Entomologiya va fitopatologiya



Yüklə 3,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə1/15
tarix04.05.2017
ölçüsü3,01 Kb.
#16542
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15

1
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi
A.Sh. Sheraliyev, B.E Murodov
ENTOMOLOGIYA VA
FITOPATOLOGIYA
Kasb-hunar kollejlari uchun o‘quv qo‘llanma
Toshkent — “Yangi nashr” — 2008

2
Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi ilmiy-metodik birlashmalari
faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Kengash tomonidan nashrga tavsiya
etilgan
Taqrizchilar: Nuraliyev X.X — O‘zR FA “Botanika”
IICHM Botanika bog‘i direktori,
mikologiya laboratoriyasi mudiri,
biologiya fanlari nomzodi, dotsent
O‘lmasbayeva R.SH. — ToshDAU
O‘simliklarni himoya qilish kafedrasining
dotsenti, biologiya fanlari nomzodi
Maxamatov M. — Qibray qishloq xo‘jalik
kasb-hunar kollejining o‘qituvchisi
Sheraliyev A.Sh.
Entomologiya va fitopatologiya: Kasb-hunar kollejlari uchun o‘quv qo‘l:/
A.Sh. Sheraliyev, B.E. Murodov; O‘zR oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi,
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi — T.: Yangi nashr, 2008. —208 b.
I. Murodov B.E.
O‘quv qo‘llanmada o‘simliklarni zararlaydigan hasharotlar va kasallik
qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlarning morfologik tuzilishi, oziqlanishi, ko‘payishi,
tarqalishi, keltirib chiqaradigan kasalliklarining tafsiloti, biologik xususiyatlari,
infeksiya manbayi va ularga qarshi kurash choralari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar
berilgan.
Qo‘llanma Qishloq xo‘jaligi kollejlarining qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik
yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ta’lim
standartlari bo‘yicha namunaviy dastur asosida yozilgan.
BBK 28.691.89ya722
© “Yangi nashr”, 2008-yil.
ISBN 978-9943-330-23-8
28.691.89
Sh47

3
K I R I S H
O‘simliklarni zararlovchi hasharotlar va kasalliklar hosil sifati
va miqdoriga salbiy ta’sir ko‘rsatib qolmasdan, balki butunlay
nobud qiladi. Hozirgi ekologik sharoitda zararlangan o‘simlik
mahsulotlarini iste’mol qilish insonlar salomatligiga, ularning
xomashyolaridan ishlab chiqarish jarayonida foydalanish tayyor
mahsulot sifatini yomonlashtirib, xo‘jaliklar iqtisodiyotiga salbiy
ta’sir ko‘rsatmoqda.
Jahon qishloq xo‘jaligida yetishtirilgan mahsulotlarning 30%
dan ortig‘i vegetatsiya davomida kasalliklar, hasharotlar, begona
o‘tlar salbiy ta’siri natijasida, 20%i ularni omborxonalarda saqlash
jarayonida nobud bo‘ladi. Bu zararning miqdorini kamaytirishda,
aholiga ekologik sof oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish davrida
uchraydigan zararlanishni keltirib chiqargan mikroorganizmlar va
hasharotlarning turlar tarkibini bilish, ularning biologik
xususiyatlarini o‘rganish, kasalliklarga va hasharotlarga qarshi to‘g‘ri
kurash choralarini ishlab chiqish muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga
ega.
Entomologiya — hasharotlar to‘g‘risidagi fan bo‘lib,  grekcha—
entomon — hasharot, logos — fan degan ma’noni anglatadi.
Entomologiya fani biologiyaning jadal rivojlanayotgan sohalaridan
biridir. Hasharotlar olami turlari sonining ko‘pligi, yashash tarzi,
bioekologik xususiyatlari bilan boshqa organizmlardan tubdan farq
qiladi.
Hasharotlarning bir milliondan ortiq turi fanga ma’lum bo‘lib,
har yili bir necha sondagi yangi turlari topilmoqda. Hasharotlar
bilan insoniyat juda qadimdan qiziqib kelgan. Xonakilashtirilgan
hayvonlar  ichida asalari va tut i pak qurti hasharotlar  sinfining
vakillaridir. Hasharotlarning ko‘pgina turlari o‘simliklarni changlani-
shida katta ahamiyatga ega bo‘lsa, ayrimlari qishloq xo‘jaligi ekinlari
va o‘rmon o‘simliklari bilan oziqlanib zarar yetkazadi. Ayrim
hasharotlar inson va hayvonlar orasida turli xil kasalliklarning
tarqalishiga sabab bo‘ladi.

