Tashqi iqtisodiy bitimlar tushunchasi Tashqi iqtisodiy munosabatlar rivojlanishi bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalarning xalqaro tijorat operatsiyali ishtirokchilari o‘z munosabatlarini rasmiylashtirishda foydalanadigan asosiy hujjatlar sifatidagi ahamiyati sezilarli darajada oshdi.
O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish nafaqat shartnomaviy munosabatlarni takomillashtirishni, shu jumladan tashqi iqtisodiy bitimlarni tuzish va uning ijrosini ta’minlash samaradorligini oshirishni ham talab etadi. Ayniqsa, tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish sharoitida tashqi iqtisodiy bitimlar bozor munosabatlari rivojlangan xorijiy davlatlar bilan integratsiyalashuv jarayonini yanada chuqurlashtirishni ham talab etadi.
Respublikamiz Prezidenti I.A. Karimov “Dunyo bozoriga chiqishning eng ma’qul yo‘li chet ellardagi eng yirik va nufuzli firma va kompaniyalar bilan yaqindan hamkorlik qilib, qo‘shma korxonalar tuzish hisoblanadi. Biznes olamida eng katta muammo nimada deb so‘rasangiz, mahsulot ishlab chiqarish emas, balki uni sotish, sotish, yana bir bor sotish, xaridor topish deb aytgan bo‘lardim. Qo‘shma korxonalar bizga tashqi bozorga yo‘l ochadi va biz ishlab chiqargan mahsulotni sotishda qiynalmaymiz”[7] deganlarida xalqaro savdoning mamlakatimiz iqtisodiyoti va rivojlanish strategiyasida tutgan o‘rnining nechog‘lik muhimligiga yana bir bor urg‘u berganlar. Xalqaro savdo munosabatlarining rivojlanishi va mustahkamlanishi, tabiiyki, tomonlar o‘rtasida tuziladigan va munosabatlarning huquqiy asosini yaratib beradigan bitimlarga bevosita bog‘liqdir.
Xorijiy davlatlar bilan o‘zaro integratsiya jarayoni, o‘z navbatida, tashqi iqtisodiy bitimlarning huquqiy tabiati, mohiyati va uning o‘ziga xos xususiyatlarini ilmiy va amaliy nuqtayi nazardan tadqiq qilib o‘rganishni ham zaruriyat qilib qo‘ymokda. Shu bois hozirgi sharoitda tashqi iqtisodiy faoliyatga oid shartnomaviy munosabatlarning fuqarolik huquqiy tartibga solinishi eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida tashqi iqtisodiy bitim tushunchasining rasmiy ta’rifi mavjud emas, faqat O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 1181-moddasining ikkinchi qismida “tashqi iqtisodiy bitim”ni tuzish shakliga tavsif berib o‘tilgan. Lekin milliy qonunchilikda tashqi savdo kontraktlari — xo‘jalik yurituvchi subektlarning eksport, barter va import kontraktlari deb tushunchasiga tushuntirish berilgan.
Tashqi iqtisodiy bitim tushunchasining rasmiy ta’rifi yo‘qligiga qaramay, ilmiy nazariyada olimlarning bir qator mulohazalari va nuqtayi nazarlari mavjud. Masalan, bizning fuqarolik huquqi mutaxassislarimiz tomonidan quyidagi ta’rif berilgan: taraflardan biri chet el fuqarosi yoki yuridik shaxsi bo‘lgan, maqsadi chet eldan mahsulot olib kirish (import) yoki chet elga mahsulot olib chiqish (eksport) bo‘lgan, to‘lov vositasi sifatida qo‘llanilgan pul birligi ikkala taraf uchun ham yoki bir taraf uchun chet el valyutasi bo‘lganda mazkur bitimlar – tashqi iqtisodiy bitimlar deyiladi[8].
