Didaktika so’zi yunoncha didaktikos “o’rgatuvchi”, didasko esa – “o’rganuvchi” ma’nosini bildiradi.
Bu so’z 1613 yili Germaniyada nemis pedagogi Vol`fgang Ratke (1571-1635 yillar) tomonidan kiritildi.
Bu tushunchani shunga o’xshash usulda buyuk chex pedagogi Komenskiy (1592-1670 yillar) “Buyuk didaktika” nomli mashhur asarida tilga oladi. Lekin Komenskiy “didaktika bu faqat ta’limgina emas, balki tarbiyalash ham”, deb ta’kidlaydi.
Didaktika – bu pedagogik fan bo’lib, u ta’limning nazariy jihatlarini o’rganadi. Har bir o’qituvchi didaktika asoslarini bilishi zarur.
Didaktika ta’limni ijtimoiy tajribani berish vositasi sifatida e’tirof etadi. Ta’lim yordamida yoshlarni hayotga tayyorlash amalga oshiriladi. Ta’limiy faoliyatini tashkil etishda o’qituvchi - o’quvchi, o’quvchi – o’quv materiali, o’quvchi - boshqa o’quvchilar o’rtasidagi munosabatlar yuzaga keladi.
Didaktikaga ta’limning mazmunli va protsessual jihatlarini birgalikda o’rganish xosdir. Amaliyotni qayta tashkil etish va takomillashtirish masalalarini nazarda tutgan holda didaktika ta’limni faqatgina o’rganish ob’ekti sifatidagina emas, balki ilmiy asoslangan loyihalashtirish ob’ekti sifatida qaraydi.
Didaktikaning vazifalari quyidagilardan iborat:
- ta’lim jarayonlari va ularni amalga oshirish shartlarini ta’riflash va tushuntirish;
- ta’lim jarayonini yanada mukammal tashkil etish, ya’ni, ta’lim tizimlari va texnologiyalarini ishlab chiqish;
- ta’lim jarayoni uchun xos bo’lgan umumiy qonuniyatlarni aniqlash, omillarini tahlil qilish va ta’riflash.
Didaktikaning ilmiy-nazariy vazifasi ta’limning mavjud jarayonlarini o’rganish, uning turli jihatlari o’rtasidagi bog’liqliklar, ularning mohiyatini ochib berish, rivojlanish tendensiyalari va kelajagini aniqlashdan iboratdir.
Ta’lim mazmunini anglab olish, ta’lim tamoyillari, ta’lim metod va vositalarini qo’llash me’yorlarini aniqlash asosida didaktika amaliy-me’yoriy hamda konstruktiv-texnologiya vazifasini bajaradi.
Didaktikaning tushunchaviy tizimi va asosiy kategoriyalari
Mavjud ilmiy tushunchalar ikki asosiy guruhga ajratiladi:
1. falsafiy tushunchalar;
2. xususiy ilmiy, ya’ni, muayyan fangagina xos bo’lgan tushunchalar.
Didaktikaning asosiy kategoriyalari quyidagilardan iborat:
Bilim olish– idrok etish, o’rganish, mashq qilish va egallangan tajriba asosida xulq va faoliyatda yangi shakllarning yuzaga kelishi, mavjud bilimarining o’zgarib, takomillashib, boyib borish jarayoni.
Bilim – tizimlashtirilgan ilmiy ma’lumotlar majmui bo’lib, ular o’quvchining ongida borliq tushunchalari, sxemalar, ma’lum obrazlar ko’rinishida aks etadi.
Ta’lim - qo’yilgan maqsadga erishishga yo’naltirilgan o’qituvchi va o’quvchining maqsadli o’zaro harakatlari. Ularning birgalikdagi faoliyati ikki tomonlama aloqani tashkil etish jarayonidir. Ta’lim berish asosida bolani umumiy rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Ta’lim - o’qitish jarayonida o’quvchilar tomonidan egallangan bilim, ko’nikma, malaka, fikrlash tizimi.
Ko’nikma– shaxsning muayyan faoliyatni tashkil eta olish qobiliyati.
Malaka – muayyan harakat yoki faoliyatni bajarishning avtomatlashtirilgan shakli.
Maqsad (o’qish, bilim olish maqsadi) – ta’limning nimaga intilayotgani, uning urinishlari yo’naltirilgan.
Mazmun (ta’lim, bilim olishning mazmuni)– ta’lim jarayonida o’quvchi egallab olishi zarur bo’lgan ilmiy bilimlar, amaliy ko’nikma va malakalar, faoliyat hamda fikrlash usullarining tizimi.
Ma’lumot – ta’lim-tarbiya natijasida o‘zlashtirilgan va tizimlashtirilgan bilim, hosil qilingan ko‘nikma va malakalar hamda tarkib topgan dunyoqarash majmui.
Rivojlanish – shaxsning fiziologik va intellektual o‘sishida namoyon bo‘ladigan miqdor va sifat o‘zgarishlar mohiyatini ifoda etuvchi murakkab jarayon.
Tashkil etish – didaktik jarayonni aniq mezonlar asosida tartibga solish, qo’yilgan maqsadni amalga oshirish uchun unga zarur shaklni berish.
Shakl(yunoncha, forma - tashqi ko’rinishi, qobig’i) – o’quv jarayonining mavjudligini ta’minlovchi usul, uning ichki mantig’i, mohiyati va mazmuni uchun qobig’idir. SHakl sinfdagi o’quvchilarning soni, ta’lim o’rni hamda vaqti, uni amalga oshirish tartibi va shu kabilarga bog’liq bo’ladi.
Metod(yunoncha metodos – yo’li, usuli)- ta’lim maqsadi va vazifasiga erishish (uni amalga oshirish) yo’li.
Vosita - o’quv jarayonini predmetli ta’minlash (pedagogning nutqi, darslik, o’quv qo’llanmalari, ko’rsatmali qurollar, sinfdagi jihozlar, texnik vositalar, o’quv qurollari va boshqalar vosita hisoblanadi).
Natija (ta’lim mahsuli) – ta’lim nimaga erishishini qayd etuvchi tushuncha, o’quv jarayonining oqibati, belgilangan maqsadni amalga oshirish darajasi.
Didaktik nazariya (konsepsiya)lar va ularning falsafiy asoslari
Tadqiqotchilar mavjud didaktik konsepsiya (tizim)larni umumlashtirib quyidagi guruhlarga ajratadilar: an’anaviy; progressiv; zamonaviy.