4
Entomologiya fani quyidagi bo‘limlarga bo‘linadi: umumiy
entomologiya, qishloq xo‘jaligi entomologiyasi, tibbiyot
entomologiyasi, veterinariya entomologiyasi va o‘rmon
entomologiyasi.
O‘rmon entomologiyasi — o‘rmonda uchrovchi hasharotlarning
biologiyasi, anatomiyasi, o‘simliklar bilan aloqasi, oziqlanishi,
ko‘payishi, foydali tomonlari, zarari va o‘rmon zararkunanda
hasharotlariga qarshi kurash choralarini o‘rganadi.
O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirishga
alohida e’tibor berilmoqda. Mamlakatimiz o‘rmon fondi — 9119
ming gektar bo‘lib, shundan 2776 ming gektari daraxtlar bilan
qoplangan. Mazkur o‘rmonlarga bir necha turdagi zararkunanda
hasharotlar zarar yetkazadi. Yer yuzidagi o‘rmonlarning 50 %
maydoni zararkunandalardan zararlanishi va boshqa sabablarga ko‘ra
qisqargan.
Entomologiya fani o‘z navbatida biologiyaning bir qator sohalari:
botanika, zoologiya, o‘simlikshunoslik, fitopatologiya, ekologiya
kabi fanlar  bilan uzviy aloqada.
Fitopatologiya o‘simliklarda kasallik qo‘zg‘atuvchi zamburug‘lar,
bakteriyalar, viruslar, mikroplazmalar, aktinomitsetlar tomonidan
keltirib chiqariladigan kasalliklarning turlar tarkibini, tarqalishini,
keltiradigan zararini va ularga qarshi kurash choralarini o‘rganadigan
fandir. U yunon tilidagi phyton  — o‘simlik, pathos — kasallik,
logos — ta’limot degan so‘zlardan olingan bo‘lib, o‘simliklar
kasalliklarini o‘rganuvchi ta’limot degan ma’noni anglatadi.
Qishloq xo‘jalik ekinlari va daraxtlarning kasalliklari miqdori
yildan-yilga ortib bormoqda. Natijada, bug‘doyda — 148 ta,
makkajo‘xorida — 103 ta, tokda — 100 ta, tutda  — 100 ta, qand
lavlagida — 135 ta, g‘o‘zada — 110 dan ortiq , jo‘kada — 280 ta,
qarag‘ayda — 181 ta kasalliklar aniqlangan (Cheremisinov va
boshq.,1973). Bu kasalliklarga qarshi kurash jarayonida insonlar
atrof muhitga bevosita (kimyoviy, fizikaviy) va bilvosita (agrotexnik,
seleksiya) ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada, kasallik qo‘zg‘atuvchi
mikroorganizmlarning xususiyatlari o‘zgarib, yangi turlari, irqlari
va shakllari vujudga kelmoqda.
Xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy, savdo munosabatlarining
kengayishi bir davlat hududida uchraydigan kasallik
qo‘zg‘atuvchilari va hasharotlarning boshqa hududlarga tarqalib,
arealining kengayishiga yoki yangilarining paydo bo‘lishiga sabab
bo‘lmoqda.

