Tabiiy bo‘r — bo‘yoqchilik ishlarida bo‘r gruntovkalar, shpaklevkalar, shuningdek, suvli har xil bo‘yoqlar, asosan yelimli aralashmalar tayyorlashda ishlatiladi.
Kimyoviy tarkibi jihatidan olganda, u toza kalsiy karbonatdir. Unda faqat oz miqdorda temir oksidlari va qum uchraydi. Ishlab chiqarish usuliga qarab bo‘r har xil bo‘ladi. Yirik bo‘r kondan qazib olingan holida har xil kattalikdagi bo‘laklardan iborat bo‘ladi. To‘yingan bo‘r olish uchun yirik bo‘r tegirmonlarda tortiladi. Bo‘r changi olish uchun yanchilgan bo‘r havo separatorlaridan o‘tkaziladi. Separatordan o‘tgan bo‘r suvda loyqatib tozalab olinsa, tozalangan bo‘r hosil bo‘ladi.
Bo‘yoqchilik ishlarida tozalangan bo‘r yoki uning changini ishlatish ma’qul. Chunki bo‘r tuyilgan holatda ishlatiladigan bo‘lsa, unga qum aralashtirish zarurdir.
Bo‘r pigmenti qo‘shilgan bo‘yoqning berkituvchanligi 100—120 g/m2. Bo‘rni har qanaqa pigmentga aralashtirish mumkin, bu jihatdan olganda bo‘r tarkibida ishqor bo‘ladigan boshqa oqlovchi moddalardan katta farq qiladi. Bo‘rni istalgan pigment bilan ishlatish uchun unga ohak aralashmagan bo‘lishi kerak.
Havoyi ohakoq pigment sifatida ham ishlatiladi. Buning uchun eng toza ohakni tanlab olish kerak, aks holda, undagi aralashmalar ohakning rangiga ta’sir etadi. Ohak zamazkaning ba’zi navlarini va linoleum yopishtiriladigan bo‘tqani tayyorlash uchun ham ishlatiladi.
Kaolin — oq tuproq, suvli bo‘yoq aralashmalar tayyorlash uchun ishlatiladi. Shiplarni va devorning yuqori qismlarini kaolin bilan oqlash mumkin. Bunda, kaolinga yelim qo‘shmasa ham bo‘ladi, chunki u juda kam ko‘chadi. Bo‘r aralashtirilgan kolerlarga bo‘yalish va texnik sifatlarini yaxshilash uchun kaolin qo‘shiladi. Kaolin qo‘shilgan koler ancha moyliroq bo‘ladi, bo‘yoq bir tekis chiqadi. Kaolin qo‘shilmagan kolerga qaraganda mo‘yqalam bilan yaxshiroq bo‘yaladi.
Tayyor bo‘yoqlarning quruq aralashmalarini tayyorlashda to‘ldirgich sifatida bo‘r o‘rniga tuyilgan ohaktosh va marmar chiqindisi ishlatiladi. Tuyilgan ohaktosh ham, marmar chiqindisi ham o‘zining fizik xossalari jihatidan bo‘rdan keskin farq qiladi, chunki tuyilgan ohaktosh va marmar chiqindisini maydalashdan hosil bo‘lgan marmar kukuni kristall tuzilishga, bo‘r esa amorf tuzilishga egadir.
Qorilgan moy bo‘yoqlar tayyorlashda ularni arzonlashtirish uchun to‘ldirgich ashyo sifatida og‘ir shpat- bariy sulfiddan iborat bo‘lgan oq rangli tabiiy moddadan ishlatiladi. Og‘ir shpat moyga qo‘shilganda xuddi bo‘r kabi o‘zining oq rangini yo‘qotadi, lekin moy bo‘yoqlarga ozroq og‘ir shpat qo‘shilsa, ularning bo‘yash- texnik xossalari yomonlashmaydi, ammo bo‘yoqning berkituvchanligi keskin kamayib ketadi. Og‘ir shpat kislotalarda ham, ishqorlarda ham erimaydi. Shuning uchun bo‘yoqqa og‘ir shpat qo‘shilgan yoki qo‘shilmaganligini bilish juda oson.
Rux belilasi— rux oksididan (ZnO) iborat bo‘lgan oq kukun. Rux belila bo‘yog‘i atmosfera ta’siriga juda chidamli bo‘lmaganligi sababli, u ko‘pincha binoning ichki qismidagi buyumlar yuzasini bo‘yashda ishlatiladi.