17-modda. Diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun talab qilinadigan hujjatlar Diniy tashkilotni tashkil etish boʻyicha taʼsis yigʻilishi (konferensiyasi) oʻtkazilgan kundan eʼtiboran olti oy ichida uni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi elektron murojaat roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yuboriladi.
Markaziy boshqaruv organini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning elektron koʻchirma nusxalari ilova qilinadi:
taʼsis yigʻilishining (konferensiyasining) markaziy boshqaruv organini tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va boshqaruv organlarini saylash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan qarorining;
markaziy boshqaruv organining davlat tilidagi ustavining;
joylashgan yeridan diniy tashkilotning pochta manzili sifatida foydalanilishi moʻljallanayotgan koʻchmas mulkka egalik qilish yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatning;
markaziy boshqaruv organining taʼsischilari va uning rahbar organi aʼzolari toʻgʻrisidagi hujjatlarning;
markaziy boshqaruv organining rahbarida diniy professional maʼlumot mavjudligini tasdiqlovchi hujjatning, bundan taʼlimoti diniy professional taʼlim tizimini nazarda tutmaydigan konfessiyalar mustasno;
vakolatli organ xulosasining.
Diniy taʼlim muassasasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning elektron koʻchirma nusxalari ilova qilinadi:
markaziy boshqaruv organining diniy taʼlim muassasasini tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash (tayinlash) boʻyicha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan qarorining;
diniy taʼlim muassasasining davlat tilidagi ustavining;
diniy taʼlim muassasasining rahbar organi aʼzolari toʻgʻrisidagi hujjatlarning;
vakolatli organ xulosasining.
Mahalliy diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning elektron koʻchirma nusxalari ilova qilinadi:
mahalliy diniy tashkilotni oʻz tashabbusiga koʻra tuzayotgan, oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, ellik nafardan kam boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari imzolarini oʻz ichiga olgan hujjatning;
taʼsis yigʻilishining mahalliy diniy tashkilotni tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan qarorining;
mahalliy diniy tashkilotning davlat tilidagi ustavining;
mahalliy diniy tashkilotni tashkil etish tashabbuskorlari toʻgʻrisidagi va uning rahbar organi aʼzolari haqidagi hujjatlarning;
mahalliy diniy tashkilotning rahbarida diniy professional maʼlumot mavjudligi toʻgʻrisidagi hujjatning, bundan taʼlimoti diniy professional taʼlim tizimini nazarda tutmaydigan konfessiyalar mustasno;
vakolatli organ xulosasining;
mahalliy diniy tashkilotning pochta manzili sifatida foydalanilishi moʻljallanayotgan koʻchmas mulkning shaharsozlik normalari talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosalar ilova qilingan holda mahalliy ijroiya hokimiyati organi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari) xulosasining.