5
Fitopatologik bilimlar saviyasi kasallikning kelib chiqishi,
tarqalishi, zarari, patogenlik jarayonining sabablarini to‘g‘ri bilish,
ularga qarshi kurashning ilmiy asoslangan choralarini ishlab chiqish
darajasiga bog‘liqdir.O‘simlik kasalliklariga qarshi kurash ularning
hosildorligini oshirish, isrof qilmasdan saqlash maqsadiga qaratilgan
yagona iqtisodiy siyosatni amalga oshirib qolmasdan, balki zararsiz,
xavfsiz kimyoviy va biologik vositalardan foydalangan holda inson
salomatligini hamda tashqi muhitni muhofaza qilishga va insonlar
salomatligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Har bir fermer, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ekinlarning
kasalliklarini to‘g‘ri aniqlab, zamonaviy kurash choralarini qo‘llash
asosida, hosildorligini saqlab qolish yo‘llarini bilishi lozim. Buning
uchun fitopatologiya va entomologiyaga oid bilimlarga ega bo‘lgan
mutaxassislarni tayyorlash ta’lim tizimida asosiy rol o‘ynaydi.
Kasallik va hasharotlarga qarshi kurashdan ko‘ra uning oldini
olish muhimdir. Buning uchun kasallikni keltirib chiqaruvchi
zamburug‘lar turini to‘g‘ri aniqlash, kasallik belgilarining namoyon
bo‘lishi, infeksiya manbalarini bilib, ularning ekinlarga keltiradigan
zararini keskin kamaytirish va ekinzorlarning fitosanitariya holatini
yaxshilash zarur.
Qishloq xo‘jalik o‘simliklarining kasalliklari va hasharotlariga
qarshi kimyoviy kurash choralarini o‘tkazishda fungitsid,
pestitsidlarni surunkasiga qo‘llash biosferada ular qoldiqlarining
to‘planib qolishiga olib keladi. Oqibatda barcha tirik organizmlarga
salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Har qanday ekinlarni yetishtirishda ularning
kasalliklariga qarshi yuksak malakali himoya choralarini rejali
o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish agrotexnik tadbirlar majmuasiga kirgan
jarayonlarga ilmiy yondashishni taqozo qiladi.
Ekinlarning kasallik va hasharotlariga qarshi kurash choralarini
to‘g‘ri belgilashda malakali mutaxassislarning bilim saviyasi va
ko‘nikmalari asosiy rol o‘ynaydi. Keyingi yillarda o‘simlik kasalliklari
va hasharotlariga qarshi kurash borasida ko‘p fundamental ishlar
chop etilgan bo‘lsa-da, ular xorijiy tillarda yozilgan bo‘lganligidan
mahalliy mutaxassislarga yetib borishida va kadrlar tayyorlashda
ularning adabiyotlar bilan ta’minlanishida o‘ziga xos qiyinchiliklarni
tug‘dirmoqda. Ayniqsa, o‘rmonlardagi daraxtlar va ayrim guruhga
mansub qishloq xo‘jalik ekinlari to‘g‘risida davlat tilidagi adabiyotlar
umuman mavjud emas. Bu kamchiliklarni bartaraf qilishda shu sohaga
oid ilmiy, ommabop va o‘quv darsliklarining chop etilishi muhim
qadam bo‘ladi.

6
Ushbu o‘quv qo‘llanmani kollejlarda o‘rganish uchun 60 soat
ajratilgan bo‘lib, 44 soat nazariy va 16 soat amaliy mashg‘ulotlar
o‘tish rejalashtirilgan. Rejaga asosan o‘simliklarda uchraydigan asosiy
kasalliklar va hasharotlar sistematikasi, rivojlanish biologiyasi,
tarqalishi, keltiradigan zarari va ularga qarshi kurash choralari
to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilgan.
O‘quv qo‘llanma mualliflarning “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunni
hayotga tatbiq qilish borasidagi harakati va ko‘p yillik pedagogik
tajribasini umumlashtirishning natijasidir. Mualliflar umid
bildiradiki, ushbu o‘quv qo‘lanmani kelajakda yanada
takomillashtirish uchun o‘quvchilarning fikr-mulohazalari muhim
amaliy ahamiyat kasb etadi. Qo‘llanmani tayyorlashda mualliflar
adabiyotlar ro‘yxatida keltirilgan va shu sohaga tegishli bo‘lgan
boshqa adabiyotlardan ham foydalandilar.
Qo‘llanmaning birinchi qismi dotsent B. Murodov, ikkinchi
qismi professor A. Sheraliyev tomonidan tayyorlandi.

