Epidemiologik diagnoz Epidemiologik diagnozning asosan ikki xil usuli mavjud: 1. Kasallik o’chog’ida o’tkaziladigan epidemiologik tekshiruv. 2. Epidemiologik tahlilKasallik o’chog’ida o’tkaziladigan epidemiologik tekshirish. Yuqumli kasallik o’chog’ida epidemiyaga qarshi olib boriladigan chora-tadbirlarning samarasi, kasallangan odamni aniqlash hamda uni atrofdagilardan ajratib qo’yish muddatiga, kasallikning paydo bo’lish va boshqalarga yuqish sabablarini aniqlashga bog’liq bo’ladi. Yuqumli kasal yoki bakteriya tashuvchi aniqlangan holda kasallik o’chog’i qaerda bo’lishidan qat’iy nazar (oilada, xonada, uyushgan guruhlarda) bemorning o’ziga nisbatan, unga yaqin yurgan kishilarga hamda atrofdagi vaziyatga taalluqli chora-tadbirlar ko’riladi. Shu chora-tadbirlarni rejalashtirish uchun, kasallik o’chog’ida epidemiologik tekshirish o’tkaziladi. Epidemiologik tekshirishning maqsadi: a) gumon qilingan infeksiya manbaini va uning yuqish yo’llarini aniqlash; 28 b) kasallik qo’zg’atuvchisini yuqtirishda qatnashadigan omillarni aniqlash; v) kasallik o’chog’ining chegaralarini belgilash; g) zararsizlantirilishi lozim bo’lgan atrof-muhit obektlarini aniqlash; d) kasallik yuqish xavfi bo’lgan shaxslarni, shuningdek tibbiyot xodimlari kuzatuviga muhtoj, ayrim hollarda esa ajratib qo’yilishi lozim bo’lgan shaxslarni aniqlash; e) kasallik o’chog’ini tugatish bo’yicha tadbirlar rejasini tuzish. Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari bemor yoki bakteriya tashuvchi haqida "shoshilinch bildirish xati (№ 058 hisob shakli)" olinishi bilan epidemiologik tekshirishni boshlaydilar. Epidemiologik tekshirishni asosan epidemiolog vrachlar yoki ularning yordamchilari o’tkazadilar, ba’zi hollarda vaziyatga qarab sanitariya vrachlari yoki boshqa soha xodimlari jalb qilinishi mumkin. Epidemiologik tekshirishda quyidagi uslublardan foydalaniladi: a) Epidemiologik vaziyatni aniqlash, buning uchun ushbu kasallik haqida mavjud bo’lgan hujjatlar o’rganiladi (DSENM da mavjud bo’lgan hujjatlar - uy kartatekasi, bolalar muassasalaridagi yuqumli kasalliklar kartotekasi va yuqumli kasalliklar daftari). Bu hujjatlar asosida turar joyda yoki ish joyida (bolalar muassasasida) xuddi shu kasallik bilan ilgari kasallanish qayd qilinganligi yoki yo’qligi aniqlanadi. Epidemiologik tekshirishning keyingi bosqichi kasallangan kishidan so’rab ba’zi ma’lumotlarni to’plashdir. b) Kasallik o’chog’idagi kasallangan va sog’lom kishilarni so’rab chiqish. Ko’pincha bemorning ahvoli og’ir bo’lganda, yosh bo’lganda, kasallanib qolgan kishining qarindoshlaridan, qo’shnilaridan, xizmatdoshlaridan va ba’zi boshqa shaxslardan so’rashga to’g’ri keladi. Bu so’rashlar natijasida, tekshirilishi va so’ralishi lozim bo’lgan shaxslar, ko’zdan kechirilishi lozim bo’lgan ob’ektlar, laboratoriya tekshiruvlari hajmi, o’rganilishi kerak bo’lgan hujjatlar aniqlanadi. So’rash qanchalik puxta bo’lmasin, u kasallik o’chog’ini ko’zdan kechirishning o’rnini bosa olmaydi. v) Kasallik o’chog’ini va atrof-muhitni ko’zdan kechirish. Tekshirilish o’tkazilayotgan kasallikka ko’ra turli xil ob’ektlar ko’zdan kechiriladi. Masalan: yuqumli ichak kasalliklarda suv ta’minoti inshootlari, suv idishlari, ovqat tayyorlanadigan va saqlanadigan joylar, pashshalar borligiga e’tibor beriladi. Zoonozlarda - hayvonlar va hayvonlardan olinadigan mahsulotlarga ahamiyat beriladi. g) Laboratoriya tekshirishlari natijasini o’rganish, kasallik manbaini topish uchun, kishilar va hayvonlarni bakteriologik va serologik tekshirish zaruriyati borligi va yo’qligini aniqlash katta ahamiyatga egadir. d) To’plangan ma’lumotlarni tahlil qilib, kasallik o’chog’i, uning paydo bo’lish sabablari, o’choqning chegaralari va uni tugatish yo’llari haqida ma’lum xulosaga kelinadi. Epidemiologik tekshirish natijasida to’plangan ma’lumotlar maxsus (№357 hisob shakli) epidemiologik tekshiruv kartasiga kiritiladi. Epidemiologik tekshiruv kartasi hamma ma’lumotlar yozilishi lozim bo’lgan hujjat hisoblanadi.