Mavzu: Elektr energiysini tejash
Reja:
Energetik krizislar.
Boshqa jihozlar.
Chiroqlar va muzlatkich.
Energetik krizislar va narxlarning o‘zgarishi ko‘pchilik odamlarning elektr energiyasidan tejab foydalanishiga turtki bo‘lmoqda. Ushbu xarajatlarni kamaytirish uchun, eng avvalo, uyimizda nima eng ko‘p elektrni «yeb qo‘yyapti» degan savolga aniqlik kiritish, kerak bo‘lsa, ba’zi odatlarimizni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.
Fransiyaning Schneider Electric energiya iste’molini boshqarish kompaniyasi (O‘zbekistonda vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatadi) mutaxassislari uy xo‘jaliklarida eng ko‘p energiya iste’mol qiluvchi uskunalar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Ushbu ro‘yxatda isitish va sovitish jihozlari birinchi o‘rinni band qilgan – ularning hissasiga jami iste’molning 50–70 foizi to‘g‘ri keladi.
«Konditsioner, changyutkich singari katta jihozlar uy xo‘jaligida elektr iste’molining katta qismini oladi. Bunday jihozlarning elektr sarfi jami iste’molning 50 – 70 foizini tashkil qilishi mumkin. Bu – jihozning isitish yoki sovitish moslamasi ekanligiga bog‘liq. Isitish jihozlari sovitish jihozlariga ko‘ra ancha ko‘p energiya talab qiladi», deydi kompaniya injeneri Andryus Peryavichyus.
Uning so‘zlariga ko‘ra, suv isitish moslamalari (boylerlar) eng ko‘p energiya sarflovchi jihozlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda turadi. Agar boylerda isitiladigan suv yuvinish, idish yuvish, kir yuvishga ishlatilsa, bu xarajatlar hissasi yillik iste’molning 12 foizigacha yetishi mumkin. Elektr suv isitkichning sarf ko‘rsatkichlari oila a’zolari soniga hamda ularning tejamkorlik madaniyatiga chambarchas bog‘liq. Ba’zi holatlarda u oyiga 400 kilovatt-soatgacha yetadi.
Bunday uskunalarning iste’molini faqatgina qat’iy nazorat orqali kamaytirish mumkin. Masalan, uyda uzoq vaqt bo‘lmagan paytingiz «ta’til» rejimini yoqib qo‘yish mumkin. Shuningdek, suvdan hech kim foydalanmaydigan soatlarda boylerni o‘chirib qo‘ysa ham bo‘ladi.
Boshqa jihozlar
O‘rtacha olganda, kir yuvish mashinasi yillik iste’molning 2–5 foizini, idish yuvish mashinasi 2–3 foizini, elektr plita va duxovka 8 foizini tashkil etadi. Tabiiyki, ushbu elektr jihozlarning sarfi ulardan qanchalar ko‘p foydalanishimizga bog‘liq. Kir va idish yuvish mashinalarini faqat to‘ldirgan holda ishlatish orqali energiya sarfini anchagina kamaytirish mumkinligi isbotlangan.
Kompyuterlar, televizorlar, gadjetlar ham bugungi kunda ancha ommalashgan hamda jami xarajatlarimizning taxminan 10 foizini «yeb qo‘yadi». «Ushbu uskunalar odatda uydagi tarmoqda ulangan holda qoldiriladi va yoqilmagan vaqtda ham tok oladi», deydi A.Peryavichyus.
Dostları ilə paylaş: |