Protestantizm – XVI- asrdagi Reformatsiya natijasida rim-katolik cherkovidan ajralib chiqqan lyuteranlik, kalvinizm kabi xristian diniy ta’limotlarining umumiy nomi. Protestantlar deb dastlab Shpeyerda (1529) chiqarilgan german imperiyasi seymi a’zolarining reformatsiya harakatiga qarshi kurash haqidagi ko’pchilikning qaroriga qarshi norozilik bilan chiqqan (protest) ozchilik qilgan qismini atashardi. Protestantlar Ausburgdagi (1530) royxatga Martin Lyuter tomonidan tuzib chiqilgan yangi diniy ta’limot asosini taqdim etdilar. Keyinroq umuman, Reformatsiya tarafdorlarining hammasi protestantlar deb ataladigan bo’ldi.
Germaniyada protestantizm mamlakatning ayniqsa shimolida va sharqidagi yirik knyazlarning yer-mulklarida hamda janubiy-german shaharlarida keng tarqaldi. Gabsburglar yerlari, Reyn boylab ruhoniy knyaz mulklari hamda Bavariya katolikligicha qoldi. Germaniya tashqarisida asosan Skandinaviyada lyuteranlik formasida yoyildi. Angliya va Shotlandiyada yepiskop boshchiligidagi cherkov (anglikan cherkovi)tarafdorlari va ularning negizidan kelib chiqqan metodistlar deb ataladigan va anglo-shotland kalvinizmining boshqa yo’nalishlari hisoblangan presviterianlar va independentlarni ham protestantizmga kiritish mumkin.
Shvetsariyada, Fransiyada va Polshada Svingli va Kalvin tarafdorlari yoki reformatorlar (Fransiyada gugenotlar deb atalar edi ) ham protestantlar deb hisoblangan. AQSh, Angliya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda XVI-XVII asrlarda Protestantizm negizida vujudga kelgan baptistlar, menonitlar, kvakerlar va shunga o’xshash juda ko’p sektalar mavjuddir.
Puritanlar – Angliyada XVI asrning II – yarmida maydonga kelgan va Anglikan cherkovini katolitsizm qoldiqlaridan tozalashni (yepiskopchilikni yo’q qilish va uni o’rnini saylab qoyiladigan oqsoqol (starshina) presviterlar bilan almashtirilishini, cherkov rasm-rusumlarining oddiylashtirilishini yoki butunlay yo’q qilib yuborilishini) o’z oldiga maqsad qilib qoygan diniy harakatning qatnashchilari.
Rekonkista –VIII- XV asrlarda Pireney yarim oroli xalqlarining arablar va berberlar tomonidan bosib olingan (keyinroq mavrlar degan umum nom olgan) hududlarini qayta tortib olishi.
Reformatsiya – keng, katolik cherkoviga qarshi kurash shaklini olgan, feodallarga qarshi xarakterga ega bo’lgan to’qnashuvchilarning tarkibi jihatidan murakkab bo’lgan ijtimoiy-siyosiy va g’oyaviy harakat, XVI asrda G’arbiy va Markaziy Yevropaning ko’pchilik mamlakatlariga yoyildi.Reformatsiyani keltirib chiqargan sabablar G’arbiy Yevropada feodal ishlab chiqarish usulining yemirilishi va feodalizm zaminida yangi kapitalistik munosabatlar hamda yangi sinflarning vujudga kelishi va bunday sharoitlarda ijtimoiy qarama-qarshiliklarning keskinlashib ketganligi bilan bog’liq edi.