Hayotning paydo bo‘lishi haqidagi falsafiy optimizm. Hayotning paydo bo‘lishi muammosi ustida bosh qotirar ekan, inson ortiqcha optimizm namoyish etishi va o‘zining haqiqatning tagiga yetish qobiliyatiga haddan ortiq ishonishi ham, muammoning murakkabligi qarshisida o‘z ojizligini tan olishi ham mumkin. Bunday sharoitda XX asr boshida Amerika pragmatizmining taniqli namoyandasi Uilyam Jems (1842-1910) ta'riflagan yondashuv o‘rinli bo‘lsa kerak. Uning ta'biri bilan aytganda, «biz qor bosgan, quyunlar charx urayotgan tog‘lar orasida turibmiz. Qarshimizda ba'zan tuman pardasi osha so‘qmoqlar namoyon bo‘ladi. Ular ishonchsiz bo‘lishi mumkin. Lekin biz bu yerda harakatsiz turadigan bo‘lsak, muzlab qolishimiz ham hyech gap emas; bordiyu soxta yo‘lni tanlasak, yiqilib o‘lishimiz mumkin; biz hatto chin yo‘l bor-yo‘qligini ham bilmaymiz. Xo‘sh, biz nima qilishimiz kerak? Tushkunlikka tushmasligimiz kerak! Hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilib, dadil harakat qilishimiz kerak!»2[72].
Agar biz cheksizlik hamda hal qilinayotgan vazifaning o‘ta murakkabligi qarshisida hafsalasizlik va harakatsizlikdan yuqorida zikr etilgan tamoyilni, mistika va ko‘r-ko‘rona ishonchdan aql dalillari va bilishning ilmiy yo‘lini ustun qo‘ysak, hayot hodisasini falsafiy anglab yetish yo‘lidagi birinchi ishimiz, jonli deb nomlash mumkin bo‘lgan barcha narsalarning jonsiz narsalardan tubdan farqini aniqlash bo‘lishi lozim.
Jonli narsalarning jonsiz narsalarga bog‘liqligi. Bugungi kunda biz tushunishga qodir bo‘lgan barcha jonli narsalar umumiy holda jonsiz narsalar dunyosi bilan taqqoslaganda dengizdan bir tomchidir. Ammo, jonli narsalar borlig‘i to‘g‘risida so‘z yuritganda, u jonsiz narsalar borlig‘i bilan uzviy bog‘liq ekanligini, uning yuqoriroq bosqichi hisoblanishini qayd etib o‘tish lozim.
Jonli narsalar jonsiz (qotib qolgan) tabiat negizida vujudga keladi va yo‘qlikka chekinar ekan, ayni shu qotib qolgan tabiat bag‘riga qaytadi. Qadimgi yunon faylasuflari butun tiriklik yer, suvdan paydo bo‘lgan va ularga qaytib boradi, deganida, ayni shu aloqani nazarda tutganlar.
Fan, ayniqsa biologiyaning rivojlanishi bilan XIX asr boshlaridan organik dunyo evolyusiyasi haqidagi yaxlit ta'limotlar vujudga keldi. Dastlab J.Lamark (1744-1829), va Ch.Darvin (1809-1882) ta'limoti, keyinchalik esa genetika kashfiyotlari, biologiya, kimyo va geologiyaning rivojlanishi jonli narsalar jonsiz narsalardan abiotik (nobiogen, tabiiy) yo‘l bilan vujudga kelgan aminokislotalar atrof muhitning muayyan sharoitida birikishi jarayonida tabiiy yo‘l bilan yuzaga kelgan, deb qayd etish uchun zamin hozirladi.
Masalan, Ch.Darvin hayotning vujudga kelishi va uning tabiiy tanlanish natijasida tadrijiy rivojlanishi zamirida yotuvchi o‘sish, nasl qoldirish, irsiyat, o‘zgaruvchanlik, ko‘payish progressiyasi, yashash uchun kurash, tabiiy tanlanish kabi qonunlarni qayd etdi.