Inson huquq va erkinliklarning cheklanishi qanday hollarda amalga
oshiriladi?
Har qanday huquqiy demokratik davlatda inson huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat deb
tan olinar ekan, konstitutsiyalarida eng muhim qoidalar sifatida belgilanadi. Bu sohada
xalqaro hujjatlarda umume’tirof etilgan tamoyil va standartlar mavjud.
Xususan, 1948 yili qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi,
1966 yili qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi, Iqtisodiy, ijtimoiy va
siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlarda inson huquqlari va erkinliklari va ularni
muayyan holatlarda cheklash bo‘yicha ham qoidalar aks ettirilgan.
Ushbu qoidalar qonuniylik, maqsadga muvofiqlik va zaruriyat tamoyillaridan kelib chiqib
qo‘llanadi. Xususan, qonuniylik tamoyili insonning huquqlari va erkinliklarini faqat
qonuniy asosda cheklash mumkinligini bildirsa, maqsadga muvofiqlik tamoyili bo‘yicha
cheklashda xalqning roziligini ifodalaydi. Davlatning shaxsning huquqlari, erkinliklari va
manfaatlariga aralashuvi zaruriyat tamoyili asosida amalga oshiriladi. Bunda shaxsga
yetkaziladigan zarar o‘rnini qoplash masalasi diqqat-markazida bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida shaxsning huquq va erkinliklari davlat
tomonidan kafolatlanishi va himoya qilinishi belgilangan bo‘lsa ham, Asosiy qonunning
o‘zi hamda qonunchilik hujjatlarida inson huquq va erkinliklarini cheklashga oid qoidalar
mavjud.
Bu nima uchun kerak va qanday tarzda amalga oshiriladi?
Birinchidan, boshqa shaxslarning huquqlariga zarar yetkazmaslik uchun cheklovlar
o‘rnatish. Masalan, qarzdorga nisbatan sud va boshqa organlarning hujjatlariga asosan ijro
ishi yuritish jarayonida ushbu organlar tomonidan belgilangan cheklovlar. Xususan,
O‘zbekiston Respublikasidan chiqishiga vaqtincha cheklov joriy qilinishi yoki davlat
ijrochi tomonidan qarzdorning hisob-varag‘ida saqlanayotgan pul mablag‘larini xatlanishi
uning o‘z hisob-varag‘idan foydalana olmasligi shular jumlasidandir.
Ikkinchidan, shaxs tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik yoki jinoyi qilmishi uchun jazo
sifatida belgilash. Bu cheklashlar sud qarori yohud hukmi asosida amalga oshiriladi.
Xususan, shaxsni ma’muriy qamoqqa olish, O‘zbekiston Respublikasi hududidan
ma’muriy tarzda chiqarib yuborish (chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga
nisbatan qo‘llaniladi), muayyan huquqdan mahrum qilish (masalan, avtotransport
vositasini haydash huquqidan yoki ma’lum sohada (lavozimda) ishlashdan vaqtincha
mahrum qilish cheklash), ozodlikdan cheklash yoki mahrum qilish bilan bog‘liq jazolar
shular jumlasidandir.
Uchinchidan, davlat xavfsizligi va jamoat tartibotini saqlash maqsadida qo‘llaniladigan
cheklovlar. Xususan, pandemiya e’lon qilingan davrda karantin joriy etilishi munosabati
bilan shaxslarning erkin harakatlanishining cheklanishi yoki favqulodda vaziyat joriy
qilingan hududlarda ma’lum vaqt doirasida ayrim harakatlarning cheklanishi shular
jumlasidandir.
Muhokama jarayonida bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga
o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasida inson
huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat sifatida tan olinishi, doirasining keng qilib
belgilanishi konstitutsiyaviy qoidalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi, O‘zbekistonning
inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini to‘liq bajarilishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, insonlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va
jamiyat hamda boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid bo‘lmasligini
ta’minlash uchun Asosiy qonunimizda insonning huquq va erkinligi faqat qonun bilan
cheklanishini belgilash maqsadga muvofiq.
|