Qarshi kurashish tadbirlari. Xo‘jalikda (ferma, aholi punkti, poda, suruv) qo‘y-echki, tuya va parrandalar orasida chechak laboratoriyaviy aniqlangan taqdirda tuman (shahar) bosh veterinariya vrachi dalolatnomasi asosida hokimiyat qarori bilan ushbu hudud ushbu kasallik bo‘yicha nosog‘lom deb e’lon qilinadi va unga karantin o‘rnatiladi. Kasallik sigir, ot, cho‘chqalar va boshqa hayvonlarda chiqsa, xo‘jalikka cheklov qo‘yiladi.
Fermadagi barcha tur chechakka moyil hayvonlar klinik tekshiriladi, kasal va gumonli hayvonlar ajratiladi va davolanadi. Karantin talablariga muvofiq fermaga keladigan hamma yo‘llar to‘silib, mol keltirish va chiqarish taqiqlanadi. Begona odamlarning fermalarga kirib-chiqishiga chek qo‘yiladi. Mollarning joylarini o‘zgartirish man etiladi.
Kasallik chiqqan fermalarda har 3 – 4 kunda joriy dezinfeksiya o‘tkaziladi. Buning uchun asosan 2 – 3 % li ishqorli eritmalar, 2% li formalin, 20% li faol xlorli ohak eritmasi qo‘llaniladi. Majburiy so‘yilgan mollarni go‘shti veterinariya vrachi ruxsati bilan iste’mol qilinadi. Sog‘ilgan sut xo‘jalikda qayta ishlovdan o‘tkaziladi. SHilib olingan terilar esa 3% li karbol eritmasi yoki 2,5% kreolinda zararsizlantiriladi.
Klinik sog‘lom qo‘y-echkilar boshqa binoga yoki yaylovga ajratiladi va vaksinatsiya qilinadi. Binolar 2-3% li o‘yuvchi natriy bilan dezinfeksiya qilinadi. Qo‘y-echki, tuyalarning o‘lgan jasadlari terisi va juni bilan kuydiriladi. Nosog‘lom suruv suti 850 C da pasterizatsiya yoki 5 min qaynatilib xo‘jalikda ishlatiladi. Xavfli hudud xo‘jaliklaridagi qo‘y-echki, tuyalar chechakka qarshi profilaktik emlanadi.
Fermadan karantin kasallik chiqishi tugagandan va tuzalgandan 20 kun keyin, barcha umumiy va maxsus sog‘lomlashtirish tadbirlari hamda yakuniy dezinfeksiya o‘tkazilgandan so‘ng olinadi.
Sigir, ot, cho‘chqa va boshqa hayvonlarda kasallik aniqlansa, agar keng tarqalish xavfi bo‘lsagina atrofdagi xo‘jaliklarda emlash o‘tkaziladi. Sigirlarda ham 20 kundan , cho‘chqalarda 14 kundan keyin barcha qo‘llanmada ko‘rsatilgandek tadbirlar o‘tkazilgandan so‘ng cheklov olinadi.
Parranda fermalarida diagnoz aniqlangach, kasallar so‘yiladi, go‘shti qaynatilgandan keyin ishlatiladi. Parrandalar yoshidan qat’iy nazar fermadan chiqarilmaydi. Tuxumi faqat yeyish uchun ishlatiladi. Agar kasallikning keng tarqalish xavfi bo‘lsa, kasallar guruhi so‘yiladi, shartli sog‘lomlari vaksinatsiya qilinadi. Xavfli hududdagi shaxsiy parrandalar emlanadi. Dezinfeksiya uchun 4% li o‘yuvchi natriy, formaldegid aerozol holda, 20% li so‘ndirilgan ohak qo‘llaniladi. Go‘ngi biotermik zararsizlantiriladi.
Xo‘jalikdan karantin kasallik yo‘qotilgandan 2 oy keyin yakuniy dezinfeksiya o‘tkazilib olinadi. Xo‘jalikdan jo‘ja va tovuqlar karantin olingandan 6 oy keyin chiqarilishi mumkin.
Nazorat savollari: 1.Qo‘zg‘atuvchisining xususiyatlari?
2.Kasallikning patogenezi ?
3.Klinik belgilari ?
4.Epizootologiyasi ?
5.Diagnostikasining o‘ziga xos xususiyatlari ?