Mehnatga haq to‘lashda ishning sifatini, ishlab chiqarish normalarini bajarilishini hisobga olish va ish haqi hisoblashning ma’lum tartibini belgilash zarur. Demak, korxonada mehnatga haq to‘lashni tashkil etish bir-biriga bog‘liq bo‘lgan uchta elementlar bilan aniqlanadi: tarif tizimi, mehnatni normalashtirish va mehnatga haq to‘lash shakllari. Sifat jihatidan mehnat tarif tizimi bilan baholanadi, sarflangan mehnat miqdori normalashtirish bilan hisobga olinadi, ish haqini hisoblash tartibi esa mehnatga haq to‘lash shakllari bilan aniqlanadi.
Ishchilar mehnatiga haq to‘lashda tarif setkasi asos bo‘lib hisoblanadi. Tarif setkasi ishlovchilarning malakasi, mehnatga haq to‘lash shakli va mazkur sohaning xalq xo‘jaligidagi ahamiyatini inobatga olgan holda tuziladi. Tarif tizimiga quydagilar kiritiladi:
bir soat yoki bir kunlik mehnatiga to‘lanadigan haq miqdorini belgilovchi tarif stavkasi;
haq to‘lashda ish va ishchilarning (malakasi) turli razradlari orasidagi munosabatlarini ko‘rsatuvchi tarif setkasi;
tarif-malakaviy ma’lumotnoma. Uning yordamida tarif setkasiga binoan ish va ishchining razradi aniqlanadi.
Oddiy ishlar 1-razradli ishchining tarif stavkasi bilan to‘lanadi. Mehnat malakasi darajasiga, ya’ni belgilangan tarif razryadi va tarif koeffitsentiga, qarab qolgan razradlarning tarif stavkalari bu razraddan ortiq bo‘ladi. Tarif razradi har bir ishlab chiqarish operatsiyasiga, har bir ish turiga tayinlanadi, shuning uchun ish bajarish normalarini hisobga olgan holda, ishbay ish haqini hisoblab topishda tarif stavkasidan foydalaniladi.
Mehnatga haq to‘lash shakli, mukofotlar, qo‘shimcha haqlar, rag‘batlantirish to‘lovlari, kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishilgan holda, ish beruvchi
tomonidan qabul qilinadigan jamoa shartnomasi bilan belgilanadi. Davlatning tarif stavkalari va okladlari korxonada ishchilarning malakasiga, kasbiga, ular tomonidan bajariladigan ishlar sharoitining murakkabligiga qarab baza sifatida foydalanilishi mumkin.
2010 yil 1 yanvardan boshlab byudjetdan moliyalashtiriladigan muassasasalar, tashkilotlar va korxonalarning xodimlari mehnatiga haq to‘lash O‘zR VMning 2009 yil 21 iyuldagi 206-sonli qarori bilan tasdiqlangan YAgona tarif setkasi (YATS)ga asosan amalga oshiriladi. U o‘z ichiga 22 tarif razryadini oladi va tarif koeffitsentlari orqali turli xil razryaddagi ish va ishchilar (malaka) o‘rtasidagi mehnatga haq to‘lash nisbatini namoyon etadi (8.1 -jadvalga qarang).
8.1-jadval.