2.2. Operator buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan auksion yoki tanlov obyekti bo‘yicha ma’lumot
va hujjatlar yuzasidan javobgar hisoblanmaydi.
2.3. “Taraflar” o‘rtasida hisob-kitoblar pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
2.4. Lot qiymati auksion g‘olibi (auksion yoki tanlovning salohiyatli g‘olibi) tomonidan
quyidagilarni inobatga olgan holda to‘lanadi:
- bir yo‘la to‘lash sharti bilan sotilgan obyektning qiymati BHMning besh ming baravarigacha
bo‘lganda, to‘lovlarni o‘n ish kunida, besh ming baravariga teng yoki undan ortiq bo‘lganda esa,
to‘lovlarni (ishtirokchi tomonidan kiritilgan zakalat sotib olish (ijara) to‘lovlari miqdoriga kiritiladi) o‘n
besh ish kun mobaynida to‘lash imkoniyati beriladi (buyurtmachi bilan tuzilgan shartnomada va
qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno).
- to‘lov ushbu bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan muddatlarda to‘liq amalga
oshirilmagan yoxud auksion yoki tanlov g‘olibi oldi-sotdi (ijara) shartnomasini tuzishdan bosh tortgan
yoki uni rad etgan taqdirda, auksion yoki tanlov natijalari bekor qilinib, auksion yoki tanlov g‘olibidan
olingan zakalat puli qaytarilmaydi va operator tasarrufida qoladi.
Savdo platformasida lot qiymati to‘liq to‘lanishi talab etilmaydigan auksion obyektlari bo‘yicha
auksion g‘olibi tomonidan operatorning xizmat haqi uchun yetarli mablag‘ besh ish kuni ichida to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududidan norezidentlar uchun ruxsat etilgan auksion obyektlarini sotib
olgan (ijaraga olgan) norezidentlar to‘lovlarni milliy yoki chet el valutasida amalga oshirishlari mumkin.
Auksion yoki tanlov g‘olibi (auksion yoki tanlovning salohiyatli g‘olibi) to‘lovlarni o‘zining
shaxsiy kabinetidan to‘lash tugmasini bosish orqali amalga oshiradi.
Agar g‘olib tomonidan shaxsiy kabinetida yetarli mablag‘ mavjud bo‘la turib to‘lash tugmasi
bosilmasa va to‘lash muddati o‘tgan bo‘lsa, g‘olibning zakalat miqdori qaytarilmaydi hamda u obyekt
qiymatini (operator xizmat haqini) belgilangan muddatda to‘lamagan deb topiladi.
2.5. Auksion natijalari bo‘yicha pul mablag‘lari operatorning maxsus hisobvarag‘ida yig‘iladi va
auksion g‘olibi (xaridor) tomonidan obyekt qabul qilinganligi tasdiqlangandan so‘ng buyurtmachi
hisobvarag‘iga operator xizmat haqi ushlab qolingan holda o‘tkaziladi.
2.6. G‘olib obyektni qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda taraflar (g‘olib, buyurtmachi va
operator)ning kelishuviga asosan rasmiylashtirilgan bayonnoma bekor qilinib, to‘langan pul mablag‘lari
Nizomda belgilangan tartibda (operator xizmat haqi chegirilgan holda) g‘olibga qaytarilishi mumkin.