Tatbiq qilinayotgan huquqning amal qilish doirasi Shartnoma majburiyatlarini huquqiy tartibga solishning muhim xususiyatlaridan biri qo‘llaniladigan huquqning amal qilish doirasini belgilash hisoblanadi.
Shartnoma majburiyatlarining tartiboti:
shartnomaning talqinini;
shartnomaning o‘z-o‘zidan haqiqiy emasligini yoki haqiqiy emas deb topilishi oqibatlarini;
shartnoma munosabati bilan talablardan voz kechish va qarzni o‘tkazishni qamrab oladi[1].
Shunda ijro etish usullari va tartibiga, shuningdek tegishli darajada ijro etilmagan taqdirda ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralar borasida qo‘llanilayotgan huquqdan tashqari ijro amalga oshirilayotgan mamlakatning huquqi ham e’tiborga olinadi.
Shartnomaviy majburiyatlarni tartibga solish har bir mamlakat fuqarolik-huquqiy munosabatlarida muhim ahamiyatga ega.
Xalqaro mulkning savdo-sotig‘iga va tashqi iqtisodiy bitimlarga tegishli bo‘lgan normalar xalqaro xususiy huquqda muhim rol o‘ynaydi. Bitimning shakliga qo‘llaniladigan huquq to‘g‘risida kollizion normalar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1181-moddasida o‘z aksini topgan. Bu moddada quyidagi qoida ko‘zda tutilgan: “Bitimning shakli u tuziladigan joy huquqiga bo‘ysunadi. Biroq chet elda tuzilgan bitim, agar O‘zbekiston Respublikasi huquqi talablariga rioya etilgan bo‘lsa, shaklga rioya etilmaganligi tufayli haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas. Chet elda tuzilgan bitimning shakli bitimning tuzilgan joy huquqi bilan belgilangan talablarga yoki mamlakat ichki qonunchiligi talablariga javob berishi shart”.
Ko‘chmas mulkka oid bitimlarning shakliga tegishli maxsus qoida ham ushbu moddada belgilangan, u bu mulk joylashgan mamlakat huquqiga bo‘ysunadi, O‘zbekiston Respublikasida davlat reestrida qayd etilgan ko‘chmas mulkka nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi huquqiga bo‘ysunadi.
Tashkilotlar va har xil davlat shakllari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va boshqa xalqaro aloqalarni amalga oshirish jarayonida odatda kontrakt deb nomlanuvchi shartnomalarning katta miqdori tuziladi[2].
Bu shartnomalar taraflarining turar joyi hamda tuziladigan joy va bajarilishi bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi, bu chet el elementi bilan tuzilgan shartnomaga qo‘llaniladigan huquqning aniqlanili shini talab qiladi.
Tashqi savdo bitimlari to‘g‘risida gap ketar ekan, bu haqida Luns L.A. quyidagilarni bildirgan: “Tashqi iqtisodiy “bitimlarning” turlari ko‘payganda, o‘zgarganda tashqi iqtisodiy bitimlarning umumiy tushunchasi “barqaror bo‘lishi mumkin emas” va “chet el huquqi normalarini qo‘llash hodisalarini qamrab olgan hamda yagonalashtirilgan (xalqaro bitimlar u xalqaro munosabatlarda keng ishlatilayotgan moddiy normalarni “namunaviy kontraktlar” vositachiligi yo‘li bilan) tashqi savdoda bitimlarning (va munosabatlarning) doirasi tushunchasini topish lozim”[3].
“Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida har xil davlatlarda joylashgan shaxslar, tijorat korxonalari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarning” tashqi iqtisodiy shartnomalarga tegishli ekanligi to‘g‘risidagi tushunchani Zikin M.S. ishlab chiqishga harakat qilgan.
