SHISHA BUYUMLAR Taxta oyna — shisha buyumlar ichida eng asosiysidir. Derazabop oyna asosan uch xil bo‘ladi: yaltiragan; yaltiratilmagan; silliqlangan va yaltiramagan. Shisha suv va havoni o‘tkazmaydi, elektr tokini esa juda yomon o‘tkazadi. Agar shisha muttasil o‘yuvchi ishqor ta’sirida bo‘lsa, undagi ikki oksidli qum-tuproqning bir qismi erib, uning yaltiroqligi yo‘qoladi va bir oz xiralashib qoladi.
Qurilish shishasining fizik-mexanik xossalari quyidagicha: siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 700— 1000 MPa, ya’ni egilishdagidan 30—60 MPa dan 15—20 marta ko‘p, Moos shkalasi bo‘yicha qattiqligi 5—7 ga teng, zichligi 2450—2550 kg/sm3. Shishaning issiqlikdan kengayish koeffitsienti 5,5 107 dan 250 107 gacha, issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffitsienti esa 0,35 dan 0,83 Vt/m grad gacha.
Issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffitsientining kichikligi, kengayish koeffitsientining kattaligi shishaning o‘zgaruvchan issiqlik ta’siriga chidamsizligini ko‘rsatadi, ya’ni agar shisha qizdirilib, keyin tez sovutilsa, unda katta zo‘riqish hosil bo‘ladi va buyum sinadi.
Shisha kimyoviy jihatdan chidamlidir. Shisha plavik (ftor vodorod) kislotadan boshqa hamma kislota va nordon eritmalar ta’sirida o‘z xossalarini o‘zgartirmaydi.
Keltirilgan ko‘rsatkichlar qurilishda ishlatiladigan oddiy shisha buyumlari uchun ahamiyatli. Qurilishda bulardan tashqari maxsus shishalar ham ishlatiladi. Ular deyarli hamma sharoitlarga chidamli bo‘ladi. Masalan, xira, issiqqa chidamli, sinmaydigan, ultrabinafsha nurlarni o‘tkazadigan shisha buyum va hokazo.
Qurilish shishasigaderaza ko‘zlariga solinadigan oyna taxtasi, shisha bloklar, plitalar kabi donali shisha buyumlar kiradi. Me’morchilik-bezatish shishasiga qoplama plitkalar, turli rangdagi bezatish oynalari, rangli shisha blok va boshqalar kiradi ( 5.1-rasm).
Qurilishda ishlatiladigan shisha buyumlar juda ko‘p xillarga bo‘linadi. Masalan, derazabop taxta, oyna, po‘lat sim to‘r bilan armaturalangan taxta oyna va ko‘zgu oynasi, dekorativ, o‘ta mustahkam oynalar, tom yopishda hamda devorga qoplashda ishlatiladigan shisha plitalar, ichi kovak shisha bloklar va naylar.
Shishaning qurilishda issiq-sovuqni kam o‘tkazadigan ko‘pik-shisha, taxta-shisha tola kabi turlari ham ishlatiladi. Bulardan tashqari, shisha buyumlar ko‘rinishiga ko‘ra jilvali, nur tarqatuvchi, qoplama va rangli xillarga bo‘linadi. Bunday taxta oynalar quyma usulda ishlanadi. Ularning bir sirti tekis bo‘ladi. «Vitrasil» deb ataluvchi nur tarqatuvchi taxta oynalar sanoat qurilishida ishlatiladi. U o‘zidan issiqlik va tovushni kam o‘tkazadi.
Taxta oyna eritmani uzluksiz tortish va prokatka qilish usullari bilan olinadi. Ishlab chiqarishda asosan uzluksiz tortish usuli qo‘llanadi. Qalinligi 2—6 mm bo‘lgan deraza taxta oynalarining sirti zavodda maxsus tekislovchi uskunalarda pardozlanadi. Nur o‘tkazuvchanligi 84—89%. Bu xil oyna taxtalar bino hamda vagon derazalarini solishda, do‘kon ko‘rgazmalari va shu kabilarni yasashda ishlatiladi. Texnik maqsadlar uchun qalinligi 20 mm dan ortiq taxta oynalar ham ishlatiladi.
Derazabop taxta oyna eni 250 dan 1600 mm gacha, uzunligi 250 dan 2200 mm gacha o‘lchamlarda ishlab chiqariladi. Taxta oynalar asosan yuqori haroratdagi shisha eritmasi yuzasiga tik o‘rnatilgan qayiqni eslatuvchi mashinalarda tortish usuli bilan ishlanadi (5.2-rasm).
Maxsus shisha eritmasi to‘lg‘azilgan hovuzga taxta oyna qoliplovchi qayiqcha o‘rnatilgan bo‘ladi. Gidrostatik bosim ostida qayiqcha tirqishidan shisha eritma tik ravishda uzluksiz tortiladi. Ma’lum qalinlikda tortilayotgan shisha lentani tez qotirish maqsadida uning ikki sirtiga suvli sovutgich o‘rnatilgan bo‘ladi. Bir oz sovigan hamda ma’lum mexanik xususiyat olgan shisha lenta kerakli o‘lchamlarda kesiladi va butunlay sovishi uchun maxsus sovitish shaxtalariga yuboriladi.
Tayyor shisha davlat standartlariga ko‘ra sortlarga ajratiladi va yog‘och taxta yashiklarga joylanib qurilishga yuboriladi.
Katta o‘lchamdagi taxta oynalar, har xil gullar bilan bezatilgan oynalar va po‘lat sim to‘ri bilan armaturalangan taxta oynalar shisha zavodlarida uzluksiz ishlaydigan prokat usulda tayyorlanadi. Taxta shishalarni prokat usulda tayyorlaganda, shisha bo‘tqa yarim soviganda uning bir yoki ikki yuzasiga bezak beruvchi qolip bosiladi. Natijada, oyna yuzasida uch yoki olti burchakli hajmiy bo‘rtib chiqqan bezak hosil bo‘ladi. Bezak oyna rangli va rangsiz xillarda chiqariladi. Buning uchun shisha xomashyoga rang beruvchi minerallar solinadi yoki taxta oyna yuzasiga temir oksidli bezakli pardalar yopishtiriladi. Shuningdek, laylak, qor parchalari kabi bezak beruvchi shtamplar bosiladi. Taxta oynalar yuzasiga diametri 0,45—0,60 mm li simdan ishlangan to‘r shisha bo‘tqaga uning sovishi oldidan, qizdirilgan holatda botiriladi va ikkinchi qatlam shisha yotqiziladi. Simli to‘rning tomonlari 12,5 va 25 mm li olti burchakli shaklda ishlanadi. Simli taxta oynalar mustahkam va o‘tga chidamli bo‘lishi kerak. Nur o‘tkazuvchanligi 65-75% dan kam bo‘lmasligi zarur. Bu usulda shisha eritmasi maxsus qozondagi prokat eniga mos qolipga quyiladi va kerakli qalinlikka keltirish maqsadida eritma shisha lentaning pastki va ustki sirtiga o‘rnatilgan ikki g‘ildirak orasidan o‘tkaziladi. Shisha lenta maxsus aylanib turadigan g‘o‘lachalar — rolganglarda sovitiladi, sirti silliqlanadi,
so‘ngra kerakli o‘lchamlarda kesib yashiklarga solinadi.