SAB’AI SAYYOR
(XII bobdan)
Shoh Bahrom Rum bilan Chinni o‘ziga bo‘ysundirgach,
Chin xoqoni bilan Rum qaysari unga tobe’ bo‘lib qoladilar.
Keyinchalik yetti iqlim shohi unga boj to‘laydigan bo‘ldi.
Farmonga ko‘ra xiroj to‘lashi kerak bo‘lgan har bir hukmdor
zarur mablag‘ni har yili to‘plab poytaxtga o‘z vaqtida yuborib
turishlari shart edi. Tobe’ mamlakatlarda olingan hosildan
ham to‘xtovsiz sovg‘a-salomlar kelib turardi. Shoh Bahrom
esa ertadan kechgacha ayshu ishrat bilan band bo‘lib, musiqa
va ashula tinglash bilan orom olardi. Uning saroyida eng
mashhur sozandayu hofizlar to‘plangan bo‘lib, ular hamma
joyda hukmdorga hamrohlik qilishardi.
Shoh Bahrom kunlari ovsiz o‘tmas, kechalari esa xilma-
xil soz, jonbaxsh ashulalarni tinglashni yoqtirardi. Ov vaqtida
qaysi tomonga o‘q otsa, albatta biror hayvonni qulatar,
ularning qoniga hamrang may ichishdan rohat olardi. Ov
qilib borarkan, qayerda biron go‘zal manzil duch kelsa, o‘sha
yerda dam olib qadah ichar, changu rubob kuylaridan huzur
qilib, o‘zi o‘ldirgan hayvonlar go‘shtidan kabob tanovvul
qilardi.
Bir kuni shoh ov mahali bir maydonda bazm tuzib ishrat
bilan band ekan, xonandaning so‘lim ashulasi bilan o‘z
ko‘nglini xush etarkan, o‘zining butun olamga qiblagoh
ekanidan shodlanib: “Xudoyim meni ahli olam hukmdori qilgan
ekan, buning shukronasi uchun elni shod aylab, adolat bilan
ish yuritishim, muhtojlarga mehribonlik ko‘rsatib, beva-
bechoralar dillarini xushnud etmog‘im zarur”, deb xayol surar
ekan, chor atrofni tomosha qilib bahra olardi. Shu payt dasht
bo‘ylab tez-tez yurib borayotgan bir odamga ko‘zi tushdi.
Yayov yo‘l bosayotgan bu insonga achingan shoh unga
yaxshilik qilmoqni istab bir mulozimga: “Tezda otingga mingin-
da, yana bir otni yetaklab, hu anavi musofirni to‘xtatib, otga
mindirgin va uni huzurimga olib kelgin”, deb buyurdi.
Xizmatkor yigit shoh hukmini bajo qilib, yo‘lovchini hukmdor
9
oldiga boshlab keldi. Shoh Bahrom uni ochiq chehra bilan
kutib olib, hol-ahvol so‘radi. Biyobonda kezib yurgan kishi
yer o‘pib, ta’zim bajo keltirdi-da, o‘rnidan turib nihoyatda
yoqimli so‘zlar bilan shahanshohga shunday maqtov yog‘dirdi-
ki, eshitganlar “Ofarin!” deb yubordilar. Hukmdor uni
o‘tirishga taklif qildi. Mulozimlar darhol xilma-xil taomlaru,
may to‘la idishlarni keltirishib, mehmonga ziyofat qilishga
kirishishdi. Musofirning boshi maydan qizib borar ekan, shoh
unga ketma-ket savollar berar, u esa o‘zining dono javoblari
bilan mezbon ko‘ngliga shodlik bag‘ishlardi. Dasht kezuvchi
bu odamning aqlu donishiga qoyil qolgan Bahrom unga
murojaat qilib: “Seni ko‘p ilmlardan xabardor ekanliging
sezilib turibdi. Bu makonda kezib yurishing sababini,
o‘zingning kasbu koringu qilgan ishlaringdan so‘zlab bergil,
biz ham ulardan bahravor bo‘laylik”, dedi. Mehmon yer
o‘pib shunday javob qildi: “Men bu dashtda musofirlardek
kezib yurgan bo‘lsam ham, o‘z ishimda zamonaning
yagonasiman. Do‘stu hamrohlarim yo‘q, hech kimsaga
yuragimdagi sirni oshkor qilmaganman. O‘zimni ham, hozir
aytib beradigan sirimni ham odamlardan pinhon tutib yurdim.
