Turmush estetikasi Inson - ijtimoiy hodisa. Lekin u hamisha tabiat bilan aloqadorlikda shakllanadi. Shu tariqa insoniy madaniyat ham vujudga keladi. Madaniyat haqida gapirar ekanmiz, ichki va tashqi madaniyatni farqlash lozim. Ichki madaniyat - insoniyat ma’naviy boyligi, aqliy va axloqiy rivojlanganligi darajasi, dunyoqarashi, hissiyoti, vijdon, imon va diyonat, ezgulik va hamdardligidir. Tashqi madaniyat - axloq qoidalari, yurish-turish, xatti-harakat, odob normalariga rioya qilish. Shuningdek, shaxsning tashqi madaniyatiga so‘zlashish, kiyinish madaniyati ham kiradi. Insonlarda ichki va tashqi madaniyat uzviy bog‘liq holda rivojlansa, shaxs barqarorligi, insonning munosabatlari go‘zalligi, yigit-qizlar munosabati, do‘stlik va o‘rtoqlik munosabatlari odoblilik doirasida tarkib topadi, Do‘stlik, muhabbat umumiy manfaat xayrixohlikka asoslangan o‘zaro bog‘liqdir. Odob tuyg‘usi rivojlangan insonlar go‘zal xatti-harakat sohibiga aylanadilar. Tavoze, odob, ohistalik, ehtiyotkorlik, chiroyli muomala zohiriy jihat ekanligini ta’kidlash lozim. Insonning tashqi qiyofasi uning umumiy madaniyat va saviyasidan dalolat beradi. Odamlar orasida go‘zal va zamonaviy bo‘lish istagi yoshlikning asosiy intilishidir. Lekin tashqi qiyofa go‘zalligi uchun intilish yagona maqsad bo‘lmasligi lozim. Shu bilan birga, insonning did bilan kiyinishi ham san’atdir.
Moda - ijtimoiy hodisa. U faqatgina kiyimda namoyon bo‘lmaydi. Moda har doim kimgadir, nimagadir taqlid qilish ehtiyojidir. Moda bo‘lgani uchun shu rangni tanlash, hamma kiygani uchun shu kostyumni kiyish, moda bo‘lgani uchun uyni shunday mebellar bilan jihozlash, moda bo‘lgani uchun shunday so‘zlashish kishilar orasida urf bo‘lgan.
Ma’lumki, har birimizni xilma-xil murakkab va jozibador go‘zalliklar dunyosi qurshab olgan. Go‘zallik tabiatda, mehnatda, insoniy munosabatlarda, san’atda namoyon bo‘ladi. Go‘zallik, ayniqsa, yoshlik, o‘smirlik davrida, shaxsning ma’naviy dunyosi tarkib topishi jarayonida ko‘proq maftun etadi. Shu tufayli ham teatr va kinoteatrlarda, konsert va ko‘rgazmalarda ko‘pincha yoshlarni uchratishimiz mumkin.
Insonning go‘zalligi mehnati orqali namoyon bo‘ladi. Mehnat takomillashgan sari, ayniqsa, jismoniy mehnat turlari texnika zimmasiga o‘tgani sari, ularning ko‘ngilli va ijodiy tabiati ortib boradi. Shu tariqa, mehnat estetik taibiyaning eng muhim omili bo‘lib qoladi. Chunki qoloq ishlab chiqarish texnikasi va texnologiyasi sharoitida mehnat turi insonga estetik ta’sir ko‘rsata olmaydi. Ishlab chiqarish jarayonida qatnashayotgan har bir inson o‘z mehnatidan moddiy va ma’naviy manfaatdor bo‘lsagina, bu mehnat estetik tarbiya omili bo‘la oladi.
Shaxs hayotida mehnatning estetik ta’sirini kuchaytirishda ishlab chiqarish jarayonlariga estetik texnika (dizaynni keng ravishda joriy qilish kerak bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarish muhitini nafosat qonunlariga mos tarzda qayta qurishni taqozo etadi. Mehnat sharoitlari va vositalariga estetik mazmun baxsh etish omili insonni estetik kamol toptirish bilan birga, uning foydali-amaliy vazifalarini ham kengroq doirada bajarishga safarbar qiladi. Natijada estetik mazmun mehnat unumdorligini, samaradorligi va sifatini oshirishning muhim omiliga aylanadi.
Go‘zallik hamisha insonga, jamiyat taraqqiyotiga ma’naviy foyda keltiradi. Estetik tarbiyada shaxs estetik madaniyati shakllanishining tashqi va ichki omillari uyg‘unligidan, tarbiyaviy faoliyatning o‘ziga xos usullaridan foydalanilgandagina mo‘ljaldagi samaralarga muvaffaqiyatlarga erishish mumkin. Mustaqil O‘zbekiston davlati fuqarolarining estetik ongini oshirish estetik tarbiya oldidagi dolzarb vazifa bo‘lib, u estetik madaniyatni yanada yuksaltirishga. estetik talab-ehtiyojlar va qadriyatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi