Zardushtiylik ta’limoti. Eramizdan avvalgi X asrdan eramizning VII asrlarigacha bo‘lgan davr mahsuli bo‘lgan diniy-falsafiy ta’limotlardan biri zardushtiylikdir.
Bu ta’limotga Zardo‘sht asos solgan bo‘lib, Sharq va G‘arbda Zaratushtra, Zaroastr nomlari bilan mashhurdir. Manbalarga ko‘ra, Zardo‘sht eramizdan avvalgi VI asrning birinchi yarmida yashagan. Lekin uning tarixiy yoki afsonaviy shaxs ekanli haqida aniq bir to‘xtamga kelingani yo‘q. U o‘zini payg‘ambar deb e’lon qilgan. Lekin uning payg‘ambarligi ilohiy asosga ega emas. Ya’ni bu haqiqat ilohiy kitoblarda o‘z tasdig‘ini topmagan.
Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu ta’limot Vatanimiz hududida, xususan, Xorazm zaminida paydo bo‘lgan. U o‘z davrida xalqni ezgulik va adolat g‘oyalariga da’vat etish, hayotbaxsh an’analarni shakllantirish, dehqonchilik va shahar madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, uning g‘oyalari bilan bog‘liq qadriyatlar bugungi kungacha yashab kelmoqda va xalqimiz turmush tarzining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilashda ulkan qimmat kasb etmoqda.
Zardushtiylikning bosh kitobi «Avesto»dir. unda qadimgi xalqlarning dunyo to‘g‘risidagi tasavvurlari, o‘ziga xos qadriyat va urf-odatlari aks etgan. Unda olamning azaliy qarama-qarshi kuchlari- yaxshilik va yomonlik, yorug‘lik va zulmat, issiqlik va sovuqlik, hayot va o‘lim borasidagi qarashlar o‘z ifodasini topgan. «Avesto»da, shuningdek, tabiat falsafasi, tarix, etika, tibbiyotga oid ma’lumotlar ham berilgan.
Falsafa tarixida makedoniyalik Aleksandr (eski o‘zbek tilida Iskandar deyilgan) istilosi va Yunon-Baqtriya davri falsafasi ham xalqimizning taraqqiyot tarixida muhim o‘rin tutgan. Manbalarda Aleksandr qo‘shini mahalliy xalqlarning qattiq qarshiligiga uchragani, u «Avesto»ning ko‘pgina qismini yondirib yuborgani haqida ma’lumotlar bor. Bugungi kungacha ham ayrim tarixchilar Aleksandr «Avesto»ning tilini bilmagani, uni o‘qiy olmagani sababli bu kitobning qadr-qimmatini tushunmagan va uni yoqish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan, degan fikrlarni bayon etadilar. Aslida unday emas. Bu — tarixiy haqiqatni, garchand u kimlar uchundir achchiq va kimlar uchundir ibratli bo‘lsa-da, xaspo‘shlashga urinishdan boshqa narsa emas. Negaki, Aleksandr o‘z zamonida fanlarning otasi deb nom olgan falsafani fan darajasiga ko‘targan, buyuk donishmand sifatida yetti iqlimda tan olingan Arastudan 20 yil mobaynida muttasil ta’lim olgan edi. Binobarin, Shoh Filippning o‘g‘li Aleksandrni savodsiz, kitobning qadrini tushunmaydigan bir kimsa deb ta’riflash tarix haqiqatiga to‘g‘ri kelmaydi.