4-reja bayoni:Moturidiylik va ashʼariylik maktablari. Abu Mansur Moturiydiy hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanafaning (699-767 y.) ta’limotiga suyangan holda o‘ziga xos kalom maktabini yaratdi. Lekin Moturidiy vafotidan keyin Movarounnahrda mazkur maktabning mavqei ma’lum darajada susaya boshladi. Shuning uchun Moturidiydan keyin Movarounnahrda uning ta’limotini to‘g‘ri talqin qilib keng targ‘ib qiladigan hamda asossiz fikr va tanqidlardan uni himoya qila oladigan bir guruh olimlarga zarurat sezila boshlagan edi.
Manbalarda yozilishicha, Abu Mansur Moturidiy asli Samarqandning Moturid (Moturit) qishlog‘ida tug‘ilgan, to‘liq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiydir. U Abu Bakr Juzjoniydan hanafiy fiqhini, an’anaviy islom mezonlari va uni atroflicha qamrab olish, izchil tahlil qilish, aqlan fikr yuritib, ilohiyot borasida munozaralar olib borishni esa Abu Nasr Iyodiydan o‘rganadi.
Yevropa va Turkiya olimlari tomonidan kalom ilmi tarixiga oid ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilgan bo‘lsada, Markaziy Osiyo hududida ushbu soha bo‘yicha hali yetarli ishlar amalga oshirilgani yo‘q edi. Birinchidan 2000 yilda Ulrix Rudolfning Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosiga oid tadqiqoti rus va o‘zbek tiliga tarjima qilingani [19] ushbu sohada o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning faoliyati rivojiga turtki bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchidan 2000 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1130 yilligi O’zbekistonda keng nishonlanishi unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. Unga qadar O’zbekistonda madrasa mudarisslari, madrasalarda tahsil olgan katta ulamolar, hatto masjid imomlari Moturidiy shaxsi haqida biron bir ma’lumotga ega emas ekanliklari bilinib qoldi. Lekin shuni alohida ta’kidlab o‘tish darkorki, ular Moturidiylik e’tiqodini “Imom A’zam e’tiqodi” yoki “ahli sunna val jamoa e’tiqodi” sifatida bilar edilar.
Abu Mansur Moturidiyning hayoti Samarqandda ilohiyot ilmi rivojining keyingi davriga to‘g‘ri keladi. Bu paytda shaharda bir necha e’tiborli mutakallimlar guruhi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular orasida donishmandlar (hukamo) guruhiga mansub Abulqosim Hakim Samarqandiy ijodiga qiziqish katta edi. Ikkinchi guruhda Abu Bakr Juzjoniy maktabi namoyandalari – Abu Abdulloh ibn Abu Bakr Juzjoniy, Abu Mansur Moturidiy, Abulhasan Rustufag‘niy, Abu Salama Samarqandiylar bor edi. Uchinchi guruhni esa iyodiylar sulolasi vakillari – Abu Nasr Iyodiy, uning farzandlari Abu Ahmad va Abu Bakr Iyodiylar tashkil etardi. Bu guruhlar o‘rtasidagi bahslar turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ldi va bu kalom ilmi rivojiga ijobiy ta’sir etdi.
Ma’lumki, kalom ilmida mutakallimlar mavqeini belgilashda ularning ijtimoiy-siyosiy masalalardagi qarashlari muhim o‘rin tutgan. Hakimlar davlat bilan hamkorlikni rad etmay, uning vakillari bilan birga faoliyat ko‘rsatganlar. Masalan, Abulqosim Hakim Samarqandiyning “Kitob as-savod al-a’zam” asari somoniylar taklifi asosida yozilgan va bu kitobdan o‘sha davrda Movarounnahrda asosiy qo‘llanma sifatida foydalanilgan.