7
I QISM
1-BOB. Entomologiya fanining rivojlanish tarixi
Insoniyat hasharotlar olami bilan juda qadimdan qiziqib
kelgan. Hasharotlar dastavval oziq-ovqat  sifatida, keyinchalik
qishloq xo‘jalik ekinlarining zararkunandalari sifatida o‘rganila
boshlandi. Xalq tabobatida Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon
Beruniy  kabi allomalar o‘z asarlarida hasharotlarning bir necha
turlaridan turli kasalliklarni davolashda foydalanish mumkinligini
qayd yetganlar.
Hasharotlar olamini ilmiy asosda o‘rganish 17- asrda boshlandi.
K. Linney tirik organizmlarni sistemaga solishda ularning qo‘shaloq
nomlanish tizimiga asos soldi va hayvonot olamini sut emizuvchilar,
qushlar, darrandalar, baliqlar, chuvalchanglar va hasharotlar
sinflariga ajratdi.
Hasharotlar ustida ilmiy kuzatuvlar olib borgan Redi (1667)
ular ko‘payishini, italyan olimi I. Malpigi hasharotlar
anatomiyasini, A. Reomyur (1683—1757) hasharotlar biologiyasi
va anatomiyasini, K. Brant (1839—1891) hasharotlar nerv
sistemasini o‘rganib, entomologiya fanining rivojlanishiga katta hissa
qo‘shdilar.
O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish
maqsadida o‘simliklarning istiqbolli navlari yaratilib, ularning zararli
organizmlariga qarshi samarali kurash chora-tadbirlari ishlab
chiqilmoqda.
Markaziy Osiyo issiq iqlim sharoiti qishloq xo‘jaligi ekinlarining
yaxshi rivojlanishi bilan birga turli zararkunandalarning rivojlanishi
uchun ham qulaydir.
Turkiston hasharotlari dunyosini jadal o‘rganish maqsadida
1868—1871-yillarda Moskva universiteti professori A.P. Fedchenko
boshchiligida Zarafshon vodiysiga ekspeditsiya tashkil etildi va
o‘lkamiz hasharotlari 17000 dan ortiq turga mansubligi aniqlandi.
Mazkur ekspeditsiyada  B. Solskiy (1874) qo‘ng‘izlarni, N. Yershov
(1874) kapalaklarni, T. Oshanin (1891) yarim qattiq qanotlilarni
o‘rganishdi.

8
XX asrda fitopatolog A.A. Yachevskiy, entomologlar  B. M.
Vasilyev va I.M.Vasilyevlar Markaziy Osiyoda o‘simliklarni himoya
qilish va entomologiya fanini rivojlantirish maqsadida Murg‘ab davlat
entomologiya stantsiyasini tashkil etishdi.
1911-yilda Toshkentda ochilgan Turkiston entomologiya
stantsiyasida V.I. Plotnikov qishloq xo‘jalik o‘simliklarining
zararli organizmlarini o‘rganish, ularga qarshi kurash usullarini
ishlab chiqish va milliy kadrlar tayyorlashda o‘zining munosib
hissasini qo‘shdi. V.I. Plotnikov 60 yildan ortiq muddatda nazariy
va amaliy entomologiya bilan shug‘ullanib, buzoqboshilar
(zararli, uch tishli va mart buzoqboshilari), kuyalar,
bargo‘rovchilar, olcha uzunburuni, qalqondorlar va boshqa
zararkunandalarni o‘rgandi.
O‘zbekistonda entomologiya fanining rivojlanishida  V.Yaxontov,
R. Olimjonov, B. Adashkevich, N.G. Kim kabi olimlar o‘zlarining
munosib hissalarini qo‘shdilar. O‘zbekistonlik olimlar
V.P.Nevskiyning “O‘rta Osiyo shiralari”, R. Olimjonovning
“Entomologiya”, A.I. Plotnikovning “O‘rta Osiyo o‘simliklariga
zarar yetkazadigan hasharotlar”, V.V. Yaxontovning “O‘rta Osiyo
qishloq xo‘jalik ekinlari va mahsulotlari zararkunandalari va ularga
qarshi kurash choralari” kabi asarlari hozirgi kunda ham katta
ahamiyatga ega.
O‘zbekiston o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot
instituti, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Zoologiya va
parazitologiya instituti, Toshkent davlat agrar universiteti,
Andijon, Samarqand qishloq xo‘jalik institutlarining olimlari
tomonidan entomologiya va fitopatologiya fanlarining qishloq
xo‘jaligiga taalluqli turli sohalarida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Akademiklar S.N. Alimuhammedov, D.A.Azimov, professorlar
X.X. Kimsanboyev, A.Sh.Hamroyev, N.Mahmudxo‘jayev,
Sh.T.Xo‘jayev, X.Yahyoyev va boshqa ko‘plab olimlar hozirgi
kunda entomologiyaning turli sohalarida ilmiy va amaliy izlanishlar
olib bormoqdalar.
 Savollar:
Entomologiya fanining rivojlanishida Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon
Beruniy va Karl Linneylarning xizmati nimadan iborat?
Entomologiya fanining rivojlanishida o‘zbek olimlarining roli qanday?