Bu dashtda kezib yurishimdan maqsadim jahon podshosi
bo‘lgan shoh Bahrom huzuriga yetib borib, unga yashirgan
sirlarimni so‘zlab berish edi. O‘sha manzilga yetmasimdan
bu so‘zni so‘rab qolding. Aytmay desam, maqsadim hosil
bo‘lmay qoladi. Sen ham shohga o‘xshaysan, Bahrom
bo‘lmasang ham, maqoming unikidek baland. Sen unga juda
ham o‘xshab turibsan.
Ko‘nglimni g‘amga solib qo‘yding: aytmasam ham yomon,
aytsam ham”. Shoh bu so‘zlardan bog‘ kabi ochilib ketdi-da,
chirog‘ shu’lasi kabi so‘z boshlab, shunday dedi: “Ey dashtda
shitob bilan kezib yurgan banda, sen o‘z maqsadingga
yetganingdan bexabarsan. Agar Bahromni qidirib yurgan
bo‘lsang, gapiraver: men sen izlab yurgan shoh Bahromman”.
Musofir bu so‘zni eshitib, sevinib ketdi-da, shukronasiga
sajda qilib, mo‘l-ko‘l duo ayladi, yer o‘pib, odob bilan o‘tirib
so‘zga kirishdi: “Shoh mendan ahvolim haqida so‘zlab berishni
10
so‘ragan edi. Meni jahon eli Moniy deb ataydi. Ko‘pgina
bil iml a rni bil a ma n, l ek in s ura t chiz is hda s huhra t
qozonganman”.
Shoh xuddi shunda y odamga ta labgor edi, Moniy
so‘zlaridan quvonchga to‘ldi, o‘lgan odam yana tirilgandek,
xursand bo‘lib ketdi. Mehmonni quchoqlab, hurmat ko‘rsatdi,
ko‘p lutfu ehsonlar qilib, u aytmoqchi bo‘lgan sir mazmuni
haqida savol berdi: “Men yetti iqlimni kezib chiqqanman.
Jahondagi bor ajoyibotlarni ko‘rganman. Bir mahal Xitoy
tomonga yo‘lim tushdi. U yerda bir savdogar bilan tanishib
qoldim. Uning molu dunyosi son-sanoqsiz, puli yuz ming
tumandan ham ko‘proq bo‘lib, duru la’llari dengizu kondek
edi.
Ammo uning shunday bir bebaho duri bor ediki, har bir
bazmni oy kabi yoritardi. U qiz asli xitoylik bo‘lib, nihoyatda
go‘zal va xushovoz edi. Qo‘liga changni olib, navo cheksa,
uni ko‘rib, eshitgan har bir odamning joni mingta bo‘lsa,
bittasi ham qolmasdi. Mendek kimsa yuz ming til bilan yuz
ming yil maqtasam ham uning ta’rifini tugatolmayman. Qizning
xojasi uning go‘zalligini xalqdan asrash uchun sandal va ud
daraxtlaridan kajava yasattirgan, unga xilma-xil qimmatbaho
matolardan yopib, la’lu durlar bilan bezagan. Men aytgan
go‘zalni o‘sha kajava ichida olib yuradi. Unga atab sandal va
uddan chang yasattirgan bo‘lib, uni go‘zal qiz chalib turardi.
Xoja u zuhravash paripaykarni sotmoqchi ham bo‘lgan
edi, yuz minglab xaridorlar chiqdi-yu, birontasi ham so‘ralgan
narxni berolmadi, chunki uning bahosi Xitoy mamlakatining
xirojiga teng edi. Avvaliga uni Xitoy xoqoni sotib olmoqchi
bo‘ldi, lekin a’yonlar bunga qarshi chiqdilar. “Bor davlatingni
berib, u qizni sotib olsang, shoh Bahromga yuboriladigan
xirojni qanday to‘laysan? Qo‘shin yuborsa, sipohing yo‘q,
qurollaring yo‘q, unda holing ne kechadi? Yaxshisi bu
is ta g ing da n voz k echg in, na f s deb iz tirob chekma ,
mamlakatingni xarob etma”, deyishdi ular. Shundan so‘ng
xoqon o‘z muddaosiga erishish tilagini unutdi. Men esam u
go‘zal haqida senga xabar berishga ahd qildim-da, huzuringga
Bu tanishuv parchasidir. Asarning to‘liq versiyasi
https://kitobxon.com/oz/asar/1676
saytida.
Бу танишув парчасидир. Асарнинг тўлиқ версияси
https://kitobxon.com/uz/asar/1676
сайтида.
Это был ознакомительный отрывок. Полную версию
можно найти на сайте
https://kitobxon.com/ru/asar/1676
Dostları ilə paylaş: |