Falsafa fanining tadqiqot sohasi va predmeti. Dunyoqarash tushunchasi, uning mohiyati va tarixiy shakllari. Falsafa fanining bahs mavzulari va muammolari



Yüklə 0,7 Mb.
səhifə146/228
tarix24.06.2023
ölçüsü0,7 Mb.
#134762
1   ...   142   143   144   145   146   147   148   149   ...   228
FALSAFA MA\'RUZA MATNI

Etiket. Axloqiy madaniyatda yaqqol ko‘zga tashlanadigan munosabatlar ko‘rinishidan biri, bu - etiket. U ko‘proq insonning tashqi madaniyatini, o‘zaro munosabatlardagi o‘zini tutish qonun-qoidalarining bajarilishini boshqaradi. Agar muomala odobida inson o‘z munosabatlariga ijodiy yondashsa, ya’ni bir holatda bir necha xil muomala qilish imkoniga ega bo‘lsa, etiket muayyan holat uchun faqat bir xil qoidalashtirib qo‘yilgan xatti-harakatni taqozo etadi.
Etiketning qamrovi keng, u, ma’lum ma’noda, xalqaro miqyosda qabul qilingan muomala qonun-qoidalarini o‘z ichiga oladi. Masalan, siyosiy arbob etiketi, mehmondorchilik etiketi va h.k. Etiketga rioya qilishning mumtoz namunasini biz tez-tez televizor ekrani orqali ko‘rib turamiz. Bu jarayon ayniqsa, davlat rahbarlariga horijiy mamlakatlar elchilarining ishonch yorliqlarini topshirish marosimlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Unda faqat bir xil holat, xalqaro miqyosda o‘rnatilgan qoida hukmron. Uni Prezidentning ham, elchilarning ham buzishga haqqi yo‘q. Yoki juda oddiy, kichkina bir misol: dasturxonda tanovul payti, pichoqni o‘ng qo‘lda ushlash zamonaviy mehmondorchilik etiketining qat’iy qoidalaridan biri sanaladi - uni buzish atrofdagilarda hayrat va istehzo uyg‘otadi. Shu bois etiketni odat tusiga aylantirilgan, qat’iylashtirilgan muomala odobi deyish ham mumkin.
Etiketning bunday zamonaviy ko‘rinishlari bilan birga, shunday milliy-an’anaviy shakllari ham borki, ularsiz millat madaniy hayotining tasavvur qilish qiyin. Masalan, salomlashish odobini olib ko‘raylik. Etiketning bu turiga ko‘ra, ko‘chadan o‘tib ketayotgan odam, ko‘cha bo‘yida o‘tirganlar yoki turganlarga salom berishi kerak, salom berganda o‘ng qo‘l chap ko‘krakda, yurakning ustida turishi, bosh esa yengil ta’zimga egilishi lozim. Ko‘rishish etiketida esa qo‘lning uchini berib salomlashish ko‘rishayotgan odamga nisbatan ginaxonlik, xafagarchilikni bildiradi - odobdan emas. Ko‘rishganda yosh yoki martaba nuqtai nazaridan katta kishi birinchi bo‘lib qo‘l uzatishi lozim; ayollar bilan ko‘rishganda ham erkak kishi tomondan shunday etiket qoidasi bajarilmog‘i talab qilinadi.
Kasbiy odob. Axloqiy madaniyat kasbiy odobda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Chunki inson voyaga yetib, bir kasbning boshini tutgach, o‘z kasbi doirasida odamlar bilan muntazam munosabatda bo‘ladi. Bu munosabat, bir tomondan, hamkasabalar davrasida ro‘y bersa, ikkinchi jihatdan, u kasb talabiga binoan uchrashadigan turli toifadagi odamlar bilan yuzaga keladi. Ayni paytda, kasbiy odob axloqiy madaniyatning eng yuksak shakllaridan biri; uning jamiyat axloqiy hayotidagi o‘rni yuksak. Shu bois kasbiy odobga bafurja to‘xtalish joiz.
