Tashqi oldi-sotdi munosabatlari bo‘yicha xalqaro konvensiyalar. Namunaviy shartnomalar. Savdo atamalari. Xalqaro oldi-sotdi sohasida xalqaro savdoni muvofiqlashtirib turuvchi moddiy-huquqiy me’yorlarning mavjud emasligi kollizion normalarni qo‘llashni zarur qilib qo‘ymoqda va xalqaro savdo rivojlanishiga muayyan darajada salbiy ta’sir etmoqda. 1966-yil 17-dekabrdagi BMT Bosh Assambleyasining 2205-sonli “Turli davlatlarning xalqaro savdosi to‘g‘risida”gi Rezolyutsiyasida turli mamlakatlar qonunlaridagi farqlar, xalqaro savdo rivojlanishiga asosiy to‘siqlardan biri deb ko‘rsatiladi.
Turli davlatlarning milliy qonunchiliklari o‘rtasidagi farqlarning turli-tumanligi, bu masalalar bo‘yicha qarama-qarshi qoidalar keltirib chiqarmoqda. Shuning uchun kolliziya masalasining qanday hal etilishi, nizoni hal etayotganda shartnomaga qaysi huquqni qo‘llanish muammolari, ko‘p hollarda shartnomani imzolangan deb hisoblash kerakmi, taraflar tomonidan bir-biriga u yoki bu talablarni qo‘yishga haqlidirlarmi, taraflarning javobgarlik hajmi chegarasi kabi masalalarni hal qilish bilan ham uzviy bog‘liq hisoblanadi.
1964-yil Gaaga Konferensiyasining sessiyasida “Tovarlarning xalqaro oldi-sotdi savdosi to‘g‘risidagi shartnomalarni tuzish” Gaaga konvensiyasi qabul qilingan. Ammo Konferensiyada asosan G‘arb mamlakatlari ishtirok etganliklari sababli, mazkur Gaaga konvensiyala rining mazmuni to‘liq miqdorda umumiy tusga ega bo‘lmadi. Shu bois 1964-yilgi Gaaga konvensiyasi keng qo‘lamda qo‘llanilmadi. Xalqaro savdo huquqi bo‘yicha BMT Komissiyasi barcha mamlakatlarning huquq tizimlariga to‘g‘ri keladigan qoidalarni ishlab chiqish vazifasini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Mazkur komissiya ish faoliyati natijasida loyiha ishlab chiqilib, bu loyiha asosida 1980-yili Vena Konferensiyasida “Tovarlar xalqaro oldi-sotdi shartnomalari to‘g‘risi”da BMT Konvensiyasi qabul qilindi. Konvensiyaning kirish qismida e’tirof etilganidek, ishtirokchi davlatlarning fikriga ko‘ra tovarlarning xalqaro oldi-sotdi shartnomalarini tartibga soluvchi umumiy me’yorlari qabul qilinishi va unda turli ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy tizimlardagi mavjud farqlarning inobatga olinishi, xalqaro savdoda yuzaga kelayotgan huquqiy to‘siqlarni bartaraf etishga va xalqaro savdoning rivojlanishiga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, 1980-yilgi Vena konvensiyasi taraflarga o‘z shartnomalarida konvensiyani butunlay qo‘llamaslikka ham ruxsat bergan. Bundan tashqari, konvensiya normalari umumiy qoida sifatida dispozitiv xarakterga ega. Agarda taraflar shartnomada qo‘llanilayotgan qonun yoki tartib xususida yoxud mazkur masala bo‘yicha boshqa yo‘l bilan kelishib olishgan bo‘lsa, bunday hollarda ushbu munosabatlarga konvensiya talablari qo‘llanilishi mumkin.
Mazkur konvensiya o‘zida quyidagi qoidalarni mustahkamlaydi:
Birinchidan, shartnomaning taraflari bo‘lgan tijorat tashkilotlari turli davlatlarda (Konvensiya ishtirokchisi) joylashgan bo‘lsa;
Ikkinchidan, shartnomada qo‘llash uchun ishtirokchi davlatning huquqi tanlangan bo‘lsa, agarda taraflardan biri yoki ikkalasi ham ishtirokchi davlatlarning tijoratchi tashkilotlari bo‘lmagan taqdirda ham qo‘llaniladi.
Masalan, Ukraina korxonasi va Germaniya firmasi o‘rtasida imzolangan shartnomada qo‘llanilayotgan huquq ko‘rsatilmaganligi natijasida, nizo kelib chiqqanda, sud nizoni ko‘rayotgan davlatning konvensiya ishtirokchisi ekanligini inobatga olib, Vena konvensiyasi tartibiga rioya qilib tegishli qaror qabul qiladi.
