunday moslama borligi ranglarni bir – biri bilan solishtirib ko’rishni ancha osonlashtiradi va eritmalardan biri qavatining balandligi o’zgartirilganda ranglarning tenglashish paytini aniqroq bilib olishga imkon beradi. Bu yerda eritma qavatining balandligini o’zgartirish uchun asbobning orqa tomoniga o’rnatilgan kremalera (7 yoki 7 a) yordami bilan tegishli eritma solingan stakanchani balandga ko’tarish yoki pastga tushirish kerak bo’ladi. Bu bilan 3 yoki 3 a tsilindrning eritmaga botirilish chuqurligi, binobarin, eritmaning yorug’lik nurlari o’tadigan ustuni balandligi o’zgaradi.
Ikala eritmadagi ustunlarning balandliklari (hst va hsin) asbobning orqa tomonidagi kesiklar boylab joylashgan (millilitrlarga bo’lingan) shkalalar yordamida o’lchanadi. Bu kesiklarga darajalarga bo’lingan ikkita kichkina chizg’ich — noniuslar kremaleralar yordami bilan harakatga keltiriladi; noniuslardan foydalanib, millimetrning o’ndan bir qismlariga qadar o’lchash mumkin. Noniuslar stakancha (2 va 2 a) o’rnatilgan taglikka ulangan; kremalera bilan birga stakanchalar ham harakat qiladi.
Nonius yordami bilan o’lchashda nonius (2) ning nol bo’lmasi shkala (1) ning qaysi bo’lmasidan o’tganiga qaraladi; shunga qarab, eritma ustuni balandligining butun millimetrlari yozib olinadi. Millimetrning o’ndan bir qismlarini topish uchun noniusning qaysi bo’lmasi shkaladagi qaysi bo’lmaga to’g’ri kelishi aniqlanadi. Agar, noniusning nol bo’lmasi shkaladagi 42 – bo’lma bilan 43 – bo’lma orasiga, 7 – bo’lmasi esa shkalaning biror bo’lmasiga to’g’ri kelgan bo’lsa, u holda eritma ustunining balandligi 42.7 mm ga teng bo’ladi.
Kolorimetr yordami bilan aniqlashda eritma solingan stakanchalardan birini shunday o’rnatish kerakki, shisha tsilindr (3 yoki 3 a) eritma balandligining yarmigacha botsin. Shundan keyin, tegishli kremalerani harakatlantirib, ikkinchi stakancha shunday balandlikka keltiriladiki, bu balandlikda truba okulyari orqali qaralganda yorug’ aylananing ikkala qismi birdek bo’lib ko’rinadi. Bunga erishilgandan keyin, standart va sinaladigan eritma qavatlarining balandliklari yozib olinib, sinaladigan eritmaning kontsentratsiyasi (4) formula asosida hisoblab topiladi.
Kolorimetr bilan ishlashda 3 va 3 a tsilindrlarning yaxshi silliqlangan, yorug’lik o’tadigan pastki yuzalari tirnalmasligi kerak, chunki ularning shikastlanishi kolorimetrni ishdan chiqaradi. Bu yuzalar, ko’pincha, stakanchalarga eritma to’ldirish uchun ularni kolorimetrdan ehtiyotsizlik bilan olish paytlarida shikastlanadi. Shuning uchun kolorimetr bilan ishlaydigan har bir kishi, stakancha kremalera yordami bilan eng past nuqtaga tushirib bo’lingandan keyingina kolorimetrdan olinishi kerak, degan qoidaga rioya qilishi lozim.
3 va 3 a tsilindrlar stakanchalardagi eritmalarga tushirilganda suyuqlikning toshib ketishiga ham yo’l qoymaslik kerak. Suyuqlikning toshib ketishiga yo’l qoymaslik uchun quyidagicha ishlash mumkin. Stakanchalar kremaleralar yordami bilan eng yuqori nuqtagacha ko’tarib qoyiladi va ularga yuvgichdan distillangan suv solib to’ldiriladi. So’ngra stakanchalar eng past nuqtagacha tushirilib, har qaysi stakancha ustiga uning ichidagi suyuqlik balandligi qalam bilan belgilab qoyiladi.
Keyin stakanchalarga standart va sinaladigan eritmalar anna shu belgilarigacha qoyiladi. Kolorimetr bilan ishlovchi kishining ko’zlari charchagan bo’lsa, zo’rma – zo’raki tikilib ishlash yaramaydi, chunki charchagan ko’z bir necha kuzatishdan keyin rang intensivliklari orasidagi kichik farqlarni seza olmay qoladi. Shuning uchun kolorimetrik kuzatishlarni nisbatan qorong’u uyda olib borib, har 20 sekundda ko’zga 30 – 40 sekund dam berish kerak. Kuzatishlarni galma – galdan: dam o’ng ko’z, dam chap ko’z bilan o’tkazish ham mumkin.
Kolorimetr bilan ishlashning eng muhim afzalliklaridan biri kuzatishlarni takror o’tkazishning osonligidir; biz kuzatishlarni takrorlash bilan ayrim kuzatishlarda yuz berishi mumkin bo’lgan tasodifiy xatolardan qutilamiz. Shuning uchun kolorimetr yordami bilan o’tkaziladigan aniqlashda standart va sinaladigan eritmalarning ranglarini tenglashtirish ishini albatta bir necha marta takrorlash kerak. Kolorimetrlar optik sistemasining kamchiliklari ta‘sirini yoki ikala eritma birdek yoritilmaganligi tufayli kelib chiqadigan xatolarni bartaraf qilish maqsadida, bir necha kuzatish o’tkazilgandan keyin, eritma solingan stakanchalar o’rni almashtirilib, kuzatish yana takrorlanadi.
Tenglashtirish metodi bilan bajariladigan aniqlash ishlari Lambert – Beer qonunidan kelib chiqadigan (4) formulaga asoslanganligidan tegishli rangdor modda Lambert – Beer qonuniga yetarli darajada boyso’nsagina, bu metoddan foydalanish mumkin.