Mahalla - estetik tarbiyaning muhim vositasi. Mahallaningshaxs estetik tarbiyasiga ta’siri nihoyatda katta. Modomiki, mahalla jamiyat ichidagi kichkina jamiyat bo‘lib, u bugun shaxsning ijtimoiy–siyosiy faolligini oshirishga, uning ijtimoiy–huquqiy madaniyatini shakllantirishga ko‘mak beruvchi makon sifatida ham yuksak ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, mahalla shaxs nafosatli tarbiyasiga yaqindan ta’sir ko‘rsata olishi bilan boshqa omillardan ajralib turadi. Shu jihatdan mahalla o‘z navbatida o‘z oldigan qo‘ygan ezgu maqsadlarni bajarishi bilan zamonaviy insonni nafosatli jihatdan tarbiyalaydi. Chunonchi mahalla;
- o‘ziga qarashli hududning tozaligi, obodligi, ko‘rkamligini hamda fuqarolarning hamjihatligini ta’minlashi bilan;
- turmush nafosati va muomala estetikani shakllantirib, insonlar qalbida ijobiy tuyg‘ular, yaxshi orzularni namoyon ettirishi bilan;
- mahalliychilik va millatchilik singari salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymasligi hamda qo‘shnichilik madaniyatini kamol toptirishi bilan;
- san’at, madaniyat, ma’rifat arboblari, ilm ahllari ishtirokida bo‘ladigan rang-barang mavzulardagi ma’ruzalarni, suhbatlarni uyushtira olishi bilan;
- isrofgarchilikka, dabdababozlikka yo‘l qo‘ymagan holda urf-odatlar, an’analar, marosimlar, tantanali shodiyonalarni tartibli, chiroyli o‘tishini ta’minlashi va hokazo shu kabilar bilan inson estetika tafakkurini shakllantirishda birlamchi maskan bo‘lib hisoblanadi.
Tabiat - estetik tarbiyaning zaruriy vositasi. Shuni maxsus ta’kidlash kerakki, zamonaviy inson tarbiyasini estetik jihatdan kamol toptirishda oila qanchalik ustuvor omil bo‘lib hisoblansa, bu jarayonda tabiat ham undan kam ahamiyat kasb etmaydi. Chunki tabiat bilan ongli tarzda murosa qilmaslik shaxsni nafosatli jihatdan mukammal bo‘lib yetishishiga monelik ko‘rsatadi. Shuning uchun inson va tabiat o‘rtasidagi munosabat inqiroz va halokat yoqasiga kelib qolgan hozirgi vaqtda bu muammoni chetlab o‘tish maqsadga muvofiq bo‘lmaydi.