3.Dehqonchilikning asosiy qonunlari. Har qanday dehqonchilik tizimining umumnazariy asoslari dehqonchilik qonunlari hisoblanadi. Ulardan bilgan holda foydalanish barcha dehqonchilik tizimlarida yuqori agrotexnikaviy va iqtisodiy samradorlikni ta’minlaydi.
Umumiy biologiya va dehqonchilikda muhim ahamiyatga ega bo’lgan qonunlardan biri yashil o’simliklarning avtotroflik qonunidir. Bu qonun o’zida fotosintez va o’simliklarning mineral oziqlanish nazariyalarini birlashtiradi, ma’lumki fotosintez faqat yorug’likda sodir bo’ladi.
Yashil o’simliklar quyosh energiyasidan foydalanib, havodagi karbonat angidridni, tuproqdan suv va mineral birikmalarini o’zlashtirib, yuqori hosildorlikni ta’minlaydigan o’simlikning o’sishi va rivojlanishi uchun zarur bo’lgan organik moddalarni sintezlab beradi. Bu esa qonunning asosiy mohiyatidir. Shu sababli hosil yetishtirishda asosiy vositalardan biri ekinzorlarda optimal barg sathini shakllantirishidir. O’simlik barg yuzasining optimal sathi quyosh energiyasidan foydalanish darajasini oshiradi. Bu esa turli xil birikmalarni sintezlanishi jarayonini tezlashtiradi. O’simliklar jadal rivojlanishi uchun tuproqdan uzluksiz va yetarli miqdorda suv, yengil o’zlashtiradigan shakldagi oziqa moddalarni bo’lishi va ularni ildiz tizimi orqali olib turishda to’sqinliklar bo’lmasligi katta ahamiyatga egadir.
O’simlik hayot omillarining teng ahamiyatliligi va almashtirib bo’lmaslik qonuni.Bu qonunni birinchi marta V.R. Vilyams bayon etgan. O’simliklarning har bir hayot omillari o’rtasidagi o’zaro munosabatlar uzoq vaqt maboynida o’rganildi. Lekin tajribada yoki ishlab chiqarish sharoitda biror bir omilni boshqa bir omil bilan almashtirishga urinish ijobiy natija bermadi. Natijada dehqonchilikning, ya’ni o’simliklar hayot omillarining almashtirib bo’lmaslik qonuni aniqlandi. Bu qonunga ko’ra, o’simlik hayot omillarining hyech biri, boshqa biron bir omil bilan almashtirilmaydi, chunki har bir omil o’simlik hayotida ma’lum bir funksiyani bajaradi.
Lekin hamma omillar (yorug’lik, issiqlik, havo, suv va oziq elementlari) o’simliklar hayotida to’la ma’noda teng ahamiyatlidir, ya’ni omillar orasida asosiysi va ikkilamchisi yo’q. Shunday bo’lmaganda edi ishlab chiqarishda ikkilamchi hayot omillarini chetlab o’tib, faqat birlamchilariga e’tiborni kuchaytirgan bo’lar edik. Bu qonunning ta’siri hisobga olinmaganligi uchun o’simliklarning hosildorligini oshirishga qilingan urinishlarning hammasi ijobiy natija bermadi. O’simliklarining u yoki bu hayot omillariga ehtiyoji qanchaligidan qat’iy nazar, ular o’simlik uchun bir xil zarur. Masalan, o’simlikni hatto biron bir mikroelementga bo’lgan ozgina talabi qondirilmasa, unda sodir bo’ladigan normal fiziologik jarayonlar hamda o’sishi va rivojlanishi buziladi.
Dehqonchilikda omillarning teng ahamiyatliligini o’simlikning unga bo’lgan ehtiyojini ta’minlashda bir xil sharoit bo’lmaganligi uchun nisbiy harakter kasb etadi. Masalan, turli xil tuproq – iqlim sharoitida yetishtirilayetgan ekinlar mavjud omillarni har xil nisbatda bo’lishini taqoza etadi.