Pigmentlarning tasnifi
Bo‘yoqchilikda ishlatiladigan moddalarning xilma-xilligi texnologiyalar takomillashuvida katta rol o‘ynadi. Ota-bobolarimiz pigmentlarni sirtga yaxshi yopishishini ta’minlashda mo‘m, tuxum oqi, tvorog, ohak va boshqa bog‘lovchilardan keng foydalanganlar.
Zamonaviy texnologiyalar har xil sintetik smolalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Pigmentlarning sifati quyidagi ko‘rsatkichlar orqali belgilanadi:
Berkituvchanlik qobiliyati — pigmentni alif bilan aralashtirib hosil qilingan suyuq bo‘yoq tarkibi oyna shishasi yuzasiga surtish yo‘li bilan aniqlanadi. Pigmentning berkituvchanligi 1 m2 yuzaga sarf qilingan (g hisobida) pigment miqdori bilan aniqlanadi.
Pigmentning ranglash kuchi deganda qizil yoki yashil pigmentlarni oq pigment bilan aralashtirganda o‘z rangini yo‘qotish xususiyati tushuniladi. Agar pigmentning rang beruvchi kuchi yuqori bo‘lsa, ochiq va nafis rang hosil qilishda oq pigmentga undan juda kam aralashtirsa ham bo‘ladi.
Pigmentlarning biriktiruvchanligi bilan ranglash kuchi bir-biridan batamom farq qiladi. Masalan, sariq rangdagi oxra pigmentining ranglash kuchi unchalik yuqori bo‘lmasa ham, berkituvchanligi ancha yuqori (65—100 g/m2) bo‘ladi, ishqor ta’siriga chidamsiz bo‘lgan lazur deb ataluvchi pigmentniki esa, aksincha, ranglash kuchi yuqori, berkituvchanligi past. Rangli yuzalarni bo‘yashda berkituvchanligi bilan ranglash kuchi yuqori bo‘lgan pigmentlarni ishlatish tavsiya etiladi.
Pigmentlarning maydalik darajasi bo‘yoqning mayinligi va undan hosil bo‘ladigan bo‘yoq pardaning kirishishiga, shuningdek, bo‘yaladigan yuza bilan uning mustahkam yopishishiga katta ta’sir qiladi. Pigment qanchalik mayda tuyilgan bo‘lsa, uning berkituvchanligi, ranglash kuchi va boshqa xususiyatlari shuncha yaxshilanadi. Pigment zarracha 0,01 dan 0,055 mm yiriklikka qadar tuyilgan bo‘lishi kerak.
Pigmentlarning yorug‘likka chidamliligi deganda ularning tabiiy yoki sun’iy yorug‘lik ta’sirida o‘z rangini saqlab qolish xususiyati (ya’ni qorayishi yoki kuyishi) tushuniladi. Buning uchun alif bilan qorishtirilgan pigment shisha bo‘lakka surtiladi, keyin uning 5/6 qismini qog‘oz bilan berkitib, quyosh nuriga yoki sun’iy yorug‘lik yo‘nalishiga tik qilib qo‘yiladi. Bo‘yoq surtilgan shisha plastinkaning ochiq qismidagi pigment rangining o‘zgarishiga qarab, uning yorug‘likka chidamliligi aniqlanadi.
Ishlatilishi qulay bo‘lgan suyuq bo‘yoq tarkibini tayyorlash uchun 100 g pigmentga sarflangan alif miqdori pigmentning moy singdiruvchanligi deb ataladi. Pigmentlar rangiga ko‘ra axromatik (rangi oq, kulrang va qora) va xromatik (boshqa turdagi ranglar) guruhlarga bo‘linadi.
Har bir ashyo rangli yorug‘lik nurlarining bir qismini yutadi, bir qismini esa qaytaradi. Shunga ko‘ra biz ashyo rangini ko‘ramiz, ya’ni ashyodan qaytgan nurlarning rangi organizmda — ko‘zda aks etadi.
