Sitallar. Shisha eritmasining qisman yoki obdon kristallanishi natijasida sitallar hosil bo‘ladi. Sitallar yuqori mustahkam (5000 kg/m2 yoki 500 MPa gacha) va zararli muhitga chidamli hamda buyumlarni elektr tokidan muhofazalashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan ashyolardir. Tashqi ko‘rinishiga ko‘ra sitallar qo‘ng‘ir, jigarrang, kulrang, rangsiz va yaltiroq bo‘ladi. Sitallar olish texnologiyasi shishani olish texnologiyasiga o‘xshashdir. Ammo bunda shisha eritmasiga uning tez kristallanishi uchun 4-5% miqdorda katalizatorlar qo‘shiladi.
Tuzilishiga ko‘ra sitallar kompozit ashyo bo‘lib, mayda shisha kristallardan tashkil topgan uzluksiz amorf shishasimon matritsadan iborat. Undagi shishasimon matritsa qatlamlarining qalinligi o‘ndan bir mikronga teng. Kristallarning o‘rtacha yirikligi esa 1-2 mkm dan oshmaydi. Sitallardagi shishasimon matritsaning hajmi 90—95% ga teng bo‘ladi. Sitallar shisha singari mo‘rt, egilishdagi mustahkamligi kichik va qizdirishga chidamli. Fizik-mexanik xossalariga ko‘ra sitallar po‘latni eslatadi. Uning qattiqligi toblangan po‘lat qattiqligidan kam emas. Harorat 100°C bo‘lganda ham sitallda buzilish alomatlari bo‘lmaydi. Sitallarning ayrim turlarini po‘lat bilan payvandlasa bo‘ladi. Kuchli kimyoviy zararli muhitga chidamli, siqilishdagi mustahkamligi 500 MPa gacha bo‘lishi mumkin.
Sanoat korxonalari pollaridan og‘ir mashinalarning yurishi, kislota yoki ishqor singari zararli suyuqliklarning to‘kilishini hisobga olganda, pollarni sitallardan ishlash tavsiya etiladi. Shuningdek, kimyo sanoatidagi uskunalarning ayrim qismlari, yuqori zararli suyuqliklarni uzatishda ishlatiladigan quvurlar va issiqlik ta’siridagi apparatlarni sitalldan tayyorlash iqtisodiy jihatdan samaralidir. Sitallar qo‘ng‘ir, kulrang, jigarrang, xira va rangsiz xillarda ishlab chiqariladi.
Toshqol sitallaritemir rudasining toshqol eritmasiga kvars qumi va qo‘shilmalar qo‘shib texnologik jarayonlarni maxsus usulda boshqarilishi natijasida olingan shisha kristall ashyodir. Toshqol sitallar qurilishda eng ko‘p ishlatiladi. Tashqi ko‘rinishiga ko‘ra, toshqol sitallari zich, mayda zarrachali va yaltiroq bo‘lmaydi. Uning zichligi 2500—2700 kg/m3 ga teng, siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 650 MPa gacha, qizdirishga chidamliligi esa 750°C gacha bo‘lishi mumkin. Toshqol sitall eritmasiga ko‘pirtiruvchi minerallarni qo‘shib, ko‘pik toshqol sitall ashyolarini olish mumkin. Issiqlikni saqlovchi ko‘pik toshqol sitallarning zichligi 300— 600 kg/m3, siqilishdagi mustahkamligi 6—14 MPa, qizdirishga chidamliligi 750°C dan oshmaydi. Issiqlik ta’sirida bo‘ladigan quvurlar va sanoat o‘choqlarini qoplashda ishlatiladi.