Bizning doktrinamiz bo‘yicha bitim ishtirokchilaridan loaqal bittasi chet el fuqarosi yoki yuridik shaxsi bo‘lganda va mazmuni chet eldan mol-mulkni olib keltirish yoki chet elga molni olib ketish operatsiyasi, yoki qandaydir molni olib keltirish yoki olib ketish bilan bog‘liq yordamchi operatsiyasi bo‘lganda, to‘lov vositasi sifatida esa ikki taraf uchun yoki loaqal bir taraf uchun chet el valyutasi ishlatilganda tashqi iqtisodiy bitim hisoblanadi. 1980-yildagi mollarning xalqaro savdo-sotiq shartnomalari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi har xil davlatlarda joylashgan tijorat korxonalari bo‘lgan taraflar tomonidan tuzilgan mollarning oldi-sotdi shartnomalarini shunday shartnomalar qatoriga kiritadi.
Shunday qilib, tashqi savdo bitimlariga har xil davlatlar tashkilotlari va firmalari o‘rtasida tuzilgan oldi-sotdi va qator boshqa shartnomalar kiritiladi.
Zamonaviy sharoitlarda olib-sotish bilan bir qatorda turli-tuman xizmatlar ko‘rsatish, ishlar olib borish, korxonalar qurilishiga texnik yordam ko‘rsatish, sanoat komplekslarini tashkil qilish va boshqa loyihalarni amalga oshirish shartnomalari, ixtiro va boshqa ilmiy-texnika yutuqlari (nou-xau)dan foydalanish to‘g‘risida litsenziya bitimlari, ilmiy-texnika hujjatlarini topshirish to‘g‘risidagi shartnomalar, lizing shartnomalari va boshqalarning ahamiyati katta bo‘lmoqda. Bu turdagi shartnomalar tashqi iqtisodiy bitimlarning har xil turlarini ifodalaydi.
Tashqi iqtisodiy bitimning shakliga nisbatan qo‘llaniladigan huquqqa milliy qonunchiligimizda maxsus yondashish aks ettirilgan. Amaldagi qonunchilik quyidagi qoidadan kelib chiqadi: bizning tashkilotlarimiz qatnashuvchi bo‘lgan tashqi iqtisodiy bitimlar O‘zbekiston Respublikasi huquqi bo‘yicha belgilanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tashqi iqtisodiy bitimlarni oddiy yozma shaklda tuzadilar. Oddiy yozma shaklga rioya qilinmasa, qonunning to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatmasiga binoan tashqi iqtisodiy bitimlar haqiqiy emasligiga olib keladi (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1181-moddasi 2-qismi).
Tashqi savdo bitimlari uchun qonunchilik nafaqat yozma shaklni, balki imzolanishining ma’lum tartibini belgilaydi (Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 12-yanvardagi 15-sonli qarori).
Bu borada 1980-yilgi xalqaro oldi-sotdi shartnomalari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasi (11-modda) bunday shartnoma yozma shaklda tuzilishi va tasdiqlanishi yoki shakliga nisbatan boshqa shartlarga bo‘ysunishini talab qilmaydi.
Shartnomaning mavjudligi guvoh ko‘rsatuviga binoan tasdiqlanishi mumkin. Konvensiyaning qoidalari taraflarni shartnoma shakliga nisbatan shartlar bilan bog‘lamaslik xalqaro amaliyotiga amal qiladilar. “Shartnoma ham yozma, ham og‘zaki, ham taraflarning xohishini bildiruvchi harakatlar yo‘li bilan (konklyudent harakat) tuzilishi va tasdiqlanishi mumkin”. konvensiyaning 11-moddasidagi qoida uning boshqa qoidalari kabi dispozitiv xususiyatga ega, taraflar cheklanishi va o‘zgartirishi mumkin bo‘lmagan konvensiyaning 12-moddasidagi qoidalari bundan mustasno.
Konvensiyaning 12-moddasida bayon etilgan yagona imperativ ko‘rsatma shartnomalarning tuzilishi va tasdiqlanishi shakliga (11-modda), uning o‘zgartirilishi va tugatilishi (29-modda), aksept va oferta shakliga yoki taraflar xohishining boshqa ko‘rinishiga oid (konvensiyaning
2-qismi)dir.
Konvensiyaning 96-moddasiga asosan talabnoma qo‘ygan Kelishuvchi davlatda joylashgan tijorat korxonasiga ega loaqal taraf bo‘lsa, konvensiyaning II qismi 11 va 29-moddalarida ko‘zda tutilgan qoidalar qo‘llanilishi mumkin emas.