Har bir jamiyatda muayyan guruhlar borki, egallagan kasblari ularni boshqa jamiyatdoshlariga nisbatan imtiyozli darajaga olib chiqadi. Ko‘pchilik jamiyat a’zolarining hayot-mamotlari, sog‘ligi, ma’naviy sog‘lomligi, huquqiy himoyasi, ilmiy salohiyatining namoyon bo‘lishi kabi omillar o‘shanday imtiyozli kasb egalarining o‘z kasbiy burch mas’uliyatini qay darajada his etishlariga, halollik va vijdon yuzasidan ish ko‘rishlariga bog‘liqligi hammaga ma’lum. Chunonchi, tabobat xodimini, jarrohni olaylik. Deylik, u har bir operatsiya kunida bir necha kishini hayotga qaytaradi; yuzlab odamlar uning yordamiga muhtoj, unga umid va ishonch, ilinj bilan qaraydilar. Bordi-yu, shaxsiy manfaat yo‘lida jarroh o‘z bemoriga xiyonat qilsa-chi, ya’ni, uni qasddan halok etsa-chi? Kim uni shunday qilmasligini kafolatlaydi? Yoki jurnalistni olaylik. U shaxsiy manfaati yo‘lida, kasbining kamyobligidan foydalanib, begunoh kishilarni ma’naviy azobga qo‘yishi, atayin jamiyat oldida sharmanda qilishi va shuning hisobiga o‘zining ba’zi bir muammolarini hal qilib olishi mumkin emasmi? Mumkin. Zero, to haqiqat yuzaga chiqquncha nohaq tanqidga uchragan shaxsning adoi tamom bo‘lishi hech gap emas. Xo‘sh, jurnalistning shunday qilmasligini kim kafolatlaydi?
Shu bois boshqalarning qo‘lidan kelmaydigan ishlarni bajara oladiganlar faoliyatida o‘zboshimchalik, manfaatparastlik, xudbinlik va kasbni suiiste’mol qilish singari illatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, shuningdek, ular axloqiy darajasini yuksak bosqichda turishini ta’minlash maqsadida ko‘p hollarda o‘zaro qoidalar majmui yaratilgan. Bu qoidalar majmui, odatda, qasamyod yoki me’yorlar ko‘rinishini olgan. Uni buzish o‘ta odobsizlik va axloqsizlik, hatto jamiyatga xiyonat tarzida baholanadi. Bunday qasamyodlar juda uzoq tarixga ega. Misol tariqasida hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan Qadimgi Yunon hakimi Hippokrat (milodgacha V-IV asrlar) tomonidan qisqa va lo‘nda shaklda tuzilgan, tabobat xodimlari kasbiy odobi qonun-qoidalari jamlangan mashhur «Hippokrat qasami»ni keltirish mumkin.
Tarixda o‘z dushmanini davolagan tabiblar ham ko‘p uchraydi. Chunonchi, qadimgi hind eposi «Ramayana»da (II asr) behush yotgan Lakshman boshida turgan devlar shohining xos tabibi kechinmalari shu jihatdan muhim. Tabib oldida ikki yo‘l bor edi: biri - saltanat dushmanini muhtoj bemor sifatida davolash, ikkinchi yo‘l davolashdan bosh tortish bilan uni o‘limga mahkum etish. Tabib uzoq mulohazadan so‘ng tabiblik odobi qoidalariga bo‘ysunishni - Lakshmanni davolashni afzal ko‘radi. Zero, kasbiy odob qonun-qoidalari talabiga ko‘ra, bemor to‘shagi ustidagi tabib uchun do‘st yoki dushman degan tushunchalar o‘z ma’nosini yo‘qotadi, uning qoshida faqat tibbiy yordamga intizor, shafqatga muhtoj, zaif inson yotadi. Davolanib hayotga qaytgan Lakshman devlar mamlakatining tengsiz buyuk jangchisi va saltanat valiahdi Indirjidni jangda halok etadi hamda tabib fuqaro bo‘lgan Lanka davlatining tanazzuliga yo‘l ochadi. Lekin, kitobxon tabibni xiyonatkor yoki sotqin demaydi, aksincha, uning ma’naviy jasoratiga, halolligiga, kasbiy burchiga sodiqligiga hayrat bilan tasannolar o‘qiydi.
Axloqiy tarbiya va uning vositalari, omillari
Insonning axloqiy hayoti uning axloqiy tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Zero, axloqiy tarbiya insonning shaxs bo‘lib yetishuvini ta’minlaydigan uzluksiz jarayonlaridan biri. Unda individ axloqiy qadriyatlarni anglab yetadi, o‘zida axloqiy fazilatlarni barqaror etadi, axloqiy tamoyillar va me’yorlar asosida yashashga o‘rganadi.
Axloqiy tarbiya insoniyat tarixi mobaynida ikki muhim masalaga javob izlaydi: bulardan biri - qanday yashamoq kerak, ikkinchisi - nima qilmog‘-u, nima qilmaslik lozim. Ana shu savollarga javob izlash jarayoni axloqiy tarbiyaning amaliy ko‘rinishidir.
Tarbiya ona qornidan boshlanadi degan gap bor. Uning asl ma’nosi, avvalo, ota-onaning o‘zi axloqiy tarbiya ko‘rgan bo‘lishi kerak degani. Zero, qush inida ko‘rganini qiladi: ota-ona oilada yuksak axloq namunasini ko‘rsatishi lozim.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, axloqiylik insonda faqat axloqiy tarbiya vositasidagina vujudga keladi, degan moddiyatchilik qarashlari ko‘p yillar mobaynida hukmronlik qilib keldi. To‘g‘ri, axloqiy tarbiyaning ahamiyati nihoyatda katta. Lekin axloqiylik insonga uning insoniylik belgilaridan eng muhimi sifatida ato etilgan ilohiy ne’mat. Shu ma’naviy ne’mat -asosni axloqiy tarbiya yordamida takomillashtiramiz. Aks holda maymun va itlardan ham axloqiy mavjudot tarbiyalab yetkazishimiz mumkin bo‘lur edi.
