Falsafada shaxs muammosi - bu eng avvalo insonning mohiyati, uning dunyodagi, tarixdagi va jamiyatdagi o‘rni muammosidir. Muayyan ijtimoiy munosabatlar muayyan tarixiy tipdagi shaxsning shakllanish jarayonida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Antik davr odami uchun eng asosiy deb yaxshi firklar, intilishlar, istaklar hisoblangan va ular ijtimoiy amaliyotda qanchalik ro‘yobga chiqishiga umuman olganda katta ahamiyat berilmagan: «Insonni faqat uning ishlariga qarab emas, intilishlariga qarab ham baholash lozim» (Demokrit), «Inson qanday fikrlasa, u hayotda shundaydir» (Siseron), «Bizning hayotimiz biz u haqda nima o‘ylasak ana shudir» (Mark Avreliy), «Axloqiy fazilatlar niyatlar bilan bog‘liqlikda ko‘zga tashlanadi» (Arastu). Antik davr mutafakkirlari nazarida chinakam shaxs deb shunday odamni aytish mumkinki, birinchidan, u axloqli, ikkinchidan, aql-idrok egasi, uchinchidan, boshqalar bilan muloqotga kirishadigan, to‘rtinchidan siyosiy va davlat mavjudotidir.
O‘rta asrlar bizga shaxsning boshqacha tipini ko‘rsatadi. Mazkur davr uchun jamiyatning tabaqalanganligi, kastalarga bo‘linishi va qat’iy korporativlik xosdir. Shu sabali muayyan tabaqaga, kastaga, sexga, gildiyaga mansublik, uning qonunlariga, odatlariga, an’analariga bo‘ysunish shaxsning individual sifatlarining namoyon bo‘lishidan ko‘ra muhimroq va kuchliroq edi. Faqat yangi davrga kelib ayrim olingan inson shaxsining qimmati, avtonomligi, o‘ziga xosligi qaror topadi. Bu ayniqsa, ijtimoiy-siyosiy fikr uchun xosdir. Ijtimoiy faollik, tadbirkorlik, ongli va foydali faoliyat, mustaqillik, individualizm, shaxsiy mas’uliyat, o‘z qadr-qimmatini bilish tuyg‘usi - mana bular shaxsning g‘arb, yevropa-amerika konsepsiyalari yuksak qadrlanadigan sifatlari hisoblanadi.
Shaxsning sharq modeli esa boshqachadir. Shaxsning sharqqa xos modelining bir nechta modifikasiyalarini ajratib ko‘rsatish mumkin (islom, budda, konfusiy va hokazo). Shunday bo‘lsa-da, ular o‘rtasida ularni shaxsning g‘arb modelidan ajratib turuvchi muayyan mushtarakliklar mavjud.
Shaxsning sharq tipiga xos asosiy xususiyatlar quyidagilardir: mas’uliyat va majburiyatlarning inson huquqlari oldida ustuvorligi, xulq-atvordagi tradisionalizm, hulq-atvorning, jamoaviy modellarining individual me’yorlardan ustunligi, sosiumga ko‘proq qaramlik, ijtimoiy muhit bilan aloqaning ko‘pligi. Shuni esda tutish lozimki, shaxs tipi ijtimoiy munosabatlarning real tizimining in’ikosidir. Shaxsning shakllanishi va rivojlanishining muhim omili sifatida uning ijtimoiy faoliyati, sosium hayotida muayyan rolni bajarishi namoyon bo‘ladi. Individ shaxs sifatida faqat turli tuman ijtimoiy munosabatlardagina o‘z-o‘zini namoyon etishi mumkin. O‘z vaqtida Arastu «insonning vazifasi uning ongli faoliyatidan iborat» deb hisoblagan edi. A.Jomiy «Qo‘llaring baquvvat ekan, mavjud ekan kundalik mehnatga ko‘ngil qo‘y» deya da’vat etgan bo‘lsa, Ibn Sino «Bekorchilik va ishyoqmaslik faqat nodonlikka sabab bo‘libgina qolmay, ayni paytda kasalliklarga ham sabab bo‘ladi» deb ogohlantirgan edi.
Shaxs - bu muayyan ijtimoiylashuv jarayonining natijasigina emas, bu uzluksiz o‘sib boruvchi jarayon. Agar doimiy rivojlanish, kamolotga intilish, olg‘a harakat bo‘lmasa, u holda shaxs buzilishi, degradasiyaga duchor bo‘lishi mumkin.