Estetik tarbiya va uning asosiy vazifalari Estetik tarbiyao‘z–o‘zidan paydo bo‘lib, rivojlanadigan «mikroorganizm» emas va ayni paytda birdan to‘xtab qoladigan «mexanizm» ham emas. U sekin–asta inson tomonidan orttirilgan hayotiy tajribalar, ko‘nikmalar, bilimlar orqali shakllanib boradi. Ikkinchidan, estetik tarbiya ijtimoiy taraqqiyotning muayyan jabhalarida aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan faoliyat sifatida ish olib boradi. Bundan tashqari tarbiyaning mazkur shakli ayrim kishilarning yoxud biror–bir guruhning turli xil faoliyatlari natijasida yuzaga kelishi mumkin.
Shaxsni estetik hamda badiiy jihatdan tarbiyalash favqulodda murakkab va serqirra jarayondir. Bugungi kunda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarning barchasi ana shu maqsadni to‘g‘ri yo‘naltirishga qaratilgan. «Ta’lim to‘g‘risidagi qonun» va «Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi»ni qabul qilishdan maqsad ham insonparvar jamiyat qurishdek ulug‘vor vazifani amalga oshirishga qaratilgan. Chunonchi, «Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi»da ta’limning ijtimoiylashuvi, ta’lim oluvchilarda estetik boy dunyoqarashni hosil qilish, ularda yuksak ma’naviyat, madaniyat va ijodiy fikrlashni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu o‘z navbatida, fuqarolarni, ayniqsa yoshlarni estetik jihatdan tarbiyalash bugungi kunning zaruriy talabi ekanligidan dalolat beradi.
Zamonning o‘zgarishi bilan insonning jamiyatga, tabiatga bo‘lgan munosabati ham o‘zgarib boradi. Bu esa shubhasiz, insonning tafakkuri bilan bog‘liq jarayondir. Zotan, insoniy munosabatlarga daxldor bo‘lgan biror-bir jarayon yo‘qki, u yerda tafakkur ishtirok etmasa. Shunday ekan, odamlarning tafakkuri va dunyoqarashining voqelikka ko‘rsatadigan ta’siri bugungi kunning eng dolzarb masalasi bo‘lib turgan milliy g‘oya va milliy mafkurani shakllantirishning sharti sifatida alohida e’tirof etilishi bejiz emas. Bu jarayonlarda estetika amaliy jihatdan o‘zini estetik tarbiya orqali namoyon qiladi. Zero, avval boshda uqtirib o‘tganimizdek, nafosat tarbiyasi insonda hayot va san’atdagi go‘zalliklardan bahramand bo‘lish, ularni baholay bilish hamda o‘zi ham go‘zalliklar yaratish tuyg‘ularini shakllantirishga ko‘mak beradi. Ammo, bu jarayon o‘z-o‘zicha emas, balki bir qator omillar va vositalar ishtirokida amalga oshiriladi.
Estetik tarbiya mohiyatan insoniy ideal bilan bog‘liq bo‘lib, estetik ideal egasi nafis didga, pokiza tuyg‘ularga egaligi bilan ajralib turadi. Ma’lumki, shaxs ijtimoiy taraqqiyotning turli xil jabhalarida bevosita va bilvosita ishtirok etadi va faoliyat olib boradi, shaxs bu bilan ijtimoiy taraqqiyotning estetik subyektiga aylanadi. Shunga ko‘ra, aytishimiz mumkinki, jamiyatda yashayotgan biror–bir shaxs estetik jarayonlardan chetda turmaydi, aksincha, o‘zining muayyan xatti–harakati bilan mazkur jarayonlarga u yoki bu darajada ta’sir ko‘rsatadi. Estetik tarbiyaning maqsadi ana shunday ta’sirlarni go‘zallik, ulug‘vorlik, fojiaviylik, kulgililik asosida yo‘naltirishdan iborat.
Shuni ta’kidlash joizki, estetik tarbiya badiiy tarbiya bilan doimiy tarzda aloqada bo‘lib keladi. Biroq, bu «estetik tarbiya badiiy tarbiya bilan bir xil ma’no kasb etadi», degan gap emas. Negaki, badiiy tarbiya ijod jarayonidagi rang–barangliklar olamini inson tomonidan estetik tarzda anglash va o‘zlashtirishning bir qismi, xolos. Shu ma’noda estetik tarbiya – jamiyatda ma’naviy muhitni paydo qilishga ko‘mak beruvchi muhim unsur bo‘lib, u inson didini shakllantiruvchi, rivojlantiruvchi hamda ana shu orqali insonni jamiyat munosabatlariga yaqinlashtiruvchi kuchdir.
Tarbiyaning estetik shakli ijtimoiy jarayonlarda ishtirok etar ekan, u o‘z navbatida, kishilarga jamiyatda olib borilayotgan ijobiy ishlardan zavqlanish, demokratik munosabatlarga nisbatan qiziqish tuyg‘usini uyg‘otishni o‘zining asosiy maqsadi deb biladi. Shuning uchun ham estetik tarbiyaning pirovard maqsadi inson ma’naviy olamini boyitishga qaratilgan bo‘lmog‘i lozim. U insonni yangiliklar yaratishga undabgina qolmay, ayni paytda uni nafosat tamoyillari, go‘zallik talablari asosida rivojlantirishga o‘rgatadi ham. Negaki, inson dunyoga estetik qarashi boy, tuyg‘ular va didi tarbiyalangan xolda kelmaydi. Aksincha, bu ko‘nikmalarni voqelikni kuzatishi, o‘rganishi va ulardan tegishli xulosalar olishi natijasida shakllantiradi. Inson ana shu tuyg‘ular ta’sirida o‘zi uchun mutlaqo yangi bo‘lgan olamni kashf etadi. Shunday ekan, o‘z–o‘zidan ma’lumki, mazkur zaruriyatni teran anglagan inson jamiyatning ijtimoiy taraqqiyotiga qo‘shilmaslikka, unga beparvo munosabatda bo‘lishga ma’nan haqqi yo‘q.
Hozirda estetik tarbiyaning ko‘lami tobora kengaymoqda. Shunga ko‘ra, u o‘z oldiga talaygina muhim vazifalarni qo‘ygan. Bular:
- kishilarda san’at asarlari, badiiy ijod namunalarini nafaqat faol o‘zlashtirish balki, ularning estetik mohiyatini anglash va baholash qobiliyatini takomillashtirish;
- jamiyat a’zolarining ijodiy imkoniyatlarini namoyon qildirish va ulardan foydalana bilishga ishonch tuyg‘usini uyg‘otish;
- tabiat hamda jamiyat ijtimoiy jarayonlariga sof tuyg‘u bilan munosabatda bo‘lishga va ularni ravnaq toptirish yo‘lida astoydil faoliyat olib borish ko‘nikmalarini xosil qilish;
- o‘tmish ma’naviy merosimizga hurmat hissini uyg‘otish, milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘ularini shakllantirish uchun zamin yaratish;
- ijodning barcha turlarini taraqqiy ettirib jahonga yuz tutish va ularni millat manfaatlari uchun naf keltiradigan tomonlarini targ‘ib qilishga undashdi.