9
2-BOB. Hasharotlar to‘g‘risida ma’lumot
Hasharotlar umurtqasiz hayvonot olamining bo‘g‘im-
oyoqlilar  ti piga  mansub sinf bo‘lib,  ular  tabiatda   keng  tarqal-
gan.  Yer yuzida hasharotlarning 1,5 milliondan ortiq turi fanga
ma’lum. Ular barcha hayvon turlarining yarmidan ko‘prog‘ini
tashkil etadi. Tabiatda hasharotlarning ahamiyati katta bo‘lib,
ular ozuqa zanjirida organik moddalarining doiraviy aylanishida
muhim rol o‘ynaydi. Ko‘pchilik hayvonlar: sut emizuvchilar
(hasharotxo‘rlar turkumi, ko‘rshapalaklar), qushlar, suvda va
quruqda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, baliqlar hasharotlar
bilan oziqlanadi. O‘z navbatida hasharotlar ham o‘simliklar va
boshqa hayvonlar hisobiga oziqlanadi. Go‘ngxo‘r, o‘laksaxo‘r
va o‘simlik qoldiqlari bilan oziqlanuvchi hasharotlar tabiatda
sanitar vazifasini bajaradi. Tuproqda yashaydigan hasharot
(chumoli, buzoqboshi) lar tuproqni chirindiga boyitadi va uning
fizik holatini yaxshilaydi. Gulli o‘simliklar (ra’noguldoshlar,
dukkadoshlar, gulxayridoshlar va boshqalar) hasharot
yordamida changlanadi.
Kasallik tarqatuvchi hasharotlar. Bir necha turdagi
hasharotlar bit, burga, chivin, so‘na va to‘shak qandalalari odam
va hayvonlarga parazitlik qilib turli xil kasalliklarni yuqtiradi.
Odamlarda bosh va kiyim biti ko‘p uchraydi. Bezgak chivini bezgak
kasalligini, bitlar terlama va tepki kabi kasalliklarni odamga
yuqtiradi. So‘na, bo‘ka, chivin kabi hasharotlar chorva
hayvonlarining qonini so‘rib turli  kasalliklarni yuqtirib katta
zarar yetkazadi.
Qishloq xo‘jalik ekinlariga zarar yetkazuvchi hasharotlar
700 dan ortiq turni tashkil etadi. Jumladan, g‘o‘zaga g‘o‘za
tunlami, kuzgi tunlam, karadrina, bitlar; donli ekinlarga
zararli xasva, g‘alla bitlari, gessen pashshasi; poliz ekinlariga
har xil bitlar, poliz qo‘ng‘izi; urug‘li mevalarga olma qurti;
kartoshkaga kaloroda qo‘ng‘izi kabi hasharotlar katta ziyon
yetkazadi.

10
 Savollar
Tabiatda hasharotlar qanday ahamiyatga ega?
Odam va hayvonlarda parazitlik qilib turli xil kasalliklarni
yuqtiradigan hasharotlar haqida nimalarni bilasiz?
Hasharotlar qishloq xo‘jalik ekinlariga qanday ziyon yetkazadi?