“Tashqi iqtisodiy bitim” tushunchasining ta’rifi xususida har xil nuqtayi nazarlar mavjudligiga qaramay, fanda olimlar qo‘shimcha, yanada umumiy kategoriyalarni yaratishga ham harakat qilmoqdalar. Chunonchi, G.K.Dimitrieva “xalqaro tijorat bitimi” atamasini ilmiy muomalaga kiritgan. Bunda u xalqaro tijorat bitimi deganda xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida tadbirkorlik faoliyatini belgilaydigan, tijorat korxonalari turli davlatlar hududida joylashgan taraflar o‘rtasida tuzilgan bitimni tushunadi. N.Y.Erpileva, 1964-yilgi tovarlar xalqaro oldi-sotdisi to‘g‘risidagi Gaaga konvensiyalariga tayangan holda “xalqaro tijorat kontrakti” tushunchasini qo‘llaydi. A.Tinel, Y.Funk, V.Xvaley ko‘rib chiqilayotgan atamaning boshqa bir ta’rifini taklif qiladi: “xalqaro savdo bitimi” – bu “kamida ikki davlat bilan aloqani muayyan holatlar vositasida ifodalovchi” har qanday bitimdir. L.P.Anufrieva tashqi iqtisodiy va savdo, xalqaro tijorat bitimlari va xalqaro bitimlarni o‘z ichiga oluvchi “xalqaro xususiyatga ega bitim” tushunchasini ilgari suradi.
So‘nggi yillarda ayrim mualliflar turli xalqaro konvensiyalar, shu jumladan 1980-yilgi Tovarlar xalqaro oldi-sotdi shartnomalari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasi qoidalarini hisobga olib, tashqi iqtisodiy bitim tushunchasiga yanada umumiy ta’rif bermoqdalar. Bunda tashqi iqtisodiy bitim deganda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chog‘idagi tijorat korxonalari turli davlatlarda joylashgan shaxslar o‘rtasida tuzilgan shartnomani tushunadilar[9].
Xalqaro xususiy huquqda tovarlarning xalqaro oldi-sotdisi va tashqi iqtisodiy bitimlarga tegishli me’yorlar alohida o‘rin egallaydi. Savdo-iqtisodiy va boshqa turdagi xalqaro aloqalarni o‘rnatish davomida turli davlatlarning tijorat tashkilotlari o‘rtasida ko‘plab tashqi iqtisodiy bitimlar tuzilmoqda. Tomonlarning joylashgan joyi, shuningdek mazkur shartnomalarni imzolash va amalga oshirish joyi bir-biriga to‘g‘ri kelmaganligi sababli xorijiy davlatlar ishtirokidagi shartnomalarga qaysi davlatning milliy huquqini qo‘llash masalasi huquqiy fan nuqtayi nazaridan o‘rganilishi muhim amaliy ahamiyatga ega.
Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 101-moddasiga binoan bitimlar deb fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlarga aytiladi.
Nazariyada “tashqi iqtisodiy bitim” tushunchasi bilan bir qatorda “tashqi savdo bitimi” degan nisbatan tor tushuncha ham mavjud. V.V.Pokrovskaya fikriga ko‘ra “tashqi savdo bitimi deganda turli davlatlarda joylashgan firmalar, kompaniyalar va tadbirkorlik faoliyatining boshqa shakllari o‘rtasida tovar yetkazib berish yoki xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma (bitim) tushuniladi. Biroq turli xorijiy firmalarning bir mamlakat hududida joylashgan filiallari va vakolatxonalari o‘rtasida tuziladigan bitimni tashqi savdo bitimi deb hisoblash mumkin emas”[10].
Ammo bugungi kunda “tashqi iqtisodiy bitim” atamasini qo‘llash afzal ko‘rilmoqda. “Tashqi iqtisodiy bitim” tushunchasini ta’riflash borasidagi izlanishlar har bir alohida bitim turini huquqiy tartibga solish xususiyati bilan belgilanadi (1980 yilgi Tovarlar xalqaro oldi-sotdi shartnomalari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasi, 1988 yilgi Xalqaro moliyaviy lizing to‘g‘risidagi konvensiya). “Tashqi iqtisodiy bitim” tushunchasini shakllantirish xorijiy element bilan murakkablashgan bitimlarni umumlashtirish orqali amalga oshirildi (tashqi iqtisodiy bitim toifasiga faktoring, lizing to‘g‘risidagi shartnomalarni, mol-mulkni ijaraga olish, sug‘urta, vositachilik, topshiriq shartnomalarini va xalqaro xususiyatga ega bo‘lgan boshqa shartnomalarni kirita boshladilar).
Tashqi iqtisodiy, tashqi savdo va xalqaro tijorat shartnoma munosabatlari xususida har xil nuqtayi nazarlar mavjudligiga qaramay pirovardida ularning hammasi taraflardan biri mamlakat eksporti yoki importining xorijiy kontragenti hisoblanadi, ularning harakatlari tovarni chet elga olib chiqish yoki chet eldan olib kirishga qaratiladi, kontragent bilan hisob-kitoblarda esa xorijiy valyuta qo‘llaniladi degan yagona talqin bilan bog‘lanadi[11].
