Insonparvarlik. Axloqiy tamoyillarning eng qadimiy va eng muhimlaridan biri – insonparvarlik. U – insonning yuksak ijtimoiy vazifasini belgilaydigan va barqaror etadigan g‘oyalar, qarashlar va e’tiqodlar majmui, shaxs erki, qadr–qimmati, uning baxtli bo‘lish huquqini talab etish imkonining mavjudligiga engilmas ishonch. Insonparvarlik tamoyilini dastlab Ovro‘pa Uyg‘onish mutafakkirlari ilgari surganlar, degan fikr mavjud. Aslida, insonparvarlik dastavval SHarqda o‘rtaga tashlangan, insoniylik, insonparvarlik degan ma’noni bildiruvchi «namlulu» so‘zi bundan 3–4 ming yillar avvalgi Qadimgi Somir giltaxtalarida uchraydi.
Umumjahoniy dinlarning hammasida ham insonparvarlik g‘oyalari ustuvor hisoblanadi. Chunonchi, musulmon manoqiblarida turli variantlarda uchraydigan mashhur rivoyat bor. Rivoyat qilinishicha, Xudoga etishgan odamning xonadoniga emak so‘rab bir majusiy kiradi. Mezbon, unga musulmon bo‘lsang, qorningni to‘ydiraman, bo‘lmasa yo‘q, deydi. Majusiy ko‘nmay chiqib ketadi. Shunda Xudodan, nega unga taom bermading, degan nido keladi. Mezbon, u kofirlikdan kechmagani uchun shunday qildim, deb javob beradi. Shunda Tangri mezbonga, kofir bo‘lsa ham, axir mening bandam–ku, inson–ku, deb tezda uni qaytarib kelib, qornini to‘ydirishni buyuradi.
Demak, insonparvarlikning ibtidosi Tangridan va har bir inson boshqalarga mehr–muhabbat, muruvvat bilan munosabat qilmog‘i lozim. Zero, Hadisi sharifda «Odamlarga rahmli bo‘lmagan kishiga Allohning ham rahmi kelmaydi», deyiladi. Ushbu hadis so‘zlariga mos misolni nasroniylikda ham uchratish mumkin. Buyuk rus faylasuf yozuvchisi F.Dostoevskiyning «Aka–uka Karamazovlar» romanida «Bir bosh piyoz» degan bob bor. Unda roman qahramonlaridan biri Grushenka tilidan shunday rivoyat keltiriladi:
Qadimda bir johil kampir bo‘lgan ekan, o‘libdi–yu, o‘lganidan so‘ng undan biror–bir yaxshilik qolmabdi; shaytonlar uni olovli ko‘lga irg‘itishibdi. O‘ng farishta o‘ylab qolibdi: qani endi kampirning biror–bir fazilatini topsa–yu, Xudoga etkazsa! Shunda kampirning tomorqadan bir bosh piyozni yulib olib, gadoy ayolga sadaqa qilganini eslabdi–da, uni Xudoga aytibdi. Xudo shunda farishtaga: bor, o‘sha bir bosh ko‘k piyozni olib, uzat, agar unga osilib ko‘ldan chiqsa, kampir jannatga kirsin, mayli, agar piyoz uzilib ketsa, o‘sha erda qoladi, debdi. Farishta kampirga piyozni uzatibdi va kampir osilib chiqa boshlabdi, endi qutulib chiqay deganda, qarasa, boshqa gunohkorlar ham uning ketidan chumoliday osilib ko‘ldan chiqib boryapti. Badfe’l kampir ularni tepib pastga tushirishga urinib: «Senlarni emas, meni tortib chiqaryapti, piyoz senlarniki emas, meniki», debdi. SHu gaplarni aytib bo‘lar–bo‘lmas piyoz uzilib ketibdi va kampir hozirgacha o‘sha olovli ko‘lda azob chekar emish.6