11
3-BOB. Hasharotlar morfologiyasi va anatomiyasi
3.1.Hasharotlarning tashqi tuzilishi
Hasharotlar tanasi bosh, ko‘krak va qorin qismidan iborat
bo‘lib, bosh qismida bir juft mo‘ylov, ko‘krak qismida uch juft
oyoq mavjud va faqat traxeyalari (nafas olish naychalari) yordamida
nafas oladi (1-rasm). Hasharotlarning qoni boshqa hayvonlardan
farq qilib, gaz almashinuvida ishtirok etmaydi, ya’ni kislorod va
karbonat angidridni tashimaydi. Hasharotlar tanasining ustki qismi
qattiq xitin moddasi bilan qoplangan. Xitin moddasi himoya va skelet
vazifasini  bajaradi. Ularning bosh qismi o‘zaro birlashib ketgan
5—6 bo‘g‘imdan, ko‘krak qismi  3 bo‘g‘imdan va qorin qismi 9—
11 bo‘g‘imdan tashkil topgan.
1-rasm. 
Qora suvarakning tuzilishi.
I — erkagi;  II — urg‘ochisi; III — urg‘ochisining yon tomondan ko‘rinish
sxemasi (ustki va ostki qorin yarim halqa bo‘g‘imlarining joylashish tartibi
raqamlar bilan ko‘rsatilgan): 1 — bosh; 2 — oldingi ko‘krak bo‘g‘imi;
3,4 — o‘rta va keyingi ko‘krak bo‘g‘imlari; 5 — qorin bo‘g‘imlari.
(a — qorinning yuqori yaproqchalari, b — qorinning pastki yaproqchalari);
6 — qanotlar; 7 — mo‘ylov; 8 — oyoqlar; 9 — oyoq tozchalari; 10 — son;
11 — boldir; 12 — panjalar; 13,14,15 — qorin o‘simtalari.

12
Hasharotlarning bosh qismi. Hasharotlarning bosh qismida bir
juft mo‘ylov, og‘iz organlari, bir juft murakkab ko‘z va bir nechta
oddiy ko‘zlari mavjud.
Hasharotlarda oziqlanadigan oziq turiga qarab kemiruvchi va
so‘ruvchi tuzilishdagi og‘iz organlari mavjud. Kemiruvchi og‘iz bitta
yuqori lab, bir juft yuqori jag‘, bir juft pastki jag‘ va bitta pastki
labdan tashkil topgan va qattiq oziqlarni yeyishga moslashgan.
Chigirtka, suvarak va ninachi kabi hasharotlarda og‘iz  kemiruvchi
ti pda   tuzilgan.  Hasharotlarni so‘ruvchi og‘iz apparati faqat suyuq
oziq bilan oziqlanishga moslashgan. Kapalak, chivin va so‘na kabi
hasharotlarda  og‘iz organi so‘ruvchi ti pda  tuzilgan (2-rasm).
2-rasm. 
Hasharotlar og‘iz apparatlarining xillari va tuzilishi.
I — kemiruvchi og‘iz apparati (qora suvarakniki);  II — yalab so‘ruvchi
(asalariniki); III — so‘ruvchi (kapalakniki); IV — sanchib so‘ruvchi
(qandalaniki); I,II — 1 — ustki lab; 2 — yuqori jag‘lar; 3 — pastki jag‘
paypaslagichlari; 4 — 5 — pastki jag‘ning tashqi va ichki o‘simtasi; 6 —
ustuncha; 7 — asosiy bo‘g‘im; 8 — iyak osti bo‘g‘im; 9 — iyak; 10 — tilcha;
11 — tilcha qopchasi; 12 — pastki lab bo‘g‘imli paypaslagichlar. III — 1—
hartumcha; 2 — pastki lab paypaslagichlar; 3 — mo‘ylovlar. IV—1 — bo‘g‘imli
hartumcha; 2 — yuqori lab; 3 — sanchuvchi qilchalar.