Shunday qilib, axloqiy tarbiya inson farzandini takomilga, komillikka yetkazish yo‘llaridan biri. Uning vositalari ko‘p. Ularning bir qismi an’anaviy tarbiya vositalari bo‘lsa, yana bir qismi zamonaviy vositalar. Odatda, har ikki turdagi vositalardan foydalaniladi. Chunonchi, maktabgacha bo‘lgan axloqiy tarbiyada ertak va rivoyatlar vositasidagi an’anaviy tarbiya bilan o‘yinchoqlar va o‘yinlar vositasidagi zamonaviy tarbiya muvaffaqiyatli qo‘llaniladi; bunda bola qizg‘anchiqlik, g‘irromlik qilmaslikka, halol bo‘lishga o‘yinlar yordamida da’vat etiladi. Bolalar axloqiy tarbiyasida televidenie, radio, qo‘g‘irchoq teatri, kino san’ati katta rol o‘ynaydi.
Umuman, axloqiy tarbiyaning eng kuchli vositasi - san’at. Bu vosita aholining barcha tabaqasini, turli yoshdagi shaxslarni qamrab oladi. Ayniqsa, san’atning badiiy adabiyot turi keng qamrovli. Ertakdan tortib romangacha bo‘lgan janrlarda chop etilgan asarlar shaxsning axloqiy shakllanishida ulkan xizmat ko‘rsatadilar. Ular orqali kitobxon tarbiyalanuvchi sifatida ezgulik va yovuzlik nimaligini badiiy idrok etadi; ideal tanlashda ham ularning ahamiyati katta. Bundan tashqari, badiiy adabiyotning bevosita axloqiy tarbiyaga mo‘ljallangan hikoyatlar, rivoyatlar va nasihatlar majmualari borki, biz ularni, avval aytganimizdek, pandnomalar deb ataymiz: «Kalila va Dimna», «Qobusnoma», «Guliston», «Zarbulmasal» singari bunday mumtoz asarlar an’anaviy axloqiy tarbiya vositasi sifatida necha asrlardan buyon qanchadan-qancha avlodlarga xizmat qilib keldi, bundan buyon ham shunday bo‘lib qolajak.
Axloqiy tarbiyaning barcha zamonlar uchun dolzarb bo‘lgan yo‘li, bu - namunaviylik tamoyili. Oilada, avvalo, yuqorida aytilganidek, ota-ona bolaga axloqiy namuna bo‘lishi kerak. Maktabda va oliy o‘quv yurtida muallimlarning ta’lim berish usullaridan tortib, to «mayda-chuyda» xatti-harakatlarigacha o‘z shogirdlari tomonidan shaxsiy namuna tarzida qabul qilinishini nazardan qochirmaslik lozim. Ustoz-shogirdlik munosabatlaridagi muomala odobi, halollik, rostgo‘ylik yoshlar axloqiy tarbiyasi shakllanishini ta’minlovchi omillardandir.
Hozirgi paytda axloqiy tarbiyaning eng kuchli zamonaviy vositasi sifatida televidenieni keltirish mumkin. U deyarli barcha san’at turlarida yaratilgan asarlarni ekranlashtirish va ekranda ko‘rsatish imkoniga ega. Bundan tashqari, unda maxsus axloqiy tarbiyaga bag‘ishlangan muntazam ko‘rsatuvlar ham berib boriladi. O‘zbek tilidagi «Otalar so‘zi - aqlning ko‘zi», «Rivoyat», «Oqshom ertaklari» singari ko‘rsatuvlar bunga misol bo‘la oladi. Shu bois televidenie hech qachon yengiltaklikni targ‘ib etuvchi qo‘shiqlar, salkam pornografik reklamalar, inson qalbini qattiqlashtiradigan «o‘ldir-o‘ldir»lardan iborat videofilmlar korxonasi bo‘lib qolmasligi kerak.
Axloqiy tarbiyaning aqliy-ma’naviy va jismoniy tarbiya bilan qo‘shib olib borilishi maqsadga muvofiq. O‘shanda jamiyatimiz har jihatdan kamol topgan fuqarolik jamiyatiga aylanadi. Mamlakatimizda buning uchun barcha huquqiy-ijtimoiy shart-sharoitlar yaratilgan.

Yüklə 0,7 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   142   143   144   145   146   147   148   149   ...   228




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin