8-modda. Taʼlim tizimi va din Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim tizimi dindan ajratilgandir.
Taʼlim tizimining oʻquv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga (bundan diniy taʼlim muassasalari mustasno) yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining dunyoviy taʼlim olish huquqi, ularning dinga boʻlgan munosabatidan qatʼi nazar, taʼminlanadi.
Har kim diniy taʼlim muassasalarida professional diniy taʼlim olish huquqiga ega.
Diniy taʼlim muassasalarida oʻqishga fuqarolar qonunchilikka muvofiq umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim yoki professional taʼlim olganidan keyin qabul qilinadi.
Diniy professional taʼlim olgan shaxslar diniy taʼlim muassasalarida diniy fanlarni oʻqitish faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga egadir.
9-modda. Diniy rasm-rusumlar va marosimlar Diniy rasm-rusumlar va marosimlar diniy tashkilotlar joylashgan joyda, shu jumladan ibodat qilinadigan binolarda hamda ularga tegishli hududlarda, dafn etish joylarida, ziyoratgohlarda, diniy zaruriyat boʻlgan taqdirda fuqarolarning xohishiga koʻra ularning uylarida oʻtkaziladi.
Kasalxonalarda, gospitallarda, internat muassasalarida, dastlabki qamoq va jazoni oʻtash joylarida, ichki ishlar organlarining reabilitatsiya markazlarida diniy rasm-rusumlar va marosimlar qonunchilikda belgilangan tartibda, shu joylardagi fuqarolarning iltimoslariga koʻra oʻtkazilishi mumkin.
Ibodat qilinadigan binolardan tashqaridagi ommaviy diniy rasm-rusumlar va marosimlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Diniy tashkilotlar dinga eʼtiqod qiluvchilardan majburiy pul yigʻimlari va toʻlovlar undirishga, shuningdek ularga nisbatan shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi choralarni qoʻllashga haqli emas.
10-modda. Diniy mazmundagi materiallar, ularni tayyorlash, olib kirish va tarqatish Diniy mazmundagi materiallar diniy taʼlimotning aqidaviy asoslarini, tarixini, diniy taʼlimot mafkurasini va sharhlarni, turli diniy taʼlimotlarning marosimlar oʻtkazish amaliyotini, shuningdek alohida shaxslarning, tarixiy faktlar va hodisalarning diniy nuqtayi nazardan bahosini aks ettiruvchi kitoblar, risolalar, jurnallar, gazetalar, varaqalar, boshqa bosma nashrlar, belgilar, predmetlar, ramzlar, audiovizual asarlar (tele-, kino- va videofilmlar, kliplar, konsert dasturlarining yozuvlari, multfilmlar va boshqalar), elektron axborot tashuvchilardan (disketlar, CD, DVD disklari, oʻrnatilgan va yechib olinadigan xotira kartalari, Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtirilgan materiallar va boshqalar) iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish jamiyatda konfessiyalararo totuvlik hamda diniy bagʻrikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zoʻravonlik va boshboshdoqlikka chorlaydigan gʻoyalar hamda qarashlar tarqalishining oldini olish maqsadida dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.
Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.