Tashqi iqtisodiy bitimda xorijiy elementning mavjudligi bitimlarni tuzish va amalga oshirish jarayonini sezilarli darajada og‘irlashtiradi, bu esa pirovard natijada bir qator qo‘shimcha shartlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Chunonchi:
– to‘lovlarni olishning murakkablashuvi. Bu bitimga to‘lovni ta’minlash bilan bog‘liq shartni kiritishga intilish paydo bo‘lishiga olib keladi;
– valyutaga doir shartlarning mavjudligi;
– tovarni ikki yoki undan ortiq davlat hududi orqali tashib o‘tish;
– sug‘urtaga doir shartlarning ishlab chiqilishi, zero, uzoq masofaga tashiladigan va aksariyat hollarda bir turdagi transportdan boshqa turdagi transportga qayta yuklanadigan tovarning yo‘qolish yoki shikastlanish xavfi kuchayadi;
– tovarlar yoki xizmatlar qaysi davlatlar chegarasidan o‘tsa, shu davlatlardan har birining bojxona qoidalarini bajarish zarurligi;
– asosiy shartnomadan tashqari shartnoma bo‘yicha barcha majburiyatlar bajarilishini ta’minlovchi bir qator qo‘shimcha kontraktlar (yuk tashish, sug‘urta shartnomasi va boshq.)ning mavjudligi;
– kutilmagan holatlar (siyosiy to‘ntarishlar, qurolli mojarolar, mazkur sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlarining o‘zgarishi va sh.k.) yuz berish xavfining kattaligi;
– shartnomaga qo‘llaniladigan huquq to‘g‘risidagi normani va nizolarni ko‘rib chiqish tartibini kiritish zarurligi;
– xalqaro tijorat bitimlarining shakli va ularni imzolash tartibi to‘g‘risidagi alohida qoidalar.
Quyidagilar tashqi iqtisodiy bitimlarni huquqiy tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari hisoblanadi: xalqaro va milliy huquq normalarining o‘zaro aloqasi; milliy huquq turli tarmoqlari normalarining qo‘llanishi; nodavlat tartibga solish shakllari (kontrakt shartlari, xalqaro savdo odatlari, sud va arbitraj amaliyoti)ning keng tatbiq etilishi.
Tashqi iqtisodiy bitimni quyidagi jihatlariga ko‘ra boshqa bitimlardan farqlash mumkin.
Eng ko‘p tarqalgan tashqi iqtisodiy bitimlardan biri bu xalqaro oldi-sotdi savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan shartnomalar hisoblanadi. 1980-yilda qabul qilingan “Tovarlarning xalqaro oldi-sotdi shartnomalari to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasi bunday shartnomalarni tartibga soluvchi huquqiy hujjatlardan biri hisoblanadi.
Tovarlar oldi-sotdi bitimga asosan sotuvchi tovarni sotib oluvchining egaligiga shartnomada nazarda tutilgan muddatda va belgilangan shartlarda taqdim etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi, sotib oluvchi esa tovarni qabul qilib olish va shartnomada belgilangan pul miqdorini to‘lash majburiyatini oladi. Tovarlarni eksport va import qilish bitimlari bir-biridan farqlanadi.
Xorijiy davlatlar amaliyotida nafaqat valyuta asosida, balki tovar ayirboshlash va kompensatsiya bitimlari ko‘rinishida ham tuziladi. Bunday bitim turlaridan biri barter asosidagi bitimlardir. Bunda taraflar o‘rtasida ayirbosh qilinadigan tovarlar miqdori shartnomada kelishib olinadi va shu kelishuvga asosan bir tovar ikkinchi bir tovarga almashtiriladi.
Tovarlar oldi-sotdisi shartnomasi bilan birga, turli xildagi xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish, korxonalar qurilishida texnik yordam ko‘rsatish, sanoat majmualarini va turli loyihalarni amalga oshirish, hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, ilmiy-texnikaviy yutuqlardan foydalanish to‘g‘risidagi litsenziya bitimlari, lizing va boshqa turdagi shartnomalar muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Bunday shartnomalar tashqi iqtisodiy bitim turlarini tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida xo‘jalik faoliyatini yurituvchi subektlar, ya’ni yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bitimlar tuziladi. O‘zbekiston Respublikasining chet el davlatlari bilan tovar ayirboshlash to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvlari mazkur davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari o‘rtasida tuzilgan bitimlar uchun asosiy manba va shu hukumatlararo kelishuvlarni amalga oshirish vositalaridan biri hisoblanadi. Shartnoma imzolangandan so‘ng undagi huquq va majburiyatlar taraflar tomonidan belgilab olinadi, ya’ni bu har bir shartnomaning mustaqilligidan darak beradi. Shu bilan bir qatorda taraflar tomonidan shartnoma majburiyatlarining bajarilishi hukumatlararo kelishuvning mazmuni bilan bog‘liqdir. Lekin davlatlarning mazkur kelishuvlari fuqaroviy-huquqiy majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi, balki bunday majburiyatlar shartnoma asosida vujudga keladi. Shartnoma imzolangandan so‘ng davlatlarning majburiyatlari o‘zgarib qolishi ham mumkin, chunki keyinchalik ularga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Xususan, tovarning eksport-import miqdorini kamaytirish yoki ma’lum bir tovarni yetkazib berishni boshqa muddatga o‘zgartirish bu kabi shartnomalarga o‘zgartirishlar kiritilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Hukumatlararo kelishuvga qaratilgan o‘zgartirishlarga asosan yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
Tashqi iqtisodiy bitimlar imzolash chog‘ida bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib qolganida (to‘qnashganida) kolliziya holatlari paydo bo‘ladi. Bunday hollarda taraflar shartnomani imzolayotganlarida, qaysi davlat qonunchiligini qo‘llashni o‘zaro kelishib olishlari mumkin. Taraflar qonunchilikni erk muxtoriyati tamoyillari asosida, ya’ni taraflar o‘z ixtiyorlari bo‘yicha huquq tizimini tanlashlari va shartnoma mazmunini belgilab olishlari lozim.
Taraflarning erk muxtoriyati prinsipi jahondagi ko‘pgina davlatlarning qonunchiligi tomonidan tan olinadi. Lekin taraflar erk muxtoriyati tamoyillarining chegaralari ko‘p davlatlarda turlicha belgilab qo‘yilgan. Ayrim davlatlarda bu tamoyil chegaralanmagan, ya’ni taraflar bitim imzolaganlaridan so‘ng mazkur hujjatni xohlagan huquq tizimiga bo‘ysundirishlari mumkin. Rivojlangan davlatlarning huquq tizimiga e’tibor beriladigan bo‘lsa, masalan:
AQShda 1990 yilda qabul qilingan Savdo kodeksiga muvofiq taraflar o‘rtasida imzolangan bitimda qaysi taraf (shtat, davlat)ning huquq va majburiyatlari qo‘llanilishi kerakligini belgilab olishga haqlidirlar, agarda bitimda taraflar tomonidan bunday kelishuv ko‘rsatilmagan bo‘lsa, Savdo kodeksida mavjud bo‘lgan huquq va majburiyatlar qo‘llaniladi;
Germaniya huquq tizimi ham taraflar tomonidan imzolangan bitimga qonunchilikni tanlashda erk muxtoriyati prinsipidan kelib chiqadi, lekin taraflar bitimda bunday prinsipni qo‘llashmagan bo‘lsa, bitim qaysi davlat uchun muhimroq ahamiyatga ega bo‘lsa, o‘sha davlatning qonunchiligi qo‘llaniladi;
Xitoy Xalq Respublikasi ham o‘z qonunchiligida, agar taraflar bitimda qo‘llanadigan huquqni belgilamagan bo‘lsalar, bunday bitim qaysi taraf uchun muhimroq ahamiyatga ega bo‘lsa va bitim qaysi mamlakam bilan eng ko‘p uzviy bog‘langan bo‘lsa, o‘sha tarafning qonunchiligi qo‘llanilishini belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasi bunday kollizion masalalarni hal etishda Fuqarolik kodeksining 1181-moddasidagi qoidalarga rioya etadi, ya’ni “Bitimning shakli u tuziladigan joy huquqiga bo‘ysunadi”. Biroq chet elda tuzilgan bitim, agar O‘zbekiston Respublikasi huquqi talablariga rioya etilgan bo‘lsa, shaklga rioya etilmaganligi tufayli haqiqiy emas, deb topilishi mumkin emas. Loaqal ishtirokchilardan bittasi O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi yoki fuqarosi bo‘lgan tashqi iqtisodiy bitim qaerda tuzilganligidan qat’i nazar, yozma shaklda tuziladi.