13
Hasharotlarning murakkab ko‘zlari ko‘p sondagi mayda
katakchalardan tashkil topgan bo‘lib, ular fasetka deb ataladi.
Murakkab ko‘zlar atrofni rangli tasvirda ko‘radi. Sodda ko‘zlar esa
faqat oq va qora tasvirda ko‘radi.
Hasharotlarning mo‘ylovlari bir juft bo‘lib, xid bilish vazifasini
bajaradi. Mo‘ylovlar hasharot turiga qarab 3—4 ta va undan ko‘p
sondagi bo‘g‘inlardan tashkil topgan. Ba’zi hasharotlarning erkak
va urg‘ochilarida mo‘ylov bo‘g‘imlar soni turlicha bo‘lishi mumkin.
Erkak hasharotlarda mo‘ylov kuchli rivojlangan bo‘lib, urg‘ochisini
topishda ham xizmat qiladi. Ayrim kapalaklarning erkagi urg‘ochisini
11 km masofadan mo‘ylovlari yordamida qidirib topa oladi.
Hasharotlarda  i psimon,  qilsimon,  patsimon,  qilchali,  duksimon
va boshqa ko‘rinishdagi mo‘ylov turlari uchraydi (3-rasm).
3-rasm. 
Hasharotlar mo‘ylovining tuzilishi.
I — mo‘ylov tuzilishi: 1 — xivchini; 2 — oyoqchasi; 3 — dastasi; 4 —
mo‘ylov  chuqurchasi.  II — mo‘ylov  ti plari: 1 — qilsimon; 2 — i psimon; 3 —
cho‘tkasimon; 4 — arrasimon; 5 — taroqsimon; 6 — to‘g‘nag‘ichsimon; 7 —
boshchali mo‘ylov; 8 — duksimon; 9 — yaproqsimon; 10 — taroqsimon
tirsakli mo‘ylov; 11 — noto‘g‘ri mo‘ylov; 12 — patsimon; 13 — qilchali
mo‘ylov.
 Hasharotlarning ko‘krak qismi. Hasharotlarning ko‘krak
qismi old, o‘rta va orqa bo‘g‘imlaridan iborat. Ko‘krak bo‘g‘imlari
o‘zaro harakatchan birikkan bo‘lib, har bir bo‘g‘imda bir juftdan

14
oyoq mavjud. Hasharotlarning oyoqlari o‘ziga xos tuzilishga ega va
yashash sharoitiga moslashgan bo‘ladi (4-rasm). Masalan, chigirtka,
temirchak va chirildoqlar o‘t-o‘lanlar orasida yashaganligi uchun
ularning uchinchi juft oyoqlari sakrovchi ti pda,  buzoqboshi
tuproqda  yashaydi,  uning oldingi bir  juft oyog‘i qazuvchi ti pda va
kapalaklarning oyog‘i esa yuruvchi ti pda tuzilgan. Hasharot
ko‘kragining yuqori qismida bir yoki ikki juft qanot mavjud. Qanoti
bir juft bo‘lsa, ko‘krakning ikkinchi bo‘g‘imida, ikki juft bo‘lsa,
ikkinchi va uchinchi bo‘g‘imida joylashadi. Burga, bit va to‘shak
qandalasi kabi hasharotlar qanotsiz bo‘lib,  parazit hayot kechirishga
moslashgan.
4-rasm.  
Hasharotlar  oyoqlarining ti plari.
a — yuguruvchi; b — sakrovchi; d — qazuvchi; e — suzuvchi; f — qamrovchi;
g — yig‘uvchi; 1 — tozcha; 2 — o‘ynagich; 3 — son; 4 — boldir; 5 — panja;
6 — tirnoq.
Hasharotlarning qorin qismi — bir nechta bo‘g‘indan tashkil
topgan. Qorin bo‘lagi bronza qo‘ng‘izida 8 ta, tuban hasharot
(protura) larda 12 ta bo‘g‘imdan iborat. Qorin bo‘lagi ko‘krakka
harakatchan birikadi. Faqat pardaqanotlilar turkumining vakillarida
birinchi qorin bo‘g‘imi ko‘krak bilan harakatsiz birikkan. Qorin
bo‘g‘imlarini va ko‘kragining ikkinchi va uchinchi bo‘g‘imining yon
tomonida nafas olish teshikchalari joylashgan. Nafas olish
teshikchalari har bir bo‘g‘imda bir juftdan bo‘lib, 9 va 10
bo‘g‘imlarda uchramaydi. Hasharotlarning voyaga yetgan bosqichida
qorin qismida oyoqlar uchramaydi. Ayrim hasharotlarning qorin

15
qismida esa turli xil o‘simtalar bo‘lishi mumkin. Hasharot turiga
qarab  qorin poyasimon, keng, osilgan, botiq va boshqa
ko‘rinishlarda bo‘ladi (5-rasm). Hasharotlar qorin qismida jinsiy va
ayirish sistemasining yo‘llari maxsus teshikchalar orqali tashqariga
ochiladi.
5-rasm.  
Hasharotlarning qorin xillari.
1 — botiq; 2 — keng bandli; 3 — osuluvchan; 4 — uzun poyachali.

Yüklə 3,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin