Bilish voqelikning, shu jumladan, ong hodisalarining inson miyasida subyektiv, ideal obrazlar shaklida aks etishidan iborat. Bilish jarayonining asosini va ohirgi maqsadini amaliyot tashkil etadi.
Bilish murakkab, ziddiyatli, turli hil darajalarda va shakllarda amalga oshadigan jarayondir.
Uning dastlabki bosqichini hissiy bilish - insonning sezgi organlari yordamida bilish tashkil etadi. Bu bosqichda predmet va hodisalarning tashqi xususiyatlari va munosabatlari, ya’ni ularning tashqi tomonida bevosita namoyon bo‘ladigan va shuning uchun ham inson bevosita seza oladigan belgilari haqida ma’lumotlar olinadi.
Hissiy bilish 3 ta shaklda: Sezgi – predmetning birorta tashqi xususiyatini (masalan, rangini, shaklini, ta’mini) aks ettiruvchi yaqqol obrazdir.
Idrok – predmetning yahlit yaqqol obrazi bo‘lib, u mazkur predmet haqidagi turli hil sezgilarni sintez qilish natijasida xosil bo‘ladi. Alohida olingan sezgilardan farqli o‘laroq, idrok berilgan predmetni boshqa predmetlardan (masalan olmani behidan, nokdan va shu kabilardan) farq qilish imkonini beradi.
Tasavvur – avval idrok etilgan predmetning obrazini ma’lum bir signallar (berilgan predmet bilan ma’lum bir umumiylikka ega bo‘lgan) ta’sirida miyada qayta hosil qilishdan, yoki shu va boshqa obrazlar negizida yangi obraz yaratishdan iborat Hissiy bilish shaklidir.
Predmet va hodisalarning mohiyatini tushunishga tafakkur yordamida erishiladi. Tafakkur bilishning yuqori-rasional (lotincha ratio-aql) bilish bosqichi bo‘lib, unda predmet va hodisalarning umumiy, muhim xususiyatlari aniqlanadi, ular o‘rtasidagi ichki, zaruriy aloqalar, ya’ni qonuniy bog‘lanishlar aks ettiriladi.
Tafakkur quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:
1. Unda voqelik abstraktlashgan va umumlashgan xolda in’ikos qilinadi. Hissiy bilishdan farqli o‘laroq, tafakkur bizga predmetning nomuhim, ikkinchi darajali (bu odatda bilish oldida turgan vazifa bilan belgilanadi) belgilaridan abstraklashgan (fikran chetlashgan, mavhumlashgan) xolda, e’tiborimizni uning umumiy, muhim, takrorlanib turuvchi xususiyatlariga va munosabatlariga qaratishimizga imkon beradi.