Gap shundaki, islomga yangi o‘tgan mintaqa-larda ya’ni Movarounnahrda ilohiyot borasida turli masalalar vujudga keldiki, bu juda keskin tus oldi. Chunki mazkur hududdagi turk yoki sug‘d uchun islom ahkomlari va talablariga javob berishga tayyor emas edi. Bu esa oxir oqibatda bir qator isyonlarga ham olib keldi. Bularning barchasi Movarounnahrda kelgusida mustaqil ilohiyot an’analari vujudga kelishi uchun yetarli zamin tayyorladiki, natijada nisbatan ko‘p sonli diniy muhit yuzaga keldi.
Mana shunday sharoitda uning ta’limoti bilan batafsil tanishib, bu ta’limotning mazmun-mohiyatini teran anglagan izdoshlari, nasafiylar sulolasidan va boshqa sulolalardan yetishib chiqqan yirik mutakallim Abu-l-Yusur Pazdaviy (vaf. 1099 y.), Abu-l-Muin Nasafiy (vaf. 1114 y.), Saffor Buxoriy (vaf. 1134 y.), Abu Xafs Najimiddin Umar Nasafiy (vaf. 1142 y.), Ali ibn ‘Usmon O’shiy (vaf. 1173 y.), Sabuniy Buxoriy (vaf. 1184 y.), Umar Hanafiy (vaf. 1200 y.)lar Imom Moturidiy ta’limotini davom ettirib, uni yanada rivojlantirishdi.
Movarounnahr kalom maktabini shakllani-shida va taraqqiy ettirishda Samarqand ilmiy muhitini ham alohida o‘rni bor. Ushbu kalom maktabining taraqqiyotini uch davrga bo‘lib o‘rganish mumkin.
1) Moturidiygacha bo‘lgan davri (IX).
2) Moturidiy va uning safdoshlari davri (X).
3) Qayta tiklanish davri (XI-XII).
Birinchi davrda yuksak martabali va nufuzli hanafiya olimlarining xizmatlari katta bo‘ldi. Dastlabkilaridan, hanafiylar orasida mashhur bo‘lgan “Kitob al-‘alim va-l-muta‘allim” (“Ustoz va shogird kitobi”) asarining muallifi Abu Muqotil Samarqandiy (vaf. 823 y.) nomi tilga olinadi. Uning asari hanafiya an’anasi yo‘lidagi kalom ilmining eng dastlabki qadamlarini kuzatish imkonini beradi. Chunki u ustoz qarashlarini aniq yetkazish va tushuntirib berishga intilgan. Ushbu asar o‘quvchi (muallifni o‘zi) va ustoz (Abu Hanifa) o‘rtasidagi savol-javob tariqasida tuzilgan.
Movarounnahr kalom maktabiga zamin tayyorlashda Abu Bakr Muhammad ibn Yamon Samarqandiyning (vaf. 881-82 y.) ham alohida o‘rni bor. Uning hayoti Samarqand shahrida kechgan. Movarounnahrlik mutakallimlardan olimning hayoti tafsilotlariga nisbatan, asarlari bizgacha yetib kelganligi bilan farqlanib turadi. Abu Bakr qalamiga mansub “Kitob al-anvor” (“Ziyo kitobi”), “Kitob al-i‘tisom” (“O’zaro bog‘lanish kitobi”), “Kitob ma‘olim ad-din” (“Dinni bildiruvchi asar”) kabi asarlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Olimning yana bir asari “Kitob ar-radd ‘alo-l-karromiya” (“Karromiylarga raddiya kitobi”) deb atalgan bo‘lib, bu asar ham ilohiyot masalalariga oiddir. Bu asarni Muhammad Samarqandiy yashagan davrda shaharda ma’lum mavqega ega bo‘lgan karromiylar ta’limotiga qarshi yozilgan raddiya asarlari qatoriga kiritsa bo‘ladi.
Ushbu maktab rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shgan yana bir sermahsul olim Abu Muti‘ Makhul ibn Fazl Nasafiy (vaf. 930 y.) dir. O’qimishli oila vakili bo‘lgan olim zakovatli olimlar sulolasi asoschisi edi. Mazkur sulola uch avlod vakillari moturidiya rivojiga katta hissa qo‘shdilar. Ulardan Abu-l-Mu‘in Nasafiy o‘zini eslab o‘tish kifoyadir. Makhul an-Nasafiy o‘z davri ilohiyotida asosiy o‘rinlardan birini egallagan bo‘lsa-da, lekin manbalarda uning hayoti haqidagi ma’lumotlar deyarli uchramaydi. U “Kitob ash-shu‘o‘” (“Nur kitobi”), “Kitob al-lu’lu’iyot” (“Durdonalar haqidagi kitob”), “al-Radd ‘alo ahl al-bid‘a” (“Bidat ahliga radiya”) nomli asarlarning muallifidir. Uning uchinchi asari – “ar-Radd ‘alo ahl al-bid‘a” (“Bid’atchi, adashgan va adashtiruvchi firqalarga raddiyalar kitobi”) bevosita ilohiyot sohasiga aloqador bo‘lib, muallif zamondoshlari orasida keng tarqalgan. Undagi ma’lumotlar mazmundorligi va nihoyatda aniqligi bilan ushbu fan sohasidagi birinchi darajali manba sifatida diqqatimizni o‘ziga jalb qiladi.
Ikkinchi davr Hakim Samarqandiy (vaf. 953 y.) Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojida muhim o‘rin tutadi. U kalom bilan bir qatorda boshqa diniy ilmlar bilimdoni sifatida e’tirof etilganligi uning mamlakat qozisi lavozimini egallaganligidan ko‘rinadi. U Moturidiy bilan birgalikda Samarqandda Abu Nasr ‘Iyodiydan ta’lim olgan. Uning hanafiylar orasida mashhur “Kitob as-savod al-a‘zam” (“Kitob aksariyat halq”) asari Movarounnahr ilohiyot tarixida asosiy o‘rinlardan birini egallaydi. Asar 902 yil amir Ismoil ibn Ahmad Samoniy (892-907) buyrug‘iga muvofiq yozib tugatilgan. Ushbu asar Nux ibn Mansur (976-997) davriga kelib fors tiliga ham tarjima qilingan.
Abul Muin an-Nasafiy Moturidiy vafotidan so‘ng uning qabri ustiga quyidagi maqtov so‘zlarini yozdirishga buyruq berganini rivoyat qilgan: “Ushbu qabr ilmlarni o‘z nafaslarigacha qamrab olgan, uni tarqatishda ko‘p zahmatlar chekkan, u qoldirgan meros ko‘p madh qilingan va o‘zining umr daraxtidan ko‘plab mevalar tera olgan ulug‘ zotning qabridir”.
Movarounnahr kalom maktabi faoliyati borasida to‘liqroq tasavvurga ega bo‘lish uchun bevosita Moturidiy va uning shogirdlari va ularning ilohiyot borasidagi yutuqlariga ham murojaat etish lozim.
XI-XII asrlar hanafiy mutakallimlari moturidiya ta’limotini qayta tiklash jarayonida uning ijtimoiy qarashlarini aks ettiruvchi fikrlarini e’tibordan chetda qoldirishadi. Keyinchalik Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olib, o‘z bilimini yuksaltiradi. Bu jarayonda ko‘plab mashhur faqih va muhaddislar bilan muloqot va munozarada bo‘ladi, shu sohaga oid asarlar yozadi.