Ashyolarning bu xossasi bo‘yoqchilikda alohida muhim ahamiyatga ega, chunki bo‘yoqchilik ishlarida manzaralar hosil qilishdan ko‘zda tutilgan maqsad ashyolarning rangdorlik sifatiga to‘la asoslangandir.
Pigment rangini aniq bilib olish juda muhim, aks holda, loyihada ko‘rsatilgan rang tusini beradigan bo‘yoq aralashmasini hosil qilish qiyin.
Oxra, surik, yashil va boshqa bir qancha pigmentlar xilma-xil tus beradi. Bo‘yoq aralashmaning talab etilgan tusini tanlashda shu aralashmani tayyorlash uchun zarur bo‘lgan pigmentlar rangini bilish kerak.
Standartda bo‘yoqlarning rangi va tusini tegishli shkala va etalonlar rangi va tusi bilan taqqoslab aniqlash usuli ko‘rsatilgan. Bo‘yoq tusining tiniqligi ikkita yonma-yon turgan tusga qarab aniqlanadi. Bu usul pigmentlar, moyli laklar, bo‘yoqlar, emallar, nitrobo‘yoqlar rangini aniqlashda qo‘llaniladi.
Bo‘yoq pardasining quyosh nuri, yomg‘ir, qor, shamol va boshqa faktorlarning yemiruvchi ta’siriga bardosh bera olish xususiyati uning muhit ta’siriga chidamliligi deb ataladi.
Lak-bo‘yoq ashyolarning muhit ta’siriga chidamliligi muhit stansiyalarida tekshiriladi. Muhit stansiyalari binolar tomida yoki yerda, ya’ni muhit to‘la ta’sir etadigan ochiq joylarda tashkil qilinadi.
Ashyolarning muhit ta’siriga chidamliligini sinash ishi uchun vizirometr deb ataladigan asbobdan foydalaniladi. Bu asbob yordamida bo‘yalgan plastinkalarga navbatma-navbat sovuq va issiq, nam va quruq havo hamda ultrabinafsha nurlar ta’sir ettiriladi.
Bo‘yoqchilikda ishlatiladigan pigmentlarning ishqorlar ta’siriga bardosh bera olish xususiyati bo‘yoqlarning ishqorga chidamliligi deb ataladi. Ohaktosh, kazeinli, silikatli va boshqa xil bo‘yoq aralashmalar tarkibida ishqor bo‘ladi. Shuning uchun, bunday aralashmalar tayyorlashda ishqorlar ta’siridan parchalanmaydigan va o‘zining tashqi ko‘rinishini o‘zgartirmaydigan pigmentlar qo‘llanishi kerak.
Ishqor ta’sirida o‘zgaradigan eng ko‘p qo‘llanadigan pigmentlarga kron va lazurdan iborat xromli yashil bo‘yoqlarning barcha xillari, qo‘rg‘oshinli, limon tusli hamda sariq kronlar, bo‘yoqchilikda ishlatiladigan lazur va hokazolar kiradi.
Shuni nazarda tutish kerakki, ishqor ta’siriga bardosh bera olmaydigan pigmentlar va yelimli koler kabi neytral aralashmalarni to‘la qurimagan suvoq yuzasini bo‘yash uchun ishlatib bo‘lmaydi, chunki suvoqda ishqor bo‘lishi mumkin, u esa bo‘yoqni buzadi.
Pigmentning tashqi ko‘rinishiga qarab, ishqor yemiruvchi ta’siriga chidamli yoki chidamli emasligini bilib bo‘lmaydi. Qurilish sharoitida pigmentlarning ishqorga chidamliligini sinab ko‘rish mumkin, buning uchun 5
% li ishqor eritmasiga 2-3 g pigment solinadi, 1-2 soat o‘tgandan so‘ng pigmentni ishqor eritmasidan olib etalon pigment rangi bilan taqqoslab ko‘riladi.
