Sharq qadimiy madaniyat o‘chog‘i va jahon sivilizatsiyasining beshigi deya bejiz ta’riflanmagan. G‘arb madaniyati tarixini o‘rganish jarayonida Ovruposentrizm nazariyasiga og‘ib ketish g‘ayriilmiy bo‘lgani kabi, masalaning Sharq bilan bog‘liq jihatini tahlil etganda ham Osiyosentrizm g‘oyalari ta’siriga tushmaslik lozim.
Shu bilan birga, Sharqning o‘ziga xosligi, unga mansub bo‘lgan madaniy taraqqiyot jahon sivilizatsiyasining beshigi, dunyo xalqlari rivojiga qo‘shilgan munosib hissa ekani ham sir emas. Bu hol jahonning barcha xolis mutaxassis olimlari tomonidan e’tirof etiladi. Qolaversa, Vatanimiz sivilizatsiyasining Sharq sivilizatsiyasi quchog‘ida voyaga yetgani va uning qadriyatlarini o‘zida aks ettirganini, unga va butun dunyo madaniyatiga ulkan ta’sir ko‘rsatganini doimo esda tutish darkor.
Sharq madaniyati taraqqiyotining ilk davrlari deganda, ko‘pgina mutaxassislar bizning Vatanimiz o‘tmishini, Misr, Bobil va insoniyat tarixining eng qadimgi sivilizatsiyalaridan biri bo‘lgan Shumer davrlarini esga oladi. Bularning har biri insoniyat tarixida jamiyat hayoti, qadriyatlar tizimining o‘ziga xosligi, boshqarish va iqtisodiy jarayonlarning muayyan tarzda namoyon bo‘lishi bilan tavsiflanadi.
Qadimgi Misr va Bobil falsafasi. Eramizdan avvalgi to‘rtinchi ming yillikning oxiri va uchinchi ming yillik boshlarida qadimgi Misr va Bobil hududida dastlabki diniy-falsafiy fikrlar, olam haqidagi fanlar, ya’ni astronomiya, kosmologiya, matematika, mifologiyaga oid qarashlar birmuncha rivoj topgan. Tabiiy-ilmiy, diniy-falsafiy fikrlarning yuzaga kelishi ikki yo‘nalishda borgan. Birinchi yo‘nalish olam haqidagi tasavvurlarning astronomiya, kosmologiya, riyoziyot fanlari rivoji bilan bog‘liq ekanini, ikkinchi yo‘nalish esa, bu tasavvurlarning mifologiya bilan bog‘liq bo‘lganini ko‘rsatadi.
Birinchi holda, asosan, tabiiy bilimlarga tayanilgan, kundalik hayotda duch kelinadigan voqea-hodisalar aniq dalillar asosida tahlil etilgan, o‘rganilgan, ulardan tegishli xulosalar chiqarilgan. Bu - o‘sha davr uchun tabiiy hol edi, ya’ni u - davrning inson ongida aks etishi, kundalik turmush hodisalarining oddiy bir tarzda ifodalanishi edi. Aynan ana shu hol tabiiy bilimlar rivojiga, garchand sodda tarzda bo‘lsa-da, aksariyat hodisalarning falsafiy asosda izohlanishiga sabab bo‘lgan.
Ikkinchi holatda esa, hali tabiat kuchlarining qarshisida nihoyatda ojiz bo‘lgan odamzod, albatta, tevarak atrofdagi voqea-hodisalarni mifologik izohlashi tabiiy bir hol edi. Shu bilan birga, odamning mavjudlik xossalarini va olam qonuniyatlarini ilmiy tushunish ko‘nikmasi hali shakllanib ulgurmagan o‘sha qadim zamonlarda, afsona hamda rivoyatlarga asoslanib fikr yuritmaslikning imkoni ham yo‘q edi. Bu - o‘sha davrlardan qolgan yozma manbalarda, xususan, «Xo‘jayinning o‘z quli bilan hayotining mazmuni haqida suhbati», «Arfist qo‘shig‘i», «O‘z hayotidan hafsalasi pir bo‘lgan kishining o‘z joni bilan suhbati» kabi bitiklarda yaqqol namoyon bo‘lgan. ularda hayotning, umrning mazmuni, o‘sha davrdagi odamlarga xos tuyg‘ular bayon qilingan.
Qadimgi Misr va Bobilda shakllangan falsafaning eng asosiy xususiyati shundan iborat ediki, ularda, bir tomondan, xudolarga ishonch, ilohiy kuchlarning tabiat va jamiyatga ko‘rsatadigan ta’sirini mutloqlashtirish xususiyati ustuvor bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, afsona va rivoyatlar tarzida bo‘lsa-da, dunyoviy bilimlar, ilmiy qarashlar ham asta-sekin shakllana boshlagan. umuman, bunday xususiyatni, qadim zamondagi barcha sivilizatsiyalarga xos deyish mumkin.