Savdo-sotiq shartnomalarining yozma shaklda tuzilishi va tasdiqlanishini talab qiluvchi kelishuvchi davlat har doim 12-moddada ko‘rsatilgan talabnomani qo‘yishi mumkinligi konvensiyaning
96-moddasida ko‘zda tutilgan.
Xalqaro xususiy ahamiyatga ega bo‘lgan bitim shakliga maxsus talablar qo‘ygan davlatlar konvensiyada qatnashishi imkoniyatini berish talabnoma to‘g‘risidagi qoidaning-mohiyatini tashkil qiladi.
1998-yil 1-mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Garov to‘g‘risida”gi Qonunida garov munosabatlariga oid huquqning qo‘llanilishi haqida qator qoidalar ko‘zda tutilgan[4]. Shuningdek, ushbu qonunning 49-moddasiga muvofiq garov to‘g‘risida shartnomaning shakli, taraflarning huquq va majburiyatlari, shartnomaning bajarilishi va tugatilishi, shartnomaning bajarilmasligi yoki lozim darajada bajarilmasligi oqibatlari, talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish va qarzni boshqa shaxsga o‘tkazish, agar qonunchilikda boshqa tartib belgilanmagan bo‘lsa, taraflar kelishuviga binoan tanlangan tarafning qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Garov to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘llaniladigan qonunchilik to‘g‘risida taraflarning kelishuvi bo‘lmagan taqdirda garov beruvchining ta’sis etilgan mamlakati, yashash joyi yoki asosiy faoliyatini olib borayotgan mamlakat qonunchiligi qo‘llaniladi.
Ko‘chmas mulk garovi to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘llaniladigan qonunchilik to‘g‘risida taraflarning kelishuvi bo‘lmagan taqdirda bu mulk joylashgan mamlakatning qonunchiligi qo‘llaniladi.
Ishonchnoma berilgan mamlakatning huquqi bo‘yicha ishonchnomaning shakli va amal qilish muddati belgilanadi. Ammo O‘zbekiston Respublikasining huquqiy talablariga javob beradigan ishonchnoma shaklga amal qilinmasligiga asosan haqli emas deb topilishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyatining erkinligini kafolatlash to‘g‘risida”gi[5] Qonunining 18-moddasiga binoan tadbirkorlik faoliyatining subektlari belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishga haqlidirlar.
Tashqi savdo bitimiga qo‘llaniladigan huquqni aniqlash yo‘li bilan bitimning majburiy deb nomlanuvchi tartiboti belgilanadi. Majburiy tartibot asosida bitim bo‘yicha taraflarning huquq va majburiyatlari, uning bajarilmasligining (muddatning o‘tib ketishi), lozim darajada bajarilmasligining oqibatlari aniqlanadi. Javobgarlikdan ozod qilish ham majburiy tartibot bilan belgilanadi. Majburiy tartibot bo‘yicha da’vo muddati masalalari[6] ham yechiladi, chunki da’vo muddatiga belgilangan huquq munosabatlari qatnashchilarining huquq va majburiyatlarini aniqlash uchun qo‘llaniladigan qonun qo‘llaniladi.
Bir paytda tashqi savdo bitimlarining shakliga nisbatan majburiy tartibot qo‘llanilishi mumkin emas, chunki mamlakat ichki qonunchiligi bu masalalarga nisbatan maxsus huquq belgilaydi.
G‘arbda belgilanganidek, agar bu bitimlarning yozma shakli bizning qonunimiz ko‘rsatmalarining ichki ommaviy tartib normalariga oid deb topilsa yoki ularni ashyo to‘g‘risidagi normalar sifatida ko‘rilsa, ular boshqa mamlakatlarda ham qo‘llanilishi mumkin.
Bitimda qo‘llaniladigan huquqni belgilash uchun oxirgi yillarda qator mamlakatlarda boshqa asoslar ham oldinga surilgan, avvalo, birinchi o‘rinda shartnomalarga sotuvchining ishlab chiqarish faoliyatini olib boradigan joyi qonuni, sotuvchi qonun prinsiplari qo‘llaniladi.