Rodjer Bekon (1214-1292) hayotini ilmiy tajribalarga bag‘ishladi. U tajribaviy fanga asos soldi. Tajriba metodini esa XYII asrda Frensis Bekon ishlab chiqdi. Haqiqatni topishda tabiatni tajribaviy o‘rganish metodini qo‘llash nominalistlar qarashlariga to‘liq mos kelardi.
Insoniyat tarixida ro‘y bergan eng ilg‘or taraqqiyot davrlaridan biri Uyg‘onish davrida hayotning hamma tarmog‘ida muhim, inqilobiy o‘zgarishlar yuz berdi.
Bu davr falsafa rivojiga muhim hissa qo‘shgan nemis olimi Nikolay Kuzanskiy(1401-1464) ta’limoticha, Xudo borliqning oliy va yagona asosi. Xudo hamma narsalarda, hamma narsalar Xudoda mavjud. Eng oliy haqiqatlarni bilish, sxolastik fikrlash bilan emas, balki tajriba asosida amalga oshadi. U bu borada muhim kosmologik fikrlarni bayon qildi. Bilish nazariyasiga nisbatan uning mutlaqo yangicha yondashishi XVIII asr oxiri va XIX asr boshida nemis falsafasiga debocha bo‘ldi.
Uyg‘onish davri mutafakkirlaridan biri polyak olimi Nikolay Kopernik (1473-1543). geliotsentrik ta’limoti bilan fanda tub o‘zgarish yasadi: galaktikamizning markazi Yer emas, quyoshdir. Bu kashfiyot dunyoda teologik qarashga zarba berib, tabiatshunoslikda inqilob qildi.
Kopernikning geliotsentrik nazariyasidan italiyalik Jordano Bruno (1548-1600) chuqur ilmiy xulosalar chiqardi. Ilg‘or fikrlari uchun Bruno dahriylikda ayblanib, cherkovdan haydaldi. Italiyadan qochishga majbur bo‘ldi. Uzoq vaqt Shvesariya, Fransiya, Angliya va Germaniyada quvg‘inda yurdi. 1592 yilda Bruno Italiyaga qaytib keladi, lekin cherkov inkvizitsiyasi tomonidan qamoqqa olinadi. O‘z ta’limotidan voz kechmagani uchun qatl etishga hukm qilindi.
Ingliz falsafasi asosiy vakillaridan biri F.Bekon (1561-1626) ta’limoticha, fanning yangi binosini qurish uchun, to‘g‘ri fikrlashga o‘rganish kerak. Bekon tomonidan sxolastikaga qarshi qaratilgan idollarning tanqidi metodologik ahamiyatga ega. U «Yangi Organon» kitobida shunday degan edi: «Moddiy dunyo, mamlakatlar, dengizlar, planeta juda keng bo‘lgani holda, insonlarning ma’naviy dunyosini eski chegaralar bilan o‘rab qo‘yilishi sharmandalikdan boshqa narsa emas». Uning bilish nazariyasi tajriba va aql bosqichidan iborat. Bekon ta’limoticha, olim chumolidek, faqat yig‘ish bilan kifoyalanmasligi; o‘rgimchakdek hayotdan ajrab, shaxsiy aqli bilan o‘z makrli falsafasini to‘qimasligi; balki asalariga o‘xshab gullardan nektar olib, keyin ularni asalga aylantirishi lozim. Bekon ijtimoiy-siyosiy qarashlari bo‘yicha kuchli markazlashgan davlat tarafdori bo‘lgan. Uningcha, ijtimoiy hayotda san’at va savdo rivojlanishi asosiy rol o‘ynaydi.
F.Bekon ta’limotini Tomas Gobbs (1588-1679) takomillashtirdi. Olim moddiylikni asosiy substansiya deb hisoblagan, materiyaning abadiyligi, harakatning esa mexanistik tarzda amalga oshishining tarafdori bo‘lgan. U matematik sifatida borliqning namoyon bo‘lishini geometriya fani nuqtai nazaridan tushuntirgan. Bilish nazariyasida Gobbs empirik jihatlarga ko‘proq e’tibor berdi, sezgilarning bilimlar hosil qilish jarayonidagi ahamiyatini tahlil qildi. Ijtimoiy taraqqiyoti masalasida u xususiy mulkchilikka asoslandi. Uning nazarida, davlatning monarxiya shakli maqsadga muvofiq.
Ingliz falsafasida Jon Lokk(1632-1704) qarashlari alohida o‘rin tutadi. Uningcha ham tajriba bilishning asosiy manbai. Bunda ichki va tashqi tajriba ajratiladi. 1690 yilda yozilgan «Inson aqli haqida tajriba» nomli asarida R. Dekartning «tug‘ma g‘oyalar»iga qarshi chiqadi. Lokk fikricha, bilish tabiat va inson o‘rtasidagi munosabatlardan, haqiqatlar esa kishilarning ayni jarayonda hosil qilgan tushuncha, g‘oya va xulosalarining olamga mos kelishidan iboratdir.
Ijtimoiy-siyosiy qarashlariga ko‘ra, Lokk ta’riflagan davlatning quyidagi xos tamoyillari uyg‘un bo‘lganidagina, davlat faoliyati samarali amalga oshadi: 1) hokimiyatni qonun chiqaruvchi tizimi; 2) hokimiyatning ijro etuvchi organlari; 3) ittifoq federativ hokimiyati.