POLIMERIZATSIYALANADIGAN CHIZIQLI POLIMERLAR Polixlorvinil (ПХВ) — yaltiroq, rangi sariq-kulrangdan jigar-ranggacha bo‘ladi. U quyidagi usulda olinadi. Metandan iborat tabiiy gaz 1500—1600°C da qizdirilib, atsetilen gazi olinadi. Atsetilen bilan xlorid kislota o‘zaro birikib, vinilxlorid suyuqligi va uning polimerizatsiyalanishi natijasida oq va unga o‘xshash yengil modda hosil bo‘ladi. Bu vinilxloriddir. U ko‘pligi, arzonligi va har tomonlama ishlatilishi bilan boshqa polimerlardan farq qiladi. ПХВ kislota, ishqor, spirt va moylar ta’siriga chidamli. Ular issiq holatda cho‘ziluvchan bo‘lganligi uchun yupqa pardalar ishlab chiqarishga imkon beradi. ПВХ smolalari egiluvchan, suvga chidamli. Jumladan, yupqa o‘rama pardalar, shuningdek, issiqlikni muhofazalovchi ko‘p kovakli pardozbop ashyolar — plintus, tarnov, qo‘l ushlagichlar va shunga o‘xshashlarni olishda ishlatiladi.
Polivinilatsetat (ПВA) smolalari rangsiz, elastik va moddalar bilan juda yaxshi yopishadi. Ular emulsiyali bo‘yoqlar, har xil yelimlar, yopishtiruvchi mastikalar, sementbeton qorishmalar uchun qo‘shilma sifatida ishlatiladi.
Polietilen smolalar— etilen gazini har xil bosimda va haroratda katalizatorlar vositasida polimerlash usuli bilan olinadi. U suvga va zararli muhitga chidamli, elastik hususiyatlarga ega. Ulardan suvga chidamli pardalar, santexnik buyumlar ishlab chiqarishda ko‘p foydalaniladi.
Polistirol smolalar — benzinga o‘xshash tez bug‘lanuvchi stirol monomerini germetik qozonlarda polimerlash usuli bilan tayyorlanadi. Ular toza holida rangsiz, ammo bo‘yoqlar qo‘shib har xil rangdagisini olsa bo‘ladi, oson qoliplanadi. Polistirol smolalar qoplama plitkalar va ko‘p kovakli issiqlik o‘tkazmaydigan ashyolar olishda ishlatiladi.
Kumaron smolalar— benzol va toshko‘mir smolasining fenol fraksiyasida polimerlash usuli bilan olingan mahsulot. Kumaron smolalar asosan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikkita moddadan —kumaron va indendan iborat. Kumaron o‘ziga xos hidli, rangsiz, moysimon suyuqlik bo‘lib, 172°C da qaynaydi. Kumaron smolalar pardozbop plitkalar tayyorlashda va lak-bo‘yoq sanoatida ishlatiladi.