Mahmud ibn Sulaymon Kafaviyning (vaf. 990/1582 y.) “Katoib ul-a’lom al-axyor fi taboqot fuqaho va mashoyix mazhab an-Nu’mon” (“Nu’mon mazhabiga mansub bo‘lgan taniqli alloma fakihlar va shayxlar haqidagi kitob”) nomli asarida Abu Mansur Moturidiyning, qayerda va qachon vafot etgani hamda uning asarlari haqida ma’lumot beradi. Muallif imom Moturidiyning “Kitob ut-tavhid” (“Allohning yakkayu yagonaligi borasidagi kitob”), “Kitob al-maqomat”, “Kitob rad avomil lil adila lil Ka’biy” (“Ka’biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag‘ishlangan kitob”), “Kitob bayon va hum ul-mu’tazila” (“Mu’tazila g‘avg‘olari va undan qo‘rqmaslik haqidagi kitob bayoni”), “Ta’vilot al-Qur’on” (“Qur’on ta’vili”) kabi asarlarini sanab o‘tadi.
“Ta’vilot al-Qur’on” asarining 2 ta nusxasi O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida № 5126 va №5127 raqamlari ostida saqlanadi.
Toshkent fondidagi №5126 raqami ostidagi nusxasi asarning ikkinchi jildidir. Qo‘lyozma asarning bir qismi LXII-CXIV suralar ta’vilini o‘z ichiga oladi. Qo‘lyozmaning 171a sahifasida bu asar Xoja Muhammad Porso kutubxonasida saqlanganligi to‘g‘risida belgi bor. Unda jumladan shunday deyiladi: “Ushbu kitob Buxoro shahrining Kuyi Dixqon manzilidagi kutubxonaga Alloh bandasi Muhammad al-Xofizi al-Buxoriy tomonidan vaqf qilingan”.
E’tiborli jihati – yuqorida tilga olingan bu qo‘lyozma “Kitob at-ta’vilot”ning hozirgi kunga qadar dunyodagi eng qadimiy nusxasi bo‘lib turibdi. Mazkur nusxaning tavsifi SVR [22]ga kiritilmagan edi va u ilk bor maqola muallifi (Sh.Z) tomonidan ilmiy muomalaga kiritildi
[11: 66-73] .
Bu qo‘lyozma 529/1134-35 yilda ko‘chirilgan. Buxoro jome’ masjidida qabul qilinib, tahrir etilgan (Qubila va suhhiha fi masjidi ja‘mi al-Buxara).
“Kitob at-ta’vilot” asarining yana bir nusxasi 5127 inv. raqami ostida saqlanadi. Bu nusxa asarning oxirgi jildidir. Nasx yozuvida ko‘chirilgan bu nusxa 294 varaqdan iborat. Muqovaning yuzida bir bo‘lak qadimiy qog‘ozga “Kitob at-ta’vilot” so‘zlari yozilgan bo‘lib, yozuv yillar davomida eskirib, ko‘z ilg‘amaydigan darajaga kelib qolgan. qo‘lyozmaning boshlang‘ich varag‘idagi (1a) yuqori satrda “Tafsir-i shayx Abu Mansur al-Moturidiy” deb yozilgan. Shu sahifaning quyirog‘ida shunday yozuvlar bor: “Bu oxirgi daftar buyuk imom, zohid, hidoyat yo‘li imomi, ahli sunna va jamoa raisi shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiydan naql qilingan”. Varaqning chap tarafiga “Muhammad ibn Muhammad ibn Nasr al-Hofiz al-Buxoriy mulki” deb yozib qo‘yilgan.
Ikki nusxa ham mashhur Xoja Muhammad Porsoning kutubxonasiga tegishli bo‘lgan
Shu fondning o‘zida “Kitob at-ta’vilot” asarining mashhur hanafiy fiqh olimi Alouddin Samarqandiy tomonidan yozilgan sharhi ham mavjud bo‘lib, uning nusxalari № 3249 va № 3155 raqamlari ostida saqlanadi. Bularning ham har ikkisi Xoja Muhammad Porso kutubxonasidandir. Bu nusxalarning biri, ayniqsa, qimmatlidir.
Qo‘lyozmaning sarvarag‘i shunday iboralar bilan boshlanadi: “Ahl as-sunna raisi Abu Mansur al-Moturidiy – Alloh undan rozi bo‘lsin – hidoyat ilmi peshvosidan ash-shayx al-imom Hofiz ad-din Muhammad ibn Muhammad ibn Nasr al-Buxoriyga asarlar quyidagi isnod bilan yetib keldi: ash-shayx al-imom ar-rabboniy, usul va furu’ sohibi Shams ad-din Muhammad ibn ‘Abd as-Sattor ibn Muhammad al-‘Imodiy al-Kardariy xabar qildi (Alloh uni rahmatiga va rizosiga yo‘llasin), unga o‘z navbatida ash-Shayx al-Imom Najm ad-din Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiy aytdi, ash-Shayx al-Imom al-qozi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn al-Husayn ibn ‘Abd al-Karim an-Nasafiy, u – otasidan, u – bobosidan, u esa – otasi ‘Abd al-Karimdan, u esa – ash-shayx, hidoyat yo‘liga boshlovchi, ahl as-sunnaning raisi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy as-Samarqandiydan – Alloh uni rahmati va rizosi bilan qo‘llasin – aytadi”, degan so‘zlar bilan birinchi isnod matni tugaydi. Ikkinchi isnod “Sharh Ta’vilot” dan bu birinchi daftarni shayx imom ar-rohib ahl as-sunna va jamoaning raisi Abu Mansur al-Moturidiydan – Alloh uning tavbasini qabul etib rahmati va rizosi bilan qo‘llasin – ibn Ahmad as-Samarqandiy sharhlagan” degan jumla bilan tugaydi.
Manbalarga tayanib ish ko‘rilsa, Moturidiyning shogirdlari haqida ma’lumotlar talaygina. Lekin ularning barchasiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishonish qiyin. Chunki bu ma’lumotlarning mualliflari yashagan davrda Moturidiy shuhrat pog‘onasiga ko‘tarilib bo‘lgan edi, shu bois nafaqat haqiqiy, balki soxta shogirdlar haqida ham ma’lumotlar uchraydi. Bu esa o‘z navbatida shogirdlar doirasining kengayishiga olib keladi.
Darhaqiqat Moturidiy vafotidan so‘ng, Samarqandda joylashgan mashhur Chokardiza qabristoniga dafn etiladi. O’sha davrdagi taomulga ko‘ra bu qabristonga shahar ahli orasida e’tiborga molik taniqli olimlar, ulamolar dafn etilardi.
Shu o‘rinda yana bir muhim yozma manbalar turkimiga kiruvchi, ya’ni yuqorida zikr etilgan Chokardiza qabristonidagi qayroqtoshdagi bitiklarni ham atab o‘tshimiz lozim. Bu qayroqtoshdagi bitiklar moturidiyya kalom maktabi vakillari haqida muhim ma’lumotlar berishi bilan ahamyatlidir. Moturidiyning ko‘plab safdoshlari va shogirdlari ham shu joyga dafn etilganlar.
2000 yil Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Abu Mansur Moturidiy tavalludiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanalar arafasida Samarqandda Chokardiza qabristoni o‘rnida 3,5 gektarlik majmua barpo etildi. Majmua markazida Abu Mansur al-Moturidiy maqbarasi bunyod etildi. Moturidiy o‘z ta’limoti va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojiga katta hissa qo‘shdi. Shuningdek, hanafiya ta’limotining O’rta Osiyo xalqlari urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liq ekanini o‘z qarashlari orqali ko‘rsatib berdi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, Imom Moturidiy asos solgan diniy ta’limot –moturidiylik maktabi Sharq mamlakatlarida katta shuhrat topishiga sabab shuki, unda ilgari surilgan g‘oyalar islom dinining mohiyatini to‘g‘rilik, ezgulik, insoniylik deb biladigan jamiki mo‘min-musulmonlarning qarashlari va intilishlari bilan hamohang edi.