Estetik baho shunday ma’naviy hodisaki, garchand qadriyat yaratmasa ham, qadriyatni idrok etish faqat u orqali amalga oshadi
Estetik bahoning yana bir muhim xususiyati shundaki, u estetik anglash tuzilmasi ichidagi eng qamrovli, eng miqyosli ta’sirga ega. U ma’lum ma’noda estetik anglashning deyarli barcha unsurlari uchun mezon vazifasini o‘taydi. CHunonchi, estetik xissiyot, estetik did va estetik idealda buni yaqqol ko‘rish mumkin. Ayniqsa, u estetik did bilan chambarchas bog‘liq. Endi ana shu estetik did masalasini ko‘rib chiqamiz.
Estetik did tushunchasining o‘ziga xosligi shundaki, u bir tomondan, idrok, fahm, farosat kabi ildizi aqlga borib taqalsa, ikkinchidan, o‘zining ehtiros, his—hayajon, sub’ektiv baxolash xususiyati bilan ulardan ajralib turadi. SHu sababli biz did haqida gapirganimizda odatda, estetik didni - insondagi go‘zallik, ulug‘vorlik, fojiaviylik singari estetik xususiyatlarni, umuman, nafosatni idrok etish qobiliyatini nazarda tutamiz. Masalan, osmonni qora bulut to‘liq qoplab olganini ko‘ra-bila turib, yomg‘irpushsiz va soyabonsiz yulga chiqqan odamni fahmsiz, chang, loy poyafzalini echmay, gilamni bosib, ichkariga kirgan odamni farosatsiz deb ataymiz, qalampirnusxa rangli ko‘ylak, jinsi shim va ayni paytda kirza etik kiyib, salla o‘rab olgan odamni ko‘rsak, uni didsiz deymiz. Birinchi hodisada biz tabiiy sharoitga moslashmay, o‘ziga jabr qilayotgan kishini, ikkinchisida ham gigienik, ham axloqiy qonun-qoidalarga amal qilmay tarbiyasizligi tufayli uy egasini ranjitgan odamni, uchinchi hodisada kiyinishdagi uyg‘unlikni tushunmagan, go‘zallik bilan bachkana yaltiroqlilikning farqiga bormagan kimsani ko‘ramiz.YOki, boshqacha qilib aytganda, biz ongning, birinchi hodisada-haqiqatga, keyingisida-ezgulikka, uchinchisida-go‘zallikka munosabatini uchratamiz. Har uchala hodisaning asosida ham qobiliyat yotadi. Fahm-aqliy, farosat-axloqiy, did-estetik qobiliyatni yuzaga chiqaradi. Estetik did bilan estetik baxoni aynanlashtirish yoki bir hodisa sifatida qabul qilish mumkin emas, aks holda bunday qarash ilmiy tahlil tamoyillaridan yiroq «ko‘cha gapi»ga aylanib qoladi. Zero estetik did muayyan estetik baho yoki baholar yig‘indisi emas, balki estetik bahoga layoqatni anglatadigan, sub’ekt uchun baho me’yorlarini va mezonlarini tayyorlab beruvchi — «ishlab chiqaruvchi» jarayondir. Demak, estetik didsiz estetik bahoning mavjudligi mumkin emas. Estetik did har kimda har xil bo‘lishini, unda sub’ektiv mushohada kuchli ekanini yaxshi bilamiz.
Aytilganlardan estetik did masalasi shaxs, jamiyat va millat madaniyati uchun katta ahamiyatga ega ekani ravshan bo‘lib turibdi. SHu sabali estetik did tarbiyasi har doim ham muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Ayniqsa, mustamlaka botqog‘idan chiqqan halqimizning tenglar ichida teng bo‘lib, jahonga rosmana chiqishi uchun estetik did tarbiyasi alohida dolzarblikka ega. Biz qurayotgan erkin fuqarolik jamiyati va unda har bir shaxsning yuksak estetik didga erishishi zamon talabidir. CHunki faqat yuksak estetik did egasigina haqiqiy erkin fikrlash salohiyatiga, dunyoni, Vatanni, hayotni go‘zallik prizmasi orqali ko‘ra bilish qobiliyatiga ega bo‘la oladi.