CHUQURDAGI YAXLIT JINSLAR Granit tiniq sariq yoki och-qora rangda bo‘lib, u asosan tarkibidagi minerallar rangiga qarab o‘zgaradi. Granitlar mayda, o‘rta yirik kristalli va porfir kabi yaxlit va qatlam-qatlam (gneys jinsi singari) holatda bo‘ladi. Granitning o‘rtacha zichligi 2,6—2,8 g/sm3, g‘ovakligi (0,5—1,5%) va suv shimuvchanligi esa nihoyatda kam. Siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 120-250 MPa, issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffitsienti 2,5—3,0 kkal/m soat grad (Vt/m grad) ga teng. Granit ancha qattiq jins (MOOS shkalasiga ko‘ra: 6-7), ammo uni qayta ishlash va silliqlash uncha qiyin emas. Granitning erish harorati 1400—1500°C. Harorat 750—800°C ga
yetganda granit tarkibida kvars kristallari kengayib, uning mustahkamligini kamaytiradi.
Tosh ashyolar orasida granit yuqori texnik sifatga ega bo‘lganligi sababli qurilishda (yo‘l qurilishlarida, gidrotexnika inshootlarida, me’morchilikda, bezak qismlar tayyorlashda) keng qo‘llaniladi. Granit tabiatda har xil rangda uchraydi. Undagi dala shpati oq, kulrang, sariq, qizil va binafsha ranglarda bo‘lishi mumkin. Shu sababli granit ajoyib pardozbop qurilish ashyosidir. Granit chidamli bo‘lgani uchun ochiq sharoitda va zararli muhit ta’sirida ko‘p ishlatiladi.
Siyenitlar — asosan kaliy shpatidan tashkil topgan (5,0—70%) tog‘ jinsi bo‘lib, granitdan farqi, asosan, tarkibida kvars mineralining kamligi yoki mutlaqo bo‘lmasligidadir. Siyenitni silliqlash va pardozlash qiyin emas va shu sababli pardozlash ishlarida qoplama plitalar sifatida ham ishlatiladi. Siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 100—250 MPa, zichligi esa 2600—2700 kg/m3. Siyenitlar sariq, qizg‘ish, ko‘k ranglarda uchraydi. O‘zbekistonning Ohangaron tumanida siyenit zaxiralari ko‘p.
Diorit — nordon plagioklaz (70%), rogovaya obmanka, biotit va avgit minerallaridan tashkil topgan tog‘ jinsi.
Dioritlar bir tekis kristalli tuzilishga ega. Agar diorit tarkibida kvars miqdori ko‘p bo‘lsa, kvarsli diorit deb ataladi. U to‘q-ko‘k va ochiq kulranglarda uchraydi. Qoplama plitalar sifatida ko‘p ishlatiladi. Siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 150—300 MPa, zichligi 2800-3000 kg/m3 ga teng. Diorit yo‘l qurilishida va qoplama pardozbop ashyolar sifatida ko‘p ishlatiladi.
Gabbro — tog‘ jinsi, asosan dala shpati (50%), avgit, olivin va piroksen minerallaridan tashkil topgan.
Gabbro bir tekis yirik donali tuzilishga ega (3.3-rasm).
Gabbro pardozbop bezak buyumlar tayyorlashda ishlatiladi. Uning zichligi 2900—3000 kg/m3, siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 200—350 MPa ga teng.