Suvli kolerlar tayyorlashda qo‘llaniladigan pigmentlar suvda erimasligi kerak. Suvda eruvchan pigmentlarni suvli kolerlar tayyorlash uchun ishlatish yaramaydi. Chunki, tarkibida suvda eruvchan pigmentlar bo‘lgan aralashmalar bo‘yoq ishlarida ishlatilganda bo‘yalgan yuzalarning ba’zi joylarida bo‘yoq quyilib qoladi. Bundan tashqari shu xil yuzalarni ta’mirlashda «unish» sodir bo‘ladi, ya’ni suvda eruvchan pigment qo‘shib tayyorlangan bo‘yoqning rangi yangi bo‘yoq orasidan o‘tib yuzaga chiqib qoladi.
Pigmentlarning suvga chidamliligini aniqlash uchun suvda suyultirilgan bo‘yoqdan bir tomchi olib, oq filtr qog‘ozga tomiziladi. Tomchi atrofida hosil bo‘lgan rangsiz nam dog‘ bu bo‘yoqning suvda erimasligini ko‘rsatadi. Filtr qog‘ozda tomchi atrofiga yoyilib ketgan rangli dog‘ning hosil bo‘lishi esa bo‘yoqning suvda eruvchanligini ko‘rsatadi.
Yupqa qilib surtilgan suyuq aralashmaning qotib bo‘yoq pardaga aylanish jarayoni qotish deb ataladi. Qotish jarayoni 2 asosiy bosqichga bo‘linadi: «changdan» qotish va «to‘la» qotish. Eng yupqa sirtqi bo‘yoq parda hosil bo‘lish payti «changdan» qotish deb ataladi. Yuzaga berilgan bo‘yoq ashyo qavatining batamom qotib bir xil parda hosil bo‘lish paytiga «to‘la» qotish deb ataladi. Buning uchun plastinkaga paxta tamponi qo‘yiladi, uning ustiga yuzasi 1 sm2 ga teng bo‘lgan yog‘och plastinka, plastinka ustiga esa 200 g keladigan yuk qo‘yiladi. Yarim minut o‘tgandan keyin yuk — yog‘och plastinka va paxta tamponi olinib, bo‘yoq parda yuziga paxta tolalari yopishganligi va ulardan iz tushib qolganligi tekshiriladi. Bu alomatlarning bo‘lmasligi bo‘yoq pardaning to‘la qotganligini ko‘rsatadi.
Lak-bo‘yoq pardaning yaltiroqligi fotoelektrik usul bilan aniqlanadi. Bunda, parda sirtidan o‘tgan nurlar tarami fotoelementning nurga sezgir qatlamiga tushganda hosil bo‘ladigan fotonni o‘lchashga asoslangan.
Bu usul bilan lak-bo‘yoq pardalarning yaltirashi etalon deb qabul qilingan oyna yaltiroqligi bilan taqqoslanadi. Oynaning yaltiroqligi 100 barobar deb qabul qilinib, sinalayotgan bo‘yoq pardaning yaltiroqligi oyna yaltiroqligiga nisbatan shartli ravishda hisoblanadi.
Bo‘yoq yoki lak pardani bukilgandagi mustahkamligini aniqlash uchun sinalayotgan bo‘yoq yoki lok ashyo qalinligi 0,2-0,3 mm, eni 20 mm va uzunligi 100—150 mm keladigan tunuka plastinkaga surtiladi. Bo‘yoq qotgandan keyin plastinkaning bo‘yalmagan tomonini sterjenga qattiq qisib turib, sterjen atrofida 180° ga asta- sekin bukiladi. Sinash qalinligi 20 mm keladigan sterjendan boshlanadi, keyin plastinkaning boshqa joyi qalinligi 15 mm keladigan sterjenda bukiladi. Bukish shu yo‘sinda bo‘yoq pardada yoriqlar paydo bo‘lguncha davom ettiriladi. Bo‘yoq pardaning bukilishga mustahkamligi shu lak-bo‘yoq qoplamani bukishda shikastlanmagan eng ingichka sterjenning diametri bilan ifodalanadi.
Dostları ilə paylaş: |