UYGA QAYTISH
Uy Ahmad uchun juda-juda olisda. U qancha vaqt
galaktikada adashib yurdi, qancha vaqtni uyquda oʻtkazib
yubordi – buning aniq hisobini hech kim bilmaydi... Har
qalay, bu Yer hisobi boʻyicha bir necha yuz yillarga teng
muddat ekani aniq!..
Ahmad va Moki safar oldidan xaritani yana bir bor
yoqib, Yerga olib boruvchi yoʻlni oʻrganib chiqishgandi.
Shundan soʻng Moki bu yoʻlni oʻz xotirasiga muhrlab
olgan. Hozir u xotirasidagi Yer koordinatalarini kema
kompyuteriga yukladi. Margol esa bu paytda vaqt tuynugini
ochib beruvchi uskunalarni ishga tushirdi. Bu uskunalar
atom zarrasidan ham kichik boʻlgan oʻta mayda tuynuklarni
kattalashtirib, oʻtgan zamonga qaytish imkonini beradi.
Rejaga koʻra “Koʻkkezar” Quyosh tizimiga kirib kelganida
Margol shu uskunalarni yoqib Ahmadni vaqt tuynugidan
oʻtkazib yuborishi kerak.
Kema gravitatsiya toʻlqiniga kirib olganida Margol jajji
doʻstiga yuzlanib dedi:
– Qadrdonim, tez orada sen uyingda boʻlasan. Ammo biz
hozir xayrlashib olishimiz kerak. Chunki vaqt tuynugiga
yaqinlashib qolganda bunga imkon boʻlmaydi.
– Ha, toʻgʻri! Margol, siz bilan tanishib, galaktika
boʻylab xatarli sayohatga chiqqanimdan afsusda emasman.
Aksincha, salmirliklarni muqarrar halokatdan qutqarishga
hissa qoʻshganimdan baxtiyorman! Yana siz, Moki,
Dordon, Koʻrsichqon kabi doʻstlar orttirganim uchun ham
xursandman.
– Men ham hammasi uchun sen va yerliklardan
minnatdorman! Endi boshqa koʻrisha olmasak-da, biz,
salmirliklar, seni hech qachon unutmaymiz.
– Men ham seni sogʻinaman – dedi Moki ham temir
qoʻllarini Ahmadning yuziga choʻzib...
162
Ular shu alpozda yana biroz suhbat qurishdi. Margol
“Koʻkkezar”ni avaylab-asrashini, Mokini esa oʻzi bilan
Salmirga olib ketishini aytdi. Bu vaqtda uyqu eliksirini
ichgan Ahmadning koʻz oldi xiralashib, asta-sekin uyquga
keta boshlagandi...
* * *
– Ahmad, tura qol, oʻgʻlim.
Oyisining ovozini eshitgan Ahmad sapchib oʻrnidan
turdi.
– Oyi, oyijon, nahotki, bu sizsiz?! – oyisining boʻyniga
osilib mahkam quchoqlab oldi Ahmad.
– Senga nima boʻldi, oʻgʻlim, yomon tush koʻrdingmi
deyman.
“Tush” soʻzini eshitgan Ahmad bir muddat oʻylanib
qoldi. “Eh, yaxshiyam, tushim ekan! Voy-boʻoʻ, tushimda
qayerlarga borib kelmadim-a”. Yuzida tabassum bilan
hammasini eslay boshladi u.
– Shu xayolparastliging tushlaringda ham davom etadi-
ya, oʻgʻlim, – kulib oʻgʻlining yuzidan oʻpib qoʻydi oyisi.
– Aytgancha, oʻgʻlim, bugun qanday kun ekani esingdami?
Ahmad shu zahoti devorga osilgan taqvimga qaradi.
Taqvim 2036-yilning 25-iyun sanasini koʻrsatardi.
– “Ixtirochilar tanlovi” boʻladigan kun emasmi? – soʻradi
Ahmad oʻziga ishonmay.
– Bu nima deganing, albatta, oʻsha kun. Tez yuz-
qoʻlingni yuvib, oshxonaga chiq, dadang ham kutyaptilar.
Nonushtadan soʻng shaharga ketamiz.
Oyisi shunday deb xonani tark etdi. Ahmad esa yana
biroz boshini qashigancha oʻylanib oʻtirdi. Soʻng: «Eh,
tush boʻlsa tushdir-da», ‒ deb karavotidan tushdi. Shu
payt choʻntagida qandaydir ogʻir narsa borligini payqadi.
Qoʻllarini choʻntagiga solib oʻsha ogʻir narsalarni chiqardi.
163
Bu oʻsha Olmos sayyorasida choʻntagiga solib qoʻygan
ikkita yongʻoqdek keladigan Moviy toshlar edi. “Demak,
bu tush emas! Margol meni u bilan ilk tanishgan kunimizga
qaytarib olib kelgan, xolos”, ‒ oʻyladi Ahmad.
Dostları ilə paylaş: |