MAVZU. Soliq tizimida axborot komplekslari va texnologiyalari.
Ishning maqsadi: Parametrlarni tanlash usulidan foydalanib, shtab jadvali asosida firma xodimlarining ish haqlarini aniqlash.
21-variant Soliq haqida tushuncha va uning turlarini misollar bilan ko’rsatib bering. Shu mavzu bo’yicha laboratoriya ishi bajaring.
Soliq, davlat yoki mahalliy boshqaruv faoliyatini taʼminlash uchun davlat organlari tomonidan tashkilot va jismoniy shaxslardan yigʻib olinadigan toʻlovga aytiladi. Davlat budjeti daromadlar qismining asosiy manbai soliqlar hisoblanadi. Shuningdek, soliq iqtisodiy turkum sifatida, sof daromadning bir qismini budjetga jalb qilish shakli boʻlib, moliyaviy munosabatlarning tarkibiy qismini tashkil qiladi. Soliq yordamida milliy daromadning tegishli qismi taqsimlanadi va qayta taqsimlanadi. Davlat tomonidan olinadigan soliqlar hamda ularning tashkil qilinish shakl va usullari birgalikda soliq tizimini tashkil qiladi. Milliy iqtisodiyotda soliqlar quyidagi uchta muhim vazifani bajaradi: davlat xarajatlarini moliyalashtirish (fiskal vazifasi);
ijtimoiy tanglikni yumshatish (ijtimoiy vazifasi);
iqtisodiyotni tartibga solish (tartibga solish vazifasi).
Davlat sarflari soliq tushumlari hisobiga amalga oshsada, davlat sarflari miqyosining oʻsishi oʻz navbatida soliqlarning oʻsishini taqozo qiladi va uning darajasini belgilab beradi. Hozirgi davrda umumiy tendensiya boʻlgan davlat sarflarining va shunga mos ravishda soliq hajmining oʻsib borishini quyidagi omillar taqozo qiladi: Aholi sonining oʻsishi.
Ijtimoiy soha xizmatlari sifatiga talabning ortishi va urbanizatsiya.
Atrof-muhitning ifloslanishi.
Daromadlar tengsizligini qisqartirish dasturlarini amalga oshirish.
Milliy mudofaa, davlat xavfsizligini taʼminlash xarajatlari hajmining oʻsishi.
Korxonalar faoliyatini soliq yordamida tartibga solish quyidagi umumiy tamoyillari asosida amalga oshiriladi: barcha daromadlardan, ularning manbalariga bogʻliq boʻlmagan holda soliq undirishning majburiyligi;
soliq undirishda barcha uchun yagona umumdavlat siyosati;
samarali ishlovchi korxonalarda hamda xoʻjalik yuritishning ilgʻor shakllari uchun soliq meʼyorlarining ragʻbatlantiruvchi rolini taʼminlash;
soliq toʻlovi boʻyicha barcha subʼektlar majburiyati ustidan moliyaviy nazorat.
Soliq stavkasini belgilash bir qator tamoyillarga asoslanadi: Naflilik tamoyili — turli shaxslardan, ularning soliqlar hisobiga moliyalashtiriladigan dasturlardan foydalanishi darajasiga qarab turlicha soliq undirilishi kerakligini bildiradi.
Toʻlovga layoqatlilik tamoyili — soliq miqdori soliq toʻlovchining boyligi va daromadlari darajasiga mos kelishi zarur. Boshqacha aytganda, soliq solish daromadlarning adolatli taqsimlanishini taqozo qilishi zarur.
Adolatlilik tamoyili — daromadlari va hukumat dasturlaridan foydalanish darajasi boʻyicha teng boʻlgan kishilar teng miqdorda soliq toʻlashi zarur.