Ibn Sino - falsafa, tibbbiyot bilan bir qatorda geologiya, mineralogiya, astronimiya, kimyo, matematika, botanika kabi ilm sohalarida ham chuqur izlanishlar olib borgan alloma bo‘lib, SHarqda u “SHayh ur-rais” (“olimlarning boshlig‘i”) nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Ibn Sino o‘zining falsafiy qarashlarida Forobiyning borliq to‘risidagi ta’limotini davom ettirdi. U vujudni ikkiga : zaruriy vujud - vujudi vojib va vujudi mumkinga ajratdi. Zaruriy vujud hamma mavjud narsalarning boshlang‘ich birinch sababi - Ollohdir. Undan kelib chiquvchi boshqa narsalar vujudi mumkindir. Vujudi vojib - yakkalikni, vujudi mumkin ko‘plikni ifodalaydi.
Falsafani Ibn Sino ikki kattta qismga : 1) nazariy falsafa - metafizika (oliy darajadagi fan), matematika (o‘rta bosqichdagi fan) hamda tabiat haqidagi fan - tabiyotshunoslikka (quyi bosqichdagi fan), 2) amaliy falsafa - siyosat, huquq, iqtisod va ahloqshunoslikka bo‘lgan.
Mutafakkir moddiy olamda muayyan tartib va qonuniyat borligini tan olib, inson tafakkuri orqali ularning mohiyatini bilishga intilishi, dunyoviy aql insonda aqliy kuch, mantiqiy tafakkur vujudga kelishida hal etuvchi ahamiyatga ega ekanligi haqida mulohazalar yuritgan. Mantiqni o‘rganish haqiqatni to‘g‘ri bilish va aniqlashning muhim vositasi hamda ilm-fan bilan shug‘ullanuvchi har qanday inson uchun eng zaruriy ilmlardan, deb hisoblagan.
Ibn Sino ta’limotiga ko‘ra,inson bilimlarining manbai sezgilardir. Sezgini u tashqi va ichki sezgilarga ajratgan. Tashqi sezgilar - ko‘rish, eshitish, ta’m-maza bilish, hid va teri orqali sezish - insonni tashqi moddiy olam bilan bog‘laydi. Ichki sezgilar tahlil etuvchi, ifodalovchi, eslab qoluvchi tasavvur etuvchi umumiy sezgilardir. Tashqi va ichki sezgilar o‘zaro uzviy bog‘liq..
Inson,- Ibn Sino fikricha, tana va jondan tashkil topadi. Miya jonni boshqarib turuvchi markazdir. Tashqi va ichki sezgilardagi ma’lumot inson qalbidan o‘tib, so‘ng miyaga keladi. Lekin, inson bilimlarining hammasini ham tashqi sezgilar orqali olmaydi, boshlang‘ich sezgi orqali bilib bo‘lmaydigan aksiomalar, aqidalarni inson tafakkur, dunyoviy aqldan oladi. YA’ni dunyoviy aql inson aqlining to‘la va barkamol bo‘lishiga imkon yaratadi, mantiqiy tafakkurning shakllanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Mutafakkir mantiq , ilm-fan bilan shug‘ullanuvchi har qanday inson uchun eng zaruriy ilmlardan bo‘lib, uni o‘rganish haqiqatni to‘g‘ri bilish va aniqlashning muhim vositasi, qurolidir, deb ta’kidlaydi.
Ibn Sino aqlni ikki turga ajratadi: biri xudbin aql, ikkinchisi esa, nafs, hirs va idrokning hatolaridan ozod bo‘lgan faol aqldir. Inson bu faol aql yordamida o‘z jonini anglashi mumkin va uni faqat o‘zi moddiylik tuzog‘idan ozod qila oladi. Uning fikricha, har bir insonning o‘zi komillikka intilishi va o‘zi ustida ishlashi, o‘zining nafs va hirslari bilan kurashishi, aql idrokdagi kamchiliklarini qalb yordamida tuzatishi kerak. Inson yomon illatlardan halos bo‘lgandagina faol aqlga erishishi mumkin.Nafsni engish, jilovlash kamolotga erishishning asosiy shartlaridan biri sifatida talqin qilinadi. Komil inson o‘zining va o‘zgalar tajribasi, ajdodlar an’analari, ta’lim-tarbiya natijasida shakllanadi. Adolat, uning fikricha, eng muhim ahloqiy boylikdir.