San’atning kelib chiqishi
San’at – estetik faoliyatning o‘ziga xos turi, sehrli ma’naviy ko‘zgu. Sehri shundaki, san’at asarini idrok etayotgan odam unda ham shu asarni yaratgan inson dunyosini, ham o‘z dunyosini qadriyatlar prizmasi orqali ko‘radi; o‘zining qandayligini va qaerdaligini, yutuqlarini va nuqsonlarini, aqlini va hissiyotlarini aniqlashtirib oladi. Uning estetik mohiyati makon va zamondagi voqelik vositasida go‘zallik, ulug‘vorlik, fojeaviylik, kulgililik, xunuklik, tubanlik v.b. estetik xususiyatlarni in’ikos ettirishi hamda ularni baholashi bilan belgilanadi. San’at qadriyatlarning qadrlanishini va qadrsizlangan qadriyatlarni ko‘rsatib beradi, bir odam yoki bir necha odam timsolida odam bilan olamning yaxlit, umumlashgan qiyofasini yaratadi, ularning uyg‘unligini ta’minlaydi. U kishini yashashga o‘rgatadi, go‘zallikka da’vat etadi, ma’naviy yuksaltiradi. Shu sababli insoniyat tarixida san’atsiz yashab o‘tilgan birorta ham davr yo‘q.
San’atning xususiyatlari:
Ma’joziylik xususiyati.
Demokratik xususiyati.
Ijtimoiylik xususiyati.
Tarixiylik xususiyati.
Milliy va umumbashariylik xususiyati.
San’atning tamoyillari:
Originallik (yangilik)-ijodiylik tamoyili.
Haqqoniylik tamoyili.
Xalqchillik tamoyili.
San’atning asosiy vazifalari:
Insoniylashtirish vazifasi.
Forig‘lantirish vazifasi.
Bilimli, ma’rifatli qilish vazifasi.
Tarbiyaviylik vazifasi.
Ijtimoiy aloqachilik (kommunikativlik) vazifasi.
Huzurbaxshlik vazifasi.
San’at turlari
San’at – estetik tadqiqot obyektining umumiy nomi, mushtarak tushuncha. Xususiy tushuncha sifatida u voqelikni go‘zallik va xunuklik, ulug‘vorlik va tubanlik kabi qadriyatlar va aksilqadriyatlar orqali muayyan xil, tur hamda janrlar doirasida in’ikos ettiradigan badiiy ijod mahsulini anglatadi. Shu bois san’atni xil, tur va janrlarga bo‘lib, estetik tadqiq etish odat tusiga aylangan. Biroq ana shu «bo‘lib o‘rganish», ya’ni tasniflashtirish, turkumlashtirish bir qarashda osondek ko‘rinsa-da, aslida estetikadagi murakkab va chalkashliklarga to‘la muammo sanaladi. Bu borada o‘nlab nuqtai nazarlar bor.
Tasniflashtirish avvalo san’atni xillashdan boshlanadi. San’at an’anaviy tarzda uch xilga bo‘lib kelinadi: 1. Epos. 2. Lirika. 3. Drama.
San’atning mavjudlik shartidan, ya’ni uning ma’naviy borliq sifatida namoyon bo‘lish holatidan kelib chiqib, ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan 1) makon (me’morlik, haykaltaroshlik v.h.), 2) zamon (badiiy adabiyot, musiqa v.h.) va 3) makon-zamon (teatr, sirk v.h.) bo‘yicha tasniflashtirishni ma’qul deb hisoblaymiz. Biroq san’at tarixiy hodisa ekanini, u qadimdan tadrijiy rivojlanib kelganini, taraqqiyoti mobaynida o‘zgarishlarga uchraganini va ma’lum bir tarixiy davrda muayyan san’at turi faol, yetakchi bo‘lganini nazarda tutib, ayni paytda yuqoridagi birgina turkumlashtirish hamma tomonni qamrab olomasligini hisobga olib, masalaga tarixiylik tamoyili asosida yondashuvni ham maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz. Shundan kelib chiqqan holda, biz taklif etayotgan tasnif san’at turlarini uch turkumga bo‘lib o‘rganishni taqozo qiladi. Bular:
1. Arxaik - endilikda tarixga aylangan, hozirga paytda real hayotda amalda bo‘lmagan.
2. An’anaviy - qadimdan hozirgi kungacha o‘z o‘rnini va ahamiyatini yo‘qotmay kelayotgan.
3. Zamonaviy – ilmiy-texnik taraqqiyot natijasida vujudga kelgan «texnikaviy», yangi san’at turlari.
Ushbu tasnifga ko‘ra, arxaik san’at turlari –an’anaviy san’at turlari – badiiy adabiyot, baxshilik, me’morlik, ko‘rgazmali amaliy san’at, haykaltaroshlik, rangtasvir, grafika, musiqa, teatr, raqs, qo‘shiqchilik, estrada, sirk va askiyani; zamonaviy san’at turlari – fotosan’at (badiiy suratkashlik), kino, televidenieni o‘z ichiga oladi.
Mazkur ikki yo‘nalishdagi turkumlashtirish ma’lum ma’noda san’at turlarini tasniflashtirishni estetik boshqotirmaga aylanib ketishdan saqlashga xizmat qiladi, deb o‘ylaymiz.
Dostları ilə paylaş: |