Yaxshilik va yomonlik. Ezgulik va yovuzlik haqida gap borganida, yaxshilik va yomonlik nima, bu ikki juftlik mazmunan bir emasmi, degan savol tug‘iladi. Bu tabiiy. Chunki hozirgacha bizga ma’lum o‘zbek tilidagi barcha axloqshunoslikka doir adabiyotlarda ezgulik va yovuzlik mezoniy tushunchalar sirasiga kiritilmagan, u bor–yo‘g‘i yaxshilik va yomonlikning sinonimi tarzida taqdim etib kelingan. To‘g‘ri, yaxshilik tushunchasining ko‘pgina unsurlari ezgulikdan, ezgulikning ba’zi unsurlari yaxshilikdan joy olishini inkor qilish mumkin emas. Ularning ziddida ham shunday «singishib ketish» mavjud. Lekin bunday dalillar aslo mazkur ikki juftlikni aynanlashtirishga asos bo‘la olmaydi.
Xullas, muayyan ijtimoiy cheklanganligiga qaramay, yaxshilik va yomonlik qamrovli mezoniy tushunchalardan.
Adolat. Axloqshunoslikning yana bir asosiy tushunchasi – adolat. Uning ezgulik va yovuzlik hamda yaxshilik va yomonlikdan asosiy farqi shundaki, adolatning o‘zi biror–bir qadriyatni anglatmaydi, lekin qadriyatlar orasidagi nisbatni belgilaydi, ularni baholash maqomiga ega. Shu bois unda jamiyatni tartibga soluvchilik xususiyati bor; unda ham axloqiy, ham huquqiy talablar mujassamlashgan. Uni ma’lum ma’noda axloq sohasidagi miqdor o‘lchovchi ham deyish mumkin: u talab bilan taqdirlashni o‘lchab turadigan tarozidir. Adolat bor joyda ijtimoiy jabrga, beboshlikka yo‘l yo‘q.
Shafqat. SHafqat istilohi xozirgacha axloqshunoslikka doir asosiy o‘quv adabiyotlarda va ilmiy tadqiqotlarda asosiy mezoniy tushuncha sifatida taqdim etilmaydi. Vaholanki shafqatning ildizi inson shaxsiga bo‘lgan muhabbatga borib taqaladi, u ham muhabbat kabi qamrovli hissiyot. Agar muhabbat mehrga asoslansa, shafqat muruvvat bilan bog‘liq. Lekin u ayni paytda muruvvatdan jiddiy farq qiladi. Muruvvat bir insonning ko‘p xollarda o‘ziga aloqasi yo‘q boshqa bir insonga achinish hissi orqali yordamga qo‘l cho‘zishi bo‘lsa, shafqat kishining o‘ziga aloqador odamga, aybdor, gunohkor, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy jazolanishga loyiq kimsaga kechirimlilik orqali insonparvarlik ko‘rsatishdir.
Ba’zan burch tufayli odamlar o‘z sevgisidan, jon–dilidan sevgan kishisidan, hatto aka–ukasi, opa–singlisi yoki farzandidan kechishga ham majbur bo‘ladilar. Xullas, burch axloqshunoslik mezoniy tushunchalari ichidagi eng «qattiqqo‘l», eng «shafqatsizi».