Sivilizatsiyalarning tiplari. Noevropacha sivilizatsiyalar ancha katta guruhni tashkil etadi (A.Toynbi tasnifiga ko‘ra, bunday sivilizatsiyalar 21 ta). Bu sivilizatsiyalarning aksariyati betakror tarzda o‘ziga xos va ayni vaqtda umumiy tipologik jihatlarga ega. Bular yevropacha sivilizatsiyadan ancha oldin vujudga kelgan an'anaviy sivilizatsiyalardir. An'anaviy jamiyat juda sust rivojlanadi va mavjud hayot tarzini asrlar va hatto ming yilliklar osha saqlashga qodir. Noevropacha sivilizatsiyalarning xo‘jalik faoliyati qishloq xo‘jalik-hunarmandchilik ishlab chiqarishi va texnologiyasining hukmronligiga asoslanadi. An'anaviy sivilizatsiyaning ma'naviy sohasida diniy-mifologik tasavvurlar hukm suradi, ilmiy bilimlarning dastlabki shakllari asosan mavjud faoliyat turlari uchun retseptura vazifasini bajaradi. Noevropacha sivilizatsiyalar evolyusiyasi siklliligi va o‘ziga xos institutlar va normalarga ega bo‘lgan davlat vaqti-vaqti bilan dam kuchayib, dam zaiflashib turishi bilan tavsiflanadi. Bunday jamiyat halokati sivilizatsiya tipini o‘zgartirmaydi, u ijtimoiy vorisiylik mexanizmlari yordamida avloddan-avlodga o‘tadi.
yevropacha sivilizatsiya ijtimoiy va madaniy rivojlanishning alohida tipi bo‘lib, u yevropada taxminan XV-XVII asrlarda shakllangan. Uning o‘tmishdoshlari antik dunyo madaniyatlari va yevropa xristiancha an'anasidir. Uyg‘onish davrida bu ikki an'ana sintezi texnogen sivilizatsiyaning teran o‘ziga xosligini va uning texnika va texnologiya jadal sur'atlarda rivojlanishini, odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalar tubdan o‘zgarishini ta'minlagan madaniyatini shakllantirdi. Uning zamirida huquqiy davlatning vujudga kelishi, shaxs o‘z tashabbuskorligi, faolligi va mustaqilligi bilan oliy qadriyat sifatida ijtimoiy hayot markazidan o‘rin olishi yotadi. Odamlar o‘rtasida muloqotning faollashuvi va samarali kommunikatsiya vositalari paydo bo‘lishi texnogen sivilizatsiyaning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Madaniyatda ilmiy oqilonalik alohida o‘ziga xos qadriyat sifatida hukm suradi. Inson tabiatni faol va oqilona tarzda o‘zgartirishiga imkoniyat yaratgan qonunlarning kashf etilishi fanning ustunligini tasdiqlaydi. Unda yangilik va unumdorlik, biluvchi sub'ektning bilimi, erkinligi va mustaqilligini tinimsiz oshirish talablari shakllanadi.
Sivilizatsiyaning «evropacha» va «noevropacha» tiplari tushunchalari umumiy, muhim, jins bildiruvchi belgilarni qamrab oladi. Mazkur tiplar doirasida mavjud turga oid farqlar pirovard natijada jahon tarixida yevropacha sivilizatsiyaning betakrorligini e'tirof etish bilan bog‘liq. Ayrim mutaxassislar fikriga ko‘ra, u an'anaviy jamiyat madaniyatining mutatsiyasi natijasida vujudga kelgan va insoniyat tarixida uning o‘xshashi mavjud emas. Shunga qaramay sivilizatsiyalar tipologiyasi yevropacha va noevropacha rivojlanish xususiyatlari bilan cheklanmaydi, chunki insoniyat tarixida ozmi-ko‘pmi o‘xshash bo‘lgan ko‘p sonli sivilizatsiyalar mavjud.
Jumladan, madaniy-tarixiy birlik belgisiga ko‘ra G‘arbiy, Sharqiy va Janubi-Sharqiy yevropa mamlakatlarini, shuningdek yevropacha sivilizatsiyaga mansub bo‘lgan, lekin o‘z madaniyatining xususiyatiga ko‘ra farq qiladigan AQSh va Kanadani farqlash mumkin. Vujudga kelish va halok bo‘lish davriga ko‘ra hozirgi zamon sivilizatsiyalari va o‘lik sivilizatsiyalar (masalan, meksika, xaldeylar yoki qadimgi somiylar sivilizatsiyasi) farqlanadi. Sivilizatsiyalar tipologiyasida madaniy-diniy birlik belgisi ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. A.Toynbi, S.Xantington va boshqa olimlar taklif qilgan sivilizatsiyalar tasnifida diniy omil muhim rol o‘ynaydi. A.Toynbi tasnifiga ko‘ra hozirgi vaqtda G‘arb-xristian, pravoslav-xristian, islom, hind, Uzoq Sharq sivilizatsiyalari mavjud. O.Toffler, D.Bell, K.Pekka ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish darajasini tasniflash uchun asos qilib olib, quyidagi sivilizatsiyalarni farqlaydilar: - ilk sivilizatsiya (arxaik, an'anaviy yoki ibtidoiy jamoa); - qishloq xo‘jalik-hunarmandchilik sivilizatsiyasi; - industrial (sanoatlashgan) sivilizatsiya; - hozirgi postindustrial yoki informatsion sivilizatsiya. Ijtimoiy-siyosiy hayot xususiyatiga ko‘ra an'anaviy, liberal va oraliq sivilizatsiyalar farqlanadi.