Da’vo muddati masalasida 1974-yilda “Tovarlar xalqaro oldi-sotdi savdosi da’vo muddati to‘g‘risida”gi konvensiya qabul qilingan. Konvensiya YuNSITRAL tomonidan ishlab chiqilgan. Bu konvensiya taraflar shartnoma tuzayotganlarida muhim shartlardan birini tartibga soladi. Ya’ni barcha xalqaro oldi-sotdi shartnomalari uchun bir xil bo‘lgan 4 yillik da’vo muddati 6 oydan 30 yilgacha qilib belgilangan, shuning uchun ham bularning ko‘plari uchun 4 yillik muddat umumtan olingan. Konvensiyada ko‘rsatilishicha, shartnomaviy huquqi buzilishdan kelib chiquvchi talabnoma bo‘yicha 4 yillik da’vo muddati, bunday buzilish qachon sodir bo‘lgan paytdan boshlab, chunonchi, agar mahsulot shartnoma shartlariga to‘g‘ri kelmasa yoki yaroqsiz bo‘lsa, o‘sha tovarni sotib oluvchiga bergan kundan boshlab yoki tovarni qabul qilishdan bosh tortgan kundan boshlab hisoblanadi.
Konvensiya tomonidan da’vo muddati o‘tishining uzilishi yoki da’vo muddatini uzaytirish haqida qoidalar, uni o‘zgartirish, shuningdek da’vo muddatining umumiy cheklovi (10 yil) va da’vo muddatini o‘tkazib yuborishning oqibatlari ifodalangan. Konvensiyaga asosan da’vo muddatining o‘tib ketganligi javobgar tarafning arizasiga binoan sudda nizo ko‘rilayotganda inobatga olinadi. Bunday ariza mavjud bo‘lganda, agarda nizoni ko‘rib chiqish da’vo muddati o‘tib ketgandan so‘ng boshlangan bo‘lsa, da’voni rad etishga asos bo‘ladi. Konvensiya nizolarni hal etish tartibini va da’vo muddatini belgilab bermaydi. Bundan tashqari, konvensiyaning
3-moddasida ko‘rsatilganidek, agar tovar yetkazib beruvchi tarafning majburiyati asosan ishni bajarish yoki boshqa xildagi xizmatni taqdim etishdan iborat bo‘lsa, tuzilgan shartnomalarga konvensiya qo‘llanilmaydi.
Konvensiyada tovarlarning xalqaro oldi-sotdisi to‘g‘risidagi shartnomalarning hamma asosiy masalalari bo‘yicha qoidalar mavjud.
Vena konvensiyasining oferta va aksept orqali shartnoma tuzishga oid qoidalari asosan undagi normalar fuqarolik huquqi normalariga o‘xshashligi bilan xarakterlanadi.
Konvensiyani qo‘llash masalasini hal etayotgan paytda taraflarning milliy tegishliligi, ularning fuqarolik yoki savdo maqomi, shuningdek shartnomaning fuqarolik yoki savdo xarakteri hech qanday ahamiyat kasb etmaydi.
Tovarlarning xalqaro oldi-sotdisi to‘g‘risidagi shartnomada taraflarning munosabatlarini tartibga soluvchi konvensiyaning tegishli qismi bilan sotuvchi majburiyatlari belgilanadi, xususan, tovarni yetkazib berish va hujjatlarni berish, tovarlarning miqdori va sifati, shuningdek sotib oluvchi majburiyatlari, narx va tovarlarni qabul qilish shular jumlasidandir. Agar imzolangan shartnoma bilan sotilgan tovarning sifati belgilanmagan bo‘lsa, unday holda o‘zi bunday tovarni qanday holda foydalanish nazarda tutilgan bo‘lsa, o‘shanday holda taqdim etilmog‘i darkor. Bajarish muddati shartnomada belgilanadi. Muddatdan ilgari yetkazib berilgan tovarni qabul qilish sotib oluvchining xohish-irodasiga bog‘liq. Konvensiya sotuvchi yoki sotib oluvchi tomonidan shartnoma shartlarining buzilishining oldini olishda huquqiy himoya vositasi hisoblanadi.
Konvensiyaning alohida bobida sotuvchi va sotib oluvchi uchun umumiy bo‘lgan majburiyatlar o‘z ifodasini topgan. Unda shartnoma shartlarini buzishlarning oldini olish va tovarni yetkazib berish, zarar va foizlarni undirish kabi qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida o‘z aksini topgan.
Vena konvensiyasining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri agar bir taraf shartnoma shartlari buzilishiga yo‘l qo‘ysa, natijada boshqa tarafga zarar yetkazilsa, oqibatda u shartnoma asosida olishi kerak bo‘lgan foydaning ma’lum bir miqdoridan mahrum bo‘ladi. Shartnoma shartlarining buzilish hollari mavjud bo‘lganda, yetkazib berilishi kerak bo‘lgan tovarning almashtirib berilishini talab qilishga haqli. Shuningdek, shartnomadan ham voz kechishi mumkin. Bundan tashqari, agar shartnoma imzolangandan keyin boshqa taraf shartnoma majburiyatlarining ko‘p qismini bajara olmasligi ma’lum bo‘lib qolsa, taraflar majburiyatlarni bajarishni to‘xtatib turish huquqiga ham ega.
