Qadr–qimmat. Qadr–qimmat tushunchasi inson o‘z qadrini, bu dunyoda uning hayoti oliy qadriyat ekanligini, o‘z shaxsi oldida o‘zi ma’sul ekanligini anglashi uchun xizmat qiladigan hissiyot. U nomus, g‘urur tushunchalari bilan bog‘liq, bir tomondan insonning o‘z qadrini har qanday holatda ham erga urmasligini taqozo etadi. Masalan, iste’dodli, vijdonli, ziyoli odam biror bir shaxsiy ishini hal qilishi uchun nokas boyvachchaga yoki to‘pos rahbarga yalinsa, garchand o‘z maqsadiga etsa ham, bu o‘zi tomonidan o‘z qadrini erga urishdir. Pirovard natijada o‘zini kamsitilgan his qiladi, bundan afsus bilan yashaydi.
Ideal. Bir qaraganda, idealda ham baholash xususiyati mavjuddek tuyuladi. Lekin aslida u qiyoslashga asoslanadi. Antiqa tomoni shundaki, idealda nomavjud, xayoldagi insonga voqelikdagi real, mavjud inson, hayotdagi hodisalar qiyoslanadi, ya’ni bor narsa yo‘q narsa bilan o‘lchanadi. Zero, ideal hayotda mavjud bo‘lishi mumkin emas – bu hammaga ayon gap. Buning ustiga, ideal, yirik ma’noda, hozirgi zamonda ham, kelajakda ham bo‘lmaydi, uning mavjudlik sharti – o‘tgan zamon. Shunday qilib, idealga intilish shaxsning o‘z zamonasidagi odatiy sharoitga sig‘maslik, uni tezroq kengaytirish uchun qilingan xatti–harakatidir. Bu xatti–harakat uchun namunani inson, hozirgina aytganimizdek, kelajakdan topolmaydi, chunki namuna tarixiylikni, tajribaviylikni talab etadi; axloqiy idealga aylangan shaxs tarixiy tajribadagina mavjud bo‘ladi va muayyan zamonga kelib, u ma’lum ma’noda mubolag‘aviy hamda afsonaviy ta’rif–tavsif bilan boyitiladi, ya’ni ideallashtiriladi. Bunga ideal odil podsho No‘shiravon odil yoki ideal sahovat egasi, jo‘mard inson Hotam Taiy Yamaniy siymolari yorqin misol bo‘la oladi.
Hayotning ma’nosi. Mashhur alloma Majididdin Xavofiy, yashash uchun ovqatlanurlar, ovqatlanish uchun yashamaslar, degan hikmatni ko‘p takrorlar ekan. Xo‘sh, aslida inson nima uchun yashaydi? YAshashdan maqsad nima? Inson hayotining ma’nosi nimada?
Har bir inson o‘z umri mobaynida ana shu savollarga javob topishga urinadi va hayotining ma’nosini o‘ziga xos tarzda tushunadi. Shu bois hayotning ma’nosi axloqshunoslikning ancha murakkab tushunchalaridan hisoblanadi.
Avvalo shuni aytish joizki, hayotning ma’nosini yashashdan maqsad degan tushuncha bilan qorishtirib yuborish hollari ko‘p uchraydi. Vaholanki, ularni aynanlashtirish mumkin emas, chunki hayotning ma’nosi maqsadga nisbatan juda qamrovli tushuncha, o‘z ichiga o‘nlab, balki yuzlab maqsadlarni oladi, aniqrog‘i, u muayyan maqsadlar tizimidan tashkil topadi. Shu bois kimningdir biror–bir ezgu maqsadi amalga oshmay qolsa, uning hayotini «ma’nosiz» deb bo‘lmaydi.
Baxt. Hayotning ma’nosi ideal bilan bog‘liq bo‘lgani kabi baxt atamasini ham hayotning ma’nosi tushunchasidan ajratib olingan holda tahlil etish mumkin emas. Zero, baxt inson o‘z hayoti ma’nosini qay darajada tushungani va shu ma’nodan umri mobaynida qoniqish hosil qilib borishidan iboratdir. Har bir insonda qoniqish hissi undagi maqsadlarning takomilga etganidagina ro‘y beradi. Faqat bu takomilga etish jarayoni bir umr davom etadi. SHu ma’noda buyuk ajdodimiz Abu Nasr Forobiy: «Baxt – har bir inson intiladigan maqsad, zotan u muayyan komillikdir», – deganida ko‘p jihatdan haq edi.5 Faqat bu qoniqish ham davomiylik tabiatiga ega ekanini unutmaslik lozim, uni lazzat bilan aynanlashtirish to‘g‘ri emas. Lazzat oniylik xususiyatiga ega, o‘zini faqat jarayondagina namoyon etadigan hodisa va u moddiy hayotdagi real, ammo o‘tkinchi ehtiyojlardan kelib chiqadi. Masalan, gastronomik yoki shahvoniy lazzatni olib ko‘raylik: deylik, siz kabobni xush ko‘rasiz va lazzatlanib eya boshlaysiz, lekin bir oz muddat o‘tgach, to‘yasiz, boshqa egingiz kelmay qoladi; shahvoniy lazzat ham shunday. Baxt esa ma’naviy ehtiyoj bilan bog‘liq, unda maqsadlarga birin–ketin erisha borish, qoniqish jarayoni, boya aytganimizdek, bir umr to‘xtamaydi va doimo lazzat va zavqni o‘z ichiga oladi.