Vena konvensiyasiga asosan oldi-sotdi shartnomasidagi majburiyatlarini taraflar buzgan taqdirda javobgarlikning umumiy asoslarida yetkazilgan zararni va boy berilgan foydani qoplash haqidagi talabnoma bildirilishi mumkin. Shartnoma muddatini o‘tkazib yuborganligi uchun neustoyka shartlari taraflar tomonidan kelishib olinadi. Agar majburiyat yuklatilgan taraf, bo‘lgan shartnoma buzilishini “uning nazoratida bo‘lmagan to‘siq” (engib bo‘lmas kuch) natijasida kelib chiqqanligini isbotlab bera olsa, javobgarlik kelib chiqmaydi. Konvensiyada quyidagi holatlar ham o‘z ifodasini topgan:
1) shartnomada shartlashilgan neustoykani qo‘llash;
2) pul majburiyatlarining bajarilish muddatini o‘tkazib yuborganlik uchun yillik foiz miqdorini belgilash (ammo konvensiyada bunday foizlarni undirib olish huquqi belgilangan);
3) shartnomaning haqiqiyligi va shu bilan bog‘liq holda tashqi iqtisodiy bitimlarning shakli to‘g‘risidagi qoidalar, bunda milliy qonun normalariga amal qilingan bo‘lishi lozim;
4) da’vo muddatini qo‘llash.
Ma’lum bir masalalar borki, ular konvensiya tomonidan umuman tartibga solinmagan yoki to‘liq tartibga solinmagan. Shu sababli M.G.Rozenberg konvensiyaning quyidagi masalalariga o‘z e’tiborini qaratadi. Masalan, konvensiya tomonidan tartibga solinmagan masalalarga, kollizion normalar asosidagi huquq qo‘llaniladi degan iboradan kelib chiqilsa, 1980-yilda qabul qilingan Vena konvensiyasida kollizion masalalar mavjud emas. Buni konvensiyaning 7-moddasi
2-bandidan ko‘rish mumkin, xususan, aytilishicha, “mazkur konvensiya predmeti tomonidan hal etilishi kerak bo‘lgan masalalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etilmagani, konvensiyaning umumiy prinsiplari asosida hal etiladi. Agar bunday prinsiplar mavjud bo‘lmagan taqdirda – huquq asosida, xalqaro xususiy huquq normalari asosida” hal etiladi. Shunday qilib, konvensiyaning 7-moddasi 2-bandi mezonidan umumiy tamoyillar xalqaro xususiy huquq normalari asosida qo‘llanilayotgan huquq hisoblanadi degan tushuncha kelib chiqmoqda.
Davlatlar 1980-yilgi Vena konvensiyasining ishtirokchisi bo‘lish uchun oldin 1964-yilda qabul qilingan “Tovarlarning xalqaro oldi-sotdisi to‘g‘risidagi shartnomalarni tuzish bir xil qonuni” to‘g‘risidagi Gaaga konvensiyasini qabul qilishlari (denonsatsiya) kerak bo‘ladi. Konvensiyaning bu qoidasi uni eng yuqori darajada qo‘llanish sohasini kengaytirish, shu bilan bir qatorda milliy qonunchilikka kiritish maqsadida qo‘llaniladi. Faqat XX asrning 70-80-yillaridagina savdo sohasiga oid bir xil moddiy-huquqiy normalarning mavjud emasligi, o‘z-o‘zidan konvensiyani moddiy-huquqiy qoidalar bilan to‘ldirishni taqozo etdi. Bu muammo keyinchalik 1986-yilda tovarlarning xalqaro oldi-sotdi shartnomalariga qo‘llanadigan huquq to‘g‘risidagi konvensiyaning qabul qilinishi bilan hal etildi. Konvensiya 1985-yilda Gaaga konferensiyasining navbatdagi sessiyasida ishlab chiqildi va uning qoidalari bevosita ko‘char mulklarning “Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan” xalqaro oldi-sotdisida qo‘llanilishi mumkin bo‘ldi. Bunday ko‘rinishga ega bo‘lgan bitimlar doirasiga taraflari turli davlatlar bo‘lgan shartnomalar kiradi. Shuningdek, konvensiya kimoshdi savdosi yoki birjadagi oldi-sotdilarga ham qo‘llanilishi mumkin bo‘ldi. Bundan tashqari, konvensiyada huquqni tanlashga oid: “Oldi-sotdi shartnomasi taraflar tanlagan huquq bilan tartibga solinadi. Taraflarning bunday tanlov haqidagi kelishuvlari yaqqol ko‘rinib turishi kerak yoki shartnoma va taraflarning xulq-atvoridan kelib chiqishi kerak”ligi to‘g‘risidagi yangi qoidalar o‘z aksini topdi.
Konvensiyaning taraflar shartnoma tuzish vaqtida qo‘llaniladigan huquqni tanlashmagan bo‘lsa, 7-moddada ko‘rsatilganidek, unda sotuvchi shartnomani imzolayotganda uning tijorat tashkiloti qaerda bo‘lsa, o‘sha davlatning huquqi bilan tartibga solinadi. Shunday qilib, bu masalada mavjud bo‘lgan xalqaro kelishuvlarning tajribasi qo‘llanilgan (1955 yilgi Gaaga konvensiyasi).
Konvensiyaning 22-moddasiga asosan agarda oldi-sotdi shartnomasi taraflari xalqaro kelishuvlarning ishtirokchisi hisoblangan davlat bo‘lsa, bunday holda konvensiya qoidalari qo‘llanilmaydi.
Xalqaro savdo amaliyotida yirik eksport va import qiluvchilar tomonidan, shuningdek ularning uyushmalari yoki assotsiatsiyalari tomonidan XIX asr oxirlarida ishlab chiqilgan namunaviy shartnomalar keng qo‘llaniladi.
Hozirgi sharoitda yirik firmalar namunaviy shartnomalarni keng qo‘llamoqda. Namunaviy shartnoma, shartnomaning shunday bir shakliki, u faqat taraflarning kelishuvi mavjud bo‘lgandagina majburiydir. Bunday shartlarning mazmuni esa bevosita bu shartlar qaysi davlatda ishlab chiqilgan bo‘lsa, o‘sha davlatning huquqi va amaliyotiga asoslanadi.
BMTning Yevropa Iqtisodiy Kengashi tomonidan uskuna va mashinalar, arralanayotgan yog‘och-taxtalar va boshqalarni yetkazib berishni umumiy shartlari ishlab chiqilgan. Oddiy namunaviy shartnomalar kabi bunday umumiy shartlar faqat aniq shartnomalarda qo‘llaniladi.
Yevropa Iqtisodiy Kengashi (EES) tomonidan 1990 yilda ishlab chiqilgan Qarshi savdo sohasidagi qo‘llanma, ya’ni qarshi savdodagi xalqaro shartnomalar va Xalqaro kompensatsiya shartnomalari bo‘yicha qo‘llanmalar, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasida qarshi savdoga oid munosabatlarini huquqiy tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Eng keng xalqaro amaliyotida tarqalgan namunaviy kontraktlar Xalqaro injiner-konkultantlar federatsiyasi (FIDIC) tomonidan ishlab chiqilgan. FIDIC namunaviy kontraktlar xalqaro qurilish loyihalar uchun mo‘ljallangan, shuningdek milliy loyihalarda ham foydalanish mumkin. Ushbu namunaviy kontraktlar milliy qonunchilikga imperativ normalarga moslashish mumkin.
Tovarlarni dengiz va daryo transport vositalarida tashish bilan bog‘liq oldi-sotdi shartnomalarini tuzish va ijro etishda urf-odatlar ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib hisoblanadi. Ammo shuni alohida ta’kidlash joizki, urf-odatlarning mazmuni turli davlatlarda va hattoki bir davlatning bir nechta portida bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Ana shunday urf-odatlar asosida xalqaro savdo amaliyotida “KAF”, “SIF”, “FOB” va “FAS” shartlari asosida shartnomalar ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari, Xalqaro savdo palatasi tomonidan Xalqaro savdo termin (atama)larini qoidalari INKOTERMS ishlab chiqardi. Mazkur qoidalar birinchi marta 1936 yillarda nashr qilindi va keyingi 1953, 1967, 1976, 1980, 1990, 2000 va 2010 yillarda o‘zgarishlar va qo‘shimcha kiritilgan. Xalqaro savdo palatasi INKOTERMSni turli tahrirlarda e’lon qilish bilan bir qatorda, tadbirkorlarning ehtiyojlarini INKOTERMSga sharhlar bilan ham ta’minlaydi. Hozirgi vaqtda xalqaro amaliyotda ushbu qoidalar xalqaro tovarlarni oldi-sotdi shartnomalarda juda keng qo‘llanadi. Qoidalarning huquqiy maqomi davlatning milliy qonunchiligiga qarab belgilanadi. Jami elikka yaqin mamlakat INKOTERMSga qonun sifatida qaraydi (masalan, Iroq, Ispaniya, Ukraina), aksariyat davlatlar uchun esa ular savdo odatlaridir (Avstriya, Fransiya, Polsha, Belarus, Rossiya, Germaniya, O